F
FANTASTIK Fantaziyaga (q. fanta-ziya) asoslangan; fantastikaga oid; bor-likdagi voqea va hodisalar notabiiy ravishda, mubolag‘a bilan tasvirlanadigan. Fantastik roman.
FANTASTIKA ot (yun. phantastike – xayolan tasvirlash sanʼati) Haqiqatda mavjud bo‘lmagan, taxayyul kuchi bilan tasavvurdagina yaratilgan narsa-hodisalar tasviri, shunga asoslanuvchi adabiy asarlar jami. Ayrim oʻrinda fantastika realizm bilan ham qoʻshilib ketadi. Fantastikaning shakli mifologik tushunchalarni, ertaklarni tasvirlashda koʻrinadi. Inson tasavvurida hayron qoldirarli xayoliy obrazlar va hodisalar, toʻqima holatlar, ajoyibotlar olami badiiy asarda voqelikka, hayot haqiqatiga qarama-qarshi qoʻyib tasvirlanadi. Fantastikaning adabiyot, sanʼatning boshqa tur va janrlaridan farqi shuki, uning tasvir sohasi amalda mavjud boʻlgan hayot emas, balki turmush haqidagi umumiy tasavvurdan kelib chiqadigan hayotdir. Shuning uchun hamma narsa va hodisalar jiddiy oʻzgargan, boʻrttirilgan, taajjublantiradigan darajada boʻladi. Fantastikaning maqsad va vazifalari faqat inson orzusini emas, balki kelajakda kutiladigan xatardan ogoh qilish, estetik zavq berish hamdir. Fantastika koʻpincha xalq ogʻzaki ijodida uchraydi. Lof, latifalar va dostonlarda fantastikani oʻta boʻrttirilgan shaklda kuzatish mumkin (“Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”, “Manas” va boshqalar). Gomerning “Iliada” dostoni, M. Servantesning “Don Kixot” asari, F. Rablening “Gargantyua yoki Pantagryuel” hajviy asari, J. Sviftning “Gulliverning sayohatlari”, A. Dantening “Ilohiy komediya”si, M. Tvenning “Tom Soyerning sarguzashtlari", Gyotening “Faust”, M. Bulgakovning “Ityurak” va boshqa asarlari fantastika yoʻnalishining ajoyib namunalari sanaladi. K. Chukovskiyning ertaklari, A. Kazansevning “Yonuvchi orol”, A. Grinning “Alvon yelkanlar” asarlari, X. K. Andersenning ertaklari ham kattalarga va bolalarga mos fantastika janrida yozilgan. Hozirgi zamon chet el badiiy fantastikasining namoyandalari sifatida yaponiyalik Kabo Abe, amerikalik Ayzek Azimovni, polshalik Stanislav Lem va boshqalarni koʻrsatish mumkin. Fantastika nafaqat adabiyotni, balki faylasuflarning yirik ijodiyotini ham tashkil qiladi. fantastikada obrazlar koʻp hollarda yaxlit mazmunda boʻlsa, yana ayrim oʻrinlarda ramziy maʼno kasb etadi. Hozirgi zamon oʻzbek adabiyotida T. Malikning “Hikmat afandining oʻlimi”, T. Hobilovning “Oyga safar”, X. Toʻxtaboyevning “Sariq devni minib”, “Sariq devning oʻlimi”, Hojiakbar Shayxovning “Rene jumbogʻi” asarlari fantastika janrida yaratilgan. Fantastika badiiy adabiyotdan tashqari folklorda, falsafiy utopiyada, kino va teatrda, tasviriy sanʼatda ham mubolagʻali boʻrttirish bilan aks ettiriladi. Fantastika sujet qurilmalari va ramziy maʼnolarda ifodalanar ekan, muallifning yoki bir davrning dunyoqarashi, turmush tarzi va undagi muammolar moʻjizali, gʻayritabiiy shaklda tasvirlanadi.
FELETON (frans. feuilleton < feuille – varaq, varaqa) Badiiy-publitsistik janr. Ijtimoiy hayot masalalarini satira va yumor vositasi bn, yaʼni ijtimoiy kulgi asosida yoritadi hamda ijtimoiy tanqid uchun xizmat qiladi.Felyeton hajviy publitsistikaning alohida janri boʻlib, ijtimoiy hayotda muhim oʻrin tutadi. Mazkur janrning asosiy vazifasi jamiyat hayotining ijtimoiysiyosiy, iqtisodiyi. ch. va madaniymaʼnaviy tomonlarini qamrab olgan holda oʻzida aks ettirish, mazkur sohalarda uchraydigan kamchilik, nuqson, ijtimoiy illatlarni fosh etish, bu kamchilik va nuqsonlarning tugatilishiga erishish, binobarin, jamiyat hayotining taraqqiyotiga ijobiy taʼsir kursatishdan iborat. Felyetonning tanqidiy maqola va boshqa janrlarga oid materiallardan farqi – uning hajviy publitsistika qonuniyatlariga asoslanishi, yaʼni ijtimoiy kulgi, satira va yumor vositalariga tayanishidadir. Ijtimoiy kulgining xil va koʻrinishlari turlicha boʻlib, ular orasida kinoya, piching , xazil, yengil kulgi kabilar bilan bir qatorda zaharxandali kulgi, ijtimoiy masxaralash, grotesk (ataylab boʻrttirilgan kulgi) kabi hajv vositalari ham mavjud. Felyetonda ijtimoiy kulgining ana shu serqirra usullaridan keng foydalaniladi.
FETISH (fr. fetiche – but, sanam < port. fetico – tumor; sehrgarlik) 1. Ibtidoiy qabilalar muqaddas, gayritabiiy kuchga ega, deb sig‘ingan, topingan jonsiz narsa.
2. ko‘chma Ko‘r-ko‘rona ishonib, qattiq yopishib olingan narsa, g‘oya va sh. k.
Do'stlaringiz bilan baham: |