Respublika oliy ta’lim muassasalarining reytingini baholash bo‘yicha ishchi komissiyasini tuzish to‘g‘risida
14.08.2013
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi
Xalqaro tajriba, talablar va standartlarni hisobga olgan holda mamlakat oliy ta’lim muassasalarining ilmiy-pedagogik faoliyati reyting bahosini xolisona aniqlash prinsiplari, yondashuvlari va mezonlarini sinov tarzida aprobatsiya qilish maqsadida:
1. Buning uchun ilovaga muvofiq tarkibda Ishchi komissiyasi tuzilsin.
2. Ishchi komissiyasi (B.Yu.Xodiyev) ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 29-dekabrdagi 371-sonli qarori bilan belgilangan oliy ta’lim muassasalari tuzilmasi reyting baholari tizimi ballarining ko‘rsatkichlari va darajasini, ularning xalqaro mezonlar va standartlarga mosligi, oliy o‘quv yurtlari ilmiy hamda pedagogik faoliyati darajasi va sifatini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida talab qilinayotgan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadli vazifalarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqsin.
Bunda oliy o‘quv yurtlari ilmiy-pedagogik faoliyatining quyidagi eng muhim mezonlariga alohida e’tiborni qaratib, yuqori ballar belgilansin:
chet ellardagi oliy o‘quv yurtlari bilan qiyoslaganda o‘qitish saviyasi va sifati, professor-o‘qituvchi kadrlarning malaka darajasi, ularning o‘qitishni xalqaro talablar darajasida ta’minlaydigan zamonaviy pedagogik texnologiyalarni egallaganligi, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilarining chet el oliy o‘quv yurtlarida ma’ruzalar o‘qishdagi ishtiroki;
oliy o‘quv yurtlarini bitirib chiqqanlarning mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashuv darajasi va oliy o‘quv yurtlarining kadrlar tayyorlanayotgan korxonalar bilan ishlashini tashkil etish sifati;
oliy o‘quv yurtlarida o‘tkazilayotgan ilmiy-tekshirish ishlarining samaradorligi, eng avvalo eksperimental-laboratoriya bazasining holati, ularning zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanish darajasi, korxonalar, ilmiy-tadqiqot institutlari va konstruktorlik byurolari bazasida ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish.
3. Ishchi komissiyasi (B.Yu.Xodiyev):
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda 2013-yilning 1-noyabriga qadar muddatda yuqori bosqich talabalarining maxsus soha fanlari bo‘yicha bilimlari darajasini va oliy o‘quv yurtida mutaxassislar tayyorlash sifatini baholash uchun darslarni o‘zlashtirish saviyasini aniqlash maqsadida tanlab olib test sinovlaridan o‘tkazsin;
ekspert guruhlari ishtirokida 2013-yilning 1-dekabriga qadar muddatda eksperiment tariqasida 2-bandda bayon etilgan prinsip va mezonlar asosida oliy ta’lim muassasalarining reytingini baholasin;
o‘tkazilgan ishlarning natijalari bo‘yicha 2014-yilning 1-yanvariga qadar muddatda oliy o‘quv yurtlari reytingini baholash tizimi va metodikasini, shuningdek, ular faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar bilan birga yakuniy axborotni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga taqdim etsin.
4. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.I.Ikromov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi J.G'.Ismoilov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov
Toshkent shahri, 2013-yil 14-avgust
Do'stlaringiz bilan baham: |