TAFAKKUR (ar. fikr yuritish, o‘ylash, fikrlash) Obyektiv voqelikning tasavvur, tushuncha va muhokamadagi faol in`ikos jarayoni, insonning fikrlash qobiliyati; fikrlash. Til tafakkur bilan bevosita bog‘liqdir.
TAGMA’NO Matnning bevosita mazmuniga muvofiq kelmaydigan, kontekst doirasida va muloqot subyektlariga ma’lum bo‘lgan muayyan shart asosidagina voqe bo‘luvchi ma’no. Masalan, A. Oripovning “Sharq hikoyasi” she’rida ota-bolaning orasiga bir yag‘ir eshak tushib, qondoshlikning million yillik rishtalari uzilganligi aytiladi. Aslida she’rning tagma’nosi boshqa: qildan qiyiq axtarib, har qanday holatda ham odamni ayblaydigan, gap-so‘z qiladigan kishilar odamlarning orasini buzadi. Umuman badiiy adabiyotdagi tagma’no ko‘proq ramziy obrazlar (masalan, Oybek “Na’matak”), narsa-hodisalar orasidagi analogiyalar (masalan, tarix – zamona), assotsiativ aloqalar (masalan, tabiat – jamiyat) asosida yuzaga chiqadi.
TAJNIS ( arab. – oʻxshash, shaklan oʻxshash, hamjins, hamshakl) Ogʻzaki va yozma adabiyotdagi badiiy sanʼatlardan. Tajnisda omonimlar nozik soʻz oʻyinlarini yaratishga imkon beradi. Sharq badiiyot ilmida tajnisni lafzdoshlik darajasi va imlosiga qarab bir necha turlarga ajratganlar. Agar tajnis birikma lafzdoshligiga asoslangan boʻlsa “tajnisi murakkab” (masalan: yoqildi – yo qildi, yozaman – yoza men), agar tajnisning tuzilishi bir xil boʻlib, yozilishi har xil boʻlsa “tajnisi lafz” deb atalgan. Oʻzbek adabiyotida tajnisni sheʼriy sanʼat sifatida ishlatishning 7 turi borligi qayd etilgan. U ayniqsa yozma sheʼriyatning deyarli barcha janrlarida badiiylikni yuzaga keltirish, soʻz oʻyinlari qosil qilish, soʻz maʼnolarining xilma-xil tovlanishlarini namoyish qilish maqsadlarida qoʻllangan. Mumtoz sheʼriyatda qofiyalarida tajnisli (omonimli) soʻzlar ishlatilgan noma, gʻazal, qit’a, tuyuq, fard koʻp. Shoirlar sheʼrda, misra yoki baytda bir-biriga shaklan oʻxshash, jinsdosh soʻzlarni turli maʼnolarda qoʻllashib, chiroyli tajnislar yaratganlar. Ayniqsa, tajnis turkiy xalklar sheʼriyatining oʻziga xos janrlaridan biri boʻlgan tuyuqlarda keng qoʻllangan.
Boʻldi chun umring kunining vaqti tush,
Nafsi sargasht otini koʻp chopma, tush.
Xobgoh etgil qanoat manzilin,
Yoʻqsa hargiz koʻrmagingdir rost tush.(Ogahiy).
Birinchi misradagi “tush” kunning tush paytini, kishi umrining oʻrtasini; ikkinchisi otdan tush – yoshingni oʻylab ish qil, insofga kel; uchinchisi uyquda tush koʻrmoq maʼnolarida ishlatilgan.
TANBIH ar.- 1.nojo‘ya xatti-harakat uchun beriladigan ta’zir, koyish, ogohlantirish, yoki jazo. 2. hikmat ma’nosida qo‘llangan. Alisher Navoiyning umr bo‘yi kuzatgan hayotiy tajribalarini lo‘nda, qisqa va obrazli qilib, aforistik darajada ifoda etgan hikmatlari. "Mahbub ul-qulub" asarining uchinchi qismi “Mutafarriqa favoyid va amsol surati” (“Turli foydali maslahatlar va maqollar”) tarzida nomlangan bo‘lib, 118 tanbihdan tashkil topgan. Bu tanbihlarda "odam va odamiylik haqida, chin insoniy fazilatlar to‘g‘risida asrlar mobaynida xalq tajribasi va bilimining qaymog‘i sifatida yig‘ilgan fikrlar, shuningdek, Navoiyning uzoq hamda murakkab haet tajribalarining natijalari, xulosalari keltirilgandir. Navoiyning o‘zi qayta-qayta takrorlagan "oz so‘z-soz so‘z" hikmatiga to‘la rioya qiladi va hech qanday mubolag‘asiz aytish mumkinki, deyarli xar bir jumla ta’kid va tanbih aforistik xarakterga ega bo‘lgan hikmat va donolik namunalarini yaratadi.
TAQVIM (ar. to‘g‘rilash, tuzatish; baholash; kalendar) 1 esk. Sayyora (planeta)larning holat va harakatlarini ko‘rsa-tuvchi yillik jadval; yulduzlar jadvali.
2. Yilning barcha oy-kunlari tartibi bilan ko‘rsatilib, boshqa turli xil qiziqarli ma’lumotlar ham berilgan jadval yoki kitobcha. Stol taqvimi. Yirtma taqvim.
Do'stlaringiz bilan baham: |