2-topshiriq: "O'zbekiston yoshlari, diniy ekstremizm va terrorizma tahdidig qarshi" mavzusida esse yozing!
Urushlar barcha zamonlarda bo‘lgani kabi bugungi kunda ham davom etmoqda, faqat bu urushlarning shakli va mohiyati o‘zgargan xolos. Bugungi kunda muqaddas dinimizga qiziqish ortib bormoqda. Buning asosiy sabablaridan biri dinimizning haqqoniyligi va ezgulikka yo‘g‘rilganligidir. Ammo dinimizni niqob qilgan “al-Qoida”, “Musulmon birodarlar”, “Hizbut-tahrir” singari tashkilotlar borki, ularning vakillari Islomdan yiroq, Alloh la’natlagan “mo‘min”lardir. Yurtboshimiz aytganidek, jamiyatning qayeridadir bo‘shliq bo‘lsa, uni to‘ldirishga harakat qiladigan kuchlarning paydo bo‘lishi hech kimga sir emas. Hazrat Ali o‘z bashoratlaridan birida shunday deydi: “Qachon qora bayroqlarni ko‘rsangiz, uyingizdan jilmang. Qo‘llaringiz va oyoqlaringizni qimirlatmang. So‘ng zaif bir qavm chiqadi. Ular e’tiborga sazovor emaslar. Ularning qalblari temirning zangiga o‘xshaydi. Ular mol-mulk sohiblaridir. Ahdga ham, va’daga ham vafo qilmaslar. Haqqa chaqirurlar, lekin o‘zlari haq ahlidin emaslar. Ismlari laqablardan iborat. Nisbatlari esa qishloq va shaharlargadir. Sochlari ayollarning sochiga o‘xshab osilib turadi. Ular oxiri borib o‘zaro ixtilof qiladilar va haqiqat qaror topadi”. Ushbu bashorat xuddi bugungi terrorchi guruhlardan biri ISHID ga nisbatan aytilgandek. To‘g‘ri, bu terrorchi guruhlar qachondir tugashi aniq. Biroq oramizdan ketgan qanchadan qancha begunoh insonlarni endi qaytarishning iloji yo‘q. Vayronakor g‘oyalarni o‘zida mujassamlashtirgan bu kuchlarni o‘zimizdan uzoqlashtirmog‘imiz uchun ma’naviyatimizni shakllantirmog‘imiz shartdir. Ma’naviyat shunday kuchga egaki, u insonni ruhan poklanish, qalban uyg‘onishga chorlaydigan, odamning ichki dunyosi irodasini baquvvat, iymon-e’tiqodini butun qiladigan, vijdonini uyg‘otadigan beqiyos kuch, uning barcha qarashlarining me’zonidir. Muqaddas dinimizning har bir farzini bajarish har bir muslum va muslimaning burchidir. Ammo unutmaslik kerakki, Alloh qalbimizda, yuragimizdadir. Har qanday jaholat zulmatini, ma’rifat chirog‘i yorita oladi. Zero, har qanday jinoyat jazoga mahkumdir. Axir hech qaysi muqaddas dinda qon to‘kish degan tushuncha bo‘lmasa kerak, albatta. Lekin inson bo‘la turib, insonning qiylu-qonini elaydigan insonlar ham yo‘q emas. Chunki ular qalb Alloh mulki ekanligini bilishmaydi. Dunyoni go‘zallik va ma’rifat qutqaradi. Bular esa qayerda tinchlik bo‘lsa, o‘sha joyda mavjuddir. Dinning otashi yuzini kuydirishidan qo‘rqmaydigan, insof haqida gapirsa Allohni tilidan qo‘ymaydigan, so‘zi yaltiroq, ichi qaltiroq qo‘shtirnoq ichidagi imomlar jismi bor-u joni yo‘q yog‘och kabidir. Shu narsaga ishonchim komilki, suvga suyangan bu kimsalar, albatta, cho‘kadi. Diniy ekstremizm va terrorizm deb atalmish insoniyat ajalini ilm-u tafakkurimiz, ma’rifatimiz, sabr-u qanoatimiz bilan mag‘lub etamiz. Ey Vatan farzandi, mo‘min yurtdoshim, aslo yurgan yo‘lingdan adashma. Ko‘nglingga va yo‘lingga Alloh nuri yog‘ilsin, zulm-u zalolatdan tamoman yiroq bo‘l. Agar sen o‘zingni musulmonman, mo‘minman desang, o‘zingni faqat ezgu ishlarga chog‘la.
Do'stlaringiz bilan baham: |