Aylanma mablag’lar aylanishini tezlashtirish yo’llari
Aylanma mablag’lar aylanishini tezlashtirish nafaqat korxona uchun, balki butun xalq xo’jaligi uchun ham katta ahamiyat kasb etadi. U resurslarning nisbiy ozod qilinishi, ijtiomiy xarajatlarning kamaytirilishiga ko’maklashadi va iqtisodiy rejalashtirish sur’atini oshiradi.
Korxona aylanma mablag’laridan samarali foydalanish uchta asosiy ko’rsatkichni tavsiflaydi:
1)aylanish koeffitsienti;
2)aylanma mablag’larning yuklanish koeffitsienti;
3)vositalarning bir marta aylanishi davomiyligi.
Aylanish koeffitsienti korxona aylanma mablag’larining ma’lum bir vaqt (yil, chorak) davomida amalga oshiruvchi aylanishini tavsiflaydi yoki aylanma mablag’larning har 1 so’miga to’g’ri keluvchi sotilgan mahsulotlarni ko’rsatadi. U quyidagi formula asosida hisoblab topiladi:
Ka = Rm : Sa
Bu erda:
Rm –sotilgan mahsulot hajmi, pul o’lchovida;
Sa – aylanma mablag’larning o’rtacha qoldiq hajmi, pul o’lchovida (aylanma mablag’lar normativi).
Misol. Korxonaning bir yil mobaynida sotilgan mahsulotlari hajmi 800 mln so’mni tashkil qiladi. Bu holda aylanma mablag’lar normasi 200 mln so’mni tashkil qiladi. Demak Ka = 4,4 (880:200).
Aylanma mablag’larni yuklanish koeffitsienti aylanish koeffitsientiga teskari bo’lgan qiymatdir. U sotilgan har 1 so’m mahsulotga sarflangan aylanma mablag’larni tavsiflaydi hamda quyidagi formula asosida hisoblab topiladi:
Kyu = Sa : Rm
Bir marta aylanish davomiyligi kunlarda o’lchanadi hamda shu davrdagi kunlar sonini aylanish koeffitsientiga nisbati orqali quyidagi formula asosida hisoblanadi:
T = D : Ka
Bu erda:
D - shu davrdagi kunlar soni (360, 90).
Aylanma mablag’larning to’liq aylanish muddati qanchalik kichik yoki bu aylanishlar soni qanchalik ko’p bo’lsa, aylanma mablag’lar shunchalik kam talab qilinadi va aksincha, aylanma mablag’lar qanchalik tez aylanishda bo’lsa, shunchalik samarali ishlatiladi.
Bugungi kunda aylanma mablag’larda, ayniqsa, korxonalarning moddiy-tovar boyliklarida band bo’lgan yirik miqdordagi pul mablag’lari ularning to’liq saqlanishiga e’tibor qaratish, ulardan maqsadlarga muvofiq va samarali foydalanish, shuningdek, ularning aylanishini tezlashtirishni talab qiladi. Korxonalar oldiga qo’yilgan vazifalarni bajarish quyidagilarni amalga oshirishni talab qiladi:
fan-texnika taraqqiyoti yutuqlarini keng qo’llash;
ishlab chiqarishning barcha jarayonlarida ilmiy jihatdan asoslangan norma va normativlar tizimini yaratish;
korxonalarni uzoq muddatli xo’jalik aloqalari yuritishga o’tkazish va kooperatsiya qilishni rivojlantirish;
mahsulotlar, moliyaviy, moddiy va kuch-quvvat resurslarining sifat balansini tuzish;
boshqarish tizimini tashkil etishning va rag’batlantirishning optimal shakllarini qo’llash.
Aylanma mablag’larning aylanishini tezlashtirish uchun kurashda har bir korxona ularning ishlab chiqarish va muomalada bo’lish muddatini qisqartirishga erishishi zarur. Gap shundaki, aylanma mablag’larning muomala sohasida sekin harakatlanishi korxonaning bu vositalardan ishlab chiqarishda foydalanishda erishgan yutuqlarini yo’qqa chiqarishdan tashqari, ularning umumiy aylanishini ham sekinlashtirishi mumkin. Shu sababli tayyor mahsulotni iste’molchiga etkazib berishni tezlashtirish yoki mahsulotni realizatsiya qilish muddatini qisqartirish ham aylanma mablag’larning aylanishini tezlashtirishning muhim yo’li hisoblanadi.
Aylanma mablag’larning aylanishini tezlashtirish samarasi, ulardan foydalanishni yaxshilash tufayli kamroq iste’mol qilinishi yoki qisman ozod qilinishida aks etadi. Aylanma mablag’lar mutlaq yoki nisbiy ozod qilinishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |