Allergik laringit - bu odamning ekzogen va endogen ta’sirlovchilarga nisbatan sezgilarning ortishidir. Burun, halqum, hiqildoq va traxeyaning shilliq qavatlari, odatda, allergenlar bilan ko‘proq bevosita aloqaga kirishadi. Allergik laringitda hiqildoqning nasliy o‘tkir shishlariga moyillik ham aniqlangan. Agar hiqildoq ostida shishlar bo‘lsa, bunda hiqildoqda noqulay sezgilar vujudga keladi, ovoz boylamlarida shish bo‘lsa, fonatsiyaning buzilishi kuzatiladi, ovoz boylamlarida shishlar bo‘lsa, nafas olish jarayonida buzilishlar kuzatiladi.
Ba’zan shishli laringit hiqildoq stenozi bilan birga keladi, u tez yoki to‘satdan rivojlanadi. Bemorda hiqildoqda og‘riqli spazmalar, yo‘tal, yutishda og‘riqlar paydo bo‘ladi. Bunda ovoz o‘zining normal jarangdorligini yo‘qotadi, ovozda kuchli charchash holatlari kuzatiladi.
Hiqildoq periferik parez va falajlari bilan bog‘liq bo‘lgan ovoz buzilishlari quyi hiqildoq shikastlanishi yoki infeksion shikastlanishlarda yuzaga keladi. Bir tomonlama buzilish nisbatan keng tarqalgandir. Shikastlangan tomonda ovoz boylamlarining holati o‘rta (medial), yon (lateral) hamda aytilganlar o‘rtasida (inter-medial) bo‘lishi mumkin. Lateral holatda ovoz buzilishlari nisbatan aniq namoyon bo‘lsa, medial holatda nafas buzilishlari nisbatan aniq namoyon bo‘ladi.
Hiqildoq xarakati funksiyalarining buzilishi ichki muskullarning nevrogen parezlariga olib keladi. Bunda ovoz butunlay yo‘qoladi yoki birdan xirillaydi, nutq jarayonida kuchli toliqish, qalqish, reflektor yo‘tal, nafas olishda qiyinchiliklar kuzatiladi. Ovozdagi qo‘pol buzilishlarning nafas buzilishlari bilan birga namoyon bo‘lishi nuqsonni yanada og‘irlashtiradi.
Hiqildoqning markaziy parez va falajlari bosh miya po‘stlog‘i, miya ko‘prigi, uzunchoq miya, o‘tkazuvchi yo‘llarining shikastlanishiga bog‘liq bo‘ladi. Bolalarda bu holatlar miya falajlanish kasalligida uchrashi mumkin.
Organik ovoz buzilishlariga ko‘pincha o‘smalar va ularni olib tashlangandan keyingi holatlar sabab bo‘lishi mumkin.
Bolalarda ko‘plab patillomalar uchrashi va butun hiqildoqqa tarqalishi hamda olib tashlagandan so‘ng ham paydo bo‘lishi mumkin. Keng qamrovli papillamatoz va ko‘plab qilingan operatsiyalardan so‘ng jarohat chandiqlari nafas olish va ovoz hosil bo‘lishida chuqur nuqsonlarni keltirib chiqaradi. Ushbu kasallikning etiologiyasi va patogenezi hozirgi davrga qadar ochib berilmagan. Nafas olish va ovoz faoliyatining buzilishidan iborat bo‘lgan barvaqt papilomatoz bola nutqi va shaxsi shakllanishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. O‘smaning, hatto ehtiyot qilib bartaraf etilishidan so‘ng ham ovoz apparatining kamchiligi kelib chiqadi. Xafli o‘sma bilan bog‘liq ravishda hiqildoqning to‘liq olib tashlanishi hiqildoqning halqum bilan birlashishi sababli insonni ovozdan mahrum etadi, hamda nafas faoliyatini izdan chiqaradi. Yuqorida bayon etilgan ovoz buzilishlarining barchasi surunkali buzilishlarga kirib, mustaqil ravishda yo‘qolmaydi.
Ovoz buzilishlari, qonunga ko‘ra nutq tizimi shakllanishiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Faqatgina ilk davr og‘ir patologiyasigina nutq rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Bu ba’zan nutq shakllanishiga qadar kasallikka chalingan bolalarda kuzatilishi mumkin. Ko‘plab o‘tkazilgan operatsiyalar, ovoz yo‘qligida tabiiy yo‘llar orqali nafas olishning buzilishi bolaning somatik zaifligini keltirib chiqaradi, hamda psixik va nutqiy rivojlanish sustlashishi, his-hayajonli iroda doirasidagi nuqsonlarga sabab bo‘lishi mumkin. Bolalar o‘zlarining nuqsonlarini sezib, muloqotga tez kirishmaydigan qaysar, o‘zini tuta olmaydigan bo‘lib qoladilar.
Ular to‘g‘ri tovush talaffuzini qiyinchiliklar bilan o‘zlashtiradilar. Ovoz buzilishlarining nisbatan yengil holatlarida bolalar o‘z kamchiliklariga xotirjam munosabatda bo‘ladilar. Ba’zilari esa o‘z kamchiliklariga tanqidiy munosabatda bo‘ladilar, hamda uni bartaraf etishga intiladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |