Buyrak usti bezlari – juft organlar bo’lib, ular buyraklarni ustida unchalik katta bo’lmagan tanachalar shaklidagi hosilalardir. Ularning har birining massasi 8-10 g.dan keladi. Har bir buyrak usti bezi ikki qatlamdan iborat bo’lib kelib chiqishi, tuzilishi va funksiyasi jihatidan bir-biridan farq qiladi: tashqi–po’stloq va ichki-mag’iz qavatlardan iboratdir.
Buyrak usti bezining po’stloq qavatidan steriodlar guruhiga kiruvchi 40 dan ortiq moddalar ajratib olingan, bular – kortikosteriodlardir (yoki kortikoidlar). Buyrak usti bezining po’stloq qavatidan asosan uchta guruhga mansub gormonlar ishlab chiqiladi: 1) glyukokortikoidlar – moddalar almashinuviga, ayniqsa uglevodlar almashinuviga ta’sir qiluvchi gormonlar. Bu guruhga gidrokortizon, kortizon va kortikosteron gormonlari kiradi Ko’pgina adabiyotlarda glyukokortikoidlar, immun tanachalarni hosil bo’lishini to’xtatishi xususiyatiga ega ekanligi qayd qilingan, ana shu xususiyati sababli ham, ulardan organ va to’qimalarni transplantatsiya qilishda foydalanish uchun asos bo’lib xizmat qiladi. Glyukokortikoidlar yallig’lanishga qarshi ta’sir ko’rsatish xususiyatiga ega bo’lib ayrim moddalarga yuqori sezuvchanligini pasaytiradi: 2) mineralokortikoidlar. Ular asosan minerallar va suv almashinuvini boshqaradi. Bu guruh gormonlariga aldosteron kiradi; 3) androgenlar va esterogenlar: - erkaklik va ayollik jinsiy gormonlarini analoglari hisoblanadi. Bu gormonlar jinsiy gormonlarga nisbatan uncha faol bo’lmagan bo’lib, juda kam miqdorda ishlab chiqiladi.
Buyrak usti bezlarining gormonal funksiyasi gipofizning faoliyati bilan chambarchas bog’liq. Gipofizning adrenokortikotrop gormoni glyukokortikoidlarni sintezlanishini stimullaydi va kam darajada –androgenlarga ham ta’sir ko’rsatadi.
Buyrak usti bezining mag’iz qatlami ta’sir qilish xususiyatiga ko’ra simpatik asab tizimiga o’xshash ta’sir ko’rsatuvchi gormonlar ishlab chiqaradi. Mag’iz qatlamining hujayrali xromli tuzlar bilan sariq rangga bo’yalish xususiyati bilan buyrak usti bezining boshqa hujayralaridan farq qiladi. Bunday xromofinli hujayralar adrenalin va uning hosilalarini ishlab chiqaradi.
Adrenalin – eng tez ta’sir qiluvchi gormonlardan biri hisoblanadi. U qon aylanishini tezlashtiradi, yurakning qisqarishini kuchaytiradi va tezlashtiradi, o’pka orqali nafas olishni yaxshilaydi, bronxlarni kengaytiradi, muskullarni qisqarishini oshiradi, jigarda glikogenni parchalanishini oshirib, qondagi qand miqdorini ko’paytiradi va muskullarni tez charchab qolishini oldini oladi. Adrenalinning bu barcha ta’sirlari bitta umumiy natijaga- organizmning barcha kuchini og’ir mehnatni bajarishga safarbar qilishdan iborat bo’ladi.
Buyrakusti bezining xromafinli hujayralari bilan simpatik asab tizimining uzviy bog’liqligi adrenalinning barcha holatlarda juda tez ajralishini, bu qaysiki odam hayotida undan juda tez yuqori kuchlanishga ega bo’lgan kuch talab qilinganida yuzaga keluvchi holatdir.
Me’daosti bezi, me’daning orqasida, o’n ikki barmoqli ichak bilan bir qatorda joylashgan. Bu bez aralash funksiyaga ega bezlardan hisoblanadi. Endokrin funksiyalarni me’daosti bezining orolchalar shaklidagi hujayralari bajaradi. Ana shu sababli ham gormon insulin deb atalgan (lot insula - orolcha degan ma’noni anglatadi).
Insulin asosan adrenalin gormoniga qarama-qarshi uglevodlar almashinuviga ta’sir ko’rsatadi. Agarda adrenalin jigarda mavjud bo’lgan uglevodlarni tezgina harajat bo’lishiga imkon yaratsa, insulin aksincha uglevodlar zahirasini saqlab qolishga va yanada to’ldirishga imkon yaratadi.
Insulin ishlab chiqarilishini kamayishiga olib keluvchi ma’daosti bezi kasallanganida organizmga tushayotgan uglevodlarning katta qismi unda ushlab qolinmaydi va siydik bilan chiqarib yuboriladi. Bu esa qandli diabet kasalligiga olib keladi.
Diabetning xarakterli belgilaridan bo’lib – doimiy ravishda och qolish, chidab bo’lmaydigan chanqoqlik, katta miqdorda siydik ajralishi va tinimsiz oriqlab ketish hisoblanadi.
Bolalarda qandli diabet kasalligi 6 dan 12 yoshgacha bo’lgan davrda, ayniqsa o’tkir infeksion kasalliklardan keyin (qizamiq, suv chechak, tepki) aniq bo’ladi. Kasallikni rivojlanishi ovqatlarni ko’p, ayniqsa uglevodlarga boy bo’lgan ovqatlarni ko’plab yeyishga sababchi bo’ladi.
Insulin o’zining kimyoviy tabiatiga ko’ra oqsilli modda hisoblanadi, qaysiki kristallar shaklida ajratib olishga erishildi. Uning ta’siri ostida qand molekulalaridan glikogenning sintezlanishi va glikogen zahiralarini jigar hujayralarida o’tirishini ta’min etadi. Shu bilan birga insulin to’qimalarda oksidlanishini ta’minlaydi va shu yo’l bilan uning to’lig’icha o’zlashtirilishini ta’minlaydi.
Adrenalinli va insulinli ta’sirlarni o’zaro aloqasi tufayli qonda qandning organizmni mutadil holati uchun zarur bo’lgan ma’lum darajadagi miqdori saqlab turiladi.
Ayrisimon bezni yana timus ham deb yuritadilar. Bu juft organlar bo’lib tush suyagining orqasida joylashadi. Hozirgacha timusni endokrin bezlar qatoriga kiritish munozarali bo’lib qolmoqda, chunki bezning gormoni toza shaklda ajratib olinmagan. Ko’pchilik tadqiqotchilar ayrisimon bezni endokrin bezlar qatoriga kiritishmoqda. Bu bez o’zining eng yuqori darajadagi rivojlanishiga 11-13 yoshda yetadi va bu paytda uning massasi 35-40 g ga yetadi, shundan keyin uning teskari rivojlanishi kuzatiladi. Voyaga yetgan odamlarda esa, endokrin funksiyasiga ega bo’lgan ayrim qismlarigina yog’ to’qimalari orasida saqlanib qoladi.
Taxmin qilishlaricha, ayrisimon bezning gormoni limfositlarni yetilishida ishtirok etadi. Ayrisimon bezi olib tashlangan hayvonlarning qonidagi limfositlarni miqdori 60-70 % gacha kamayadi, limfa tugunlarini va taloqni o’lchami 2 martaga kichrayadi.
Tug’ilganidan keyingi birinchi kundanoq ayrisimon bezni olib tashlanishi, organizmni immun xususiyatlarini keskin zaiflashishini chaqiradi, antitanalar hosil bo’lmaydi.
Ayrisimon bezi tug’ma holda rivojlanmagan bolalarda keskin limfositlar yetishmasligi rivojlanadi, qonda antitanalar hosil bo’lishi bilan bog’liq bo’lgan gamma-globulin bo’lmaydi. Bunday bolalar odatda 2-5 oylik yoshida halok bo’ladilar.Ta’kidlashlaricha, ayrisimon bez bilan jinsiy bezlar orasida ma’lum darajadagi o’zaro bog’liqlik mavjud: ayrisimon bez jinsiy bezlar faolligini tormozlaydi, jinsiy gormonlar esa ayrisimon bezni massasini sekin-asta kichiklashishini, uning funksiyasini keskin pasayishini chaqiradi.
Jinsiy gormonlar aralash bezlar qatoriga kiruvchi jinsiy bezlar bilan ishlab chiqiladi.Androgenlar deb ataluvchi erkaklik jinsiy gormonlari urug’donlarning maxsus hujayralari bilan ishlab chiqiladi. Ular urug’donlar ekstraktidan hamda erkaklar siydigidan ajratib olingan.
Haqiqiy erkaklik jinsiy gormoni bo’lib testosteron va uning hosilasi – androsteron hisoblanadi. Ular jinsiy apparatlarni rivojlanishini va jinsiy organlarni o’sishi, ikkilamchi jinsiy bezlarni rivojlanishini, tovushni rivojlanishini, halqum, skelet muskulaturasini, yuz va tanada junlarni o’sishini ta’minlaydi.
Gipofizning follikulalarni stimullovchi gormoni bilan birgalikda testosteron spermatogenezni (spermatozoidlarni yetilishi) faollashtiradi.
Urug’donlarning erta (yoshlikdan) yoshda giperfunksiyasida barvaqt jinsiy yetilish qayd qilinadi, tana juda tez o’sadi va ikkilamchi jinsiy belgilari rivojlanadi. Yoshlik paytidanoq urug’donlarning jarohatlanishi yoki ularning olib tashlanishi (axtalash) jinsiy organlarning o’sishini va rivojlanishini to’xtatadi, ikkilamchi jinsiy belgilar rivojlanmaydi, suyaklarning uzunlikga o’sish davri uzayib ketadi, jinsiy intilish yo’qoladi, jinsiy organlarni jun bilan qoplanishi juda siyrak bo’ladi yoki umuman bo’lmaydi. Yuzda junlar o’smaydi, tovush umr davomida jarangdor, baland bo’lib qoladi. Gavda kalta va uzun qo’l va oyoqlar yevnuxlarga xarakterli ko’rinishni beradi.
Tuxumdonlarda ayollik jinsiy gormonlari (estrogenlar) ishlab chiqiladi. Estrogenlar jinsiy organlarni rivojlanishiga, tuxum hujayrasini hosil bo’lishiga ta’sir ko’rsatib, tuxum hujayrasining otalanish jarayoniga tayyorlanishini ta’minlaydi, bachadonni esa – homiladorlikga, sut bezlarini bolani oziqlantirishga tayyorlaydi.
ayollarning asosiy jinsiy gormoni bo’lib estradiol hisoblanadi. Moddalar almashinuvi natijasida jinsiy gormonlar turli-tuman mahsulotlarga aylanadi va siydik bilan ajraladi, undan ularni sun’iy ravishda ajratib olinadi. Ayollik jinsiy gormonlariga – homiladorlik gormoni – progesteron (sariq tana gormoni) ham kiradi.
Tuxumdonlarning giperfunksiyasi aniq namoyon bo’luvchi ikkilamchi jinsiy belgilar va menstruasiya bilan kechadigan juda erta jinsiy yetilishni chaqiradi. Qiz bolalarning 4-5 yoshida ham jinsiy yetilish holati haqida yozilgan maqolalar mavjud.
Butun umr davomida jinsiy gormonlar gavdaning shakllanishiga, moddalar almashinuviga va jinsiy axloqga juda kuchli ta’sir ko’rsatadi.
Aim.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |