4-§. Mamlakat rivojining istiqbollari
Har qanday davlatning tashqi va ichki siyosatining samarasi ko‘p jihatdan yaqin va uzoq maqsadlarni belgilash, mamlakat istiqbolini aniq bashorat qila olishi bilan bog‘liq. O‘zbekistonga tadbiqan hozirgi bosqichda, uning yaqin istiqbolini aniqlash bozor munosabatlariga tadrijiy, bosqichma-bosqich o‘tish bilan aloqador. Har qaysi bosqichda mamlakat rivojining o‘z maqsadlari, vazifalari va ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilanadi.
Bir qator rasmiy hujjatlarda uzoq muddatli maqsad va istiqbollar haqida ham fikr yuritilgan. Xususan, ularda yaqin kelajakda respublikamizni rivojlangan mamlakatlar qatoriga ko‘tarish vazifasi qo‘yiladi. Sovet Ittifoqi barham topgandan so‘ng uning hududida vujudga kelgan davlatlar, jumladan O‘zbekiston maqomi qandaydir noaniq bo‘lib qoldi. Goho ularni postsovet, postsotsialistik davlatlar deb atashadi. Bunday ta'rif – ikki qutbli dunyo, sotsialistik va kapitalistik tizimlarga berilgan nisbat natijasidir.
Ammo tasniflashning bundan boshqa asoslari ham mavjud. Iqtisodiy rivojlanish darajasiga qarab yuksak, o‘rta va kam rivojlangan mamlakatlar farqlanadi. Rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarga ham bo‘lish mavjud. Shu borada iqtisodiy ko‘rsatkichlardan tashqari, inson huquqining himoyasi, turmush darajasi, kishilarning ma'naviy ehtiyojlarini qondirilishi kabi ko‘rsatkichlar ham hisobga olinadi. Agar ushbu mezonlardan kelib chiqilsa, O‘zbekistonni Osiyodagi tez sur'atlar bilan rivojlanayotgan yangi industrial mamlakatlardan orqada qoluvchi, o‘rtacha rivojlangan osiyo mamlakatlari qatoriga kiritish mumkin. Ko‘pgina mezonlarga qarab, O‘zbekistonni rivojlanayotgan mamlakatlar qatoriga kiritish ham mumkin. Rivojlangan mamlakatlar darajasiga ko‘tarilish uchun, avvalo, bozor munosabatlari uzil-kesil qaror topishi, o‘tish davri yakunlanishi kerak. Muvofiq ravishda iqtisodiyotda tizimiy qayta qurishni, texnik va texnologik modernizatsiyani amalga oshirish, demokratiyalashtirish jarayonlarini tegishli darajaga yetkazish va fuqarolik jamiyatini barpo etish, kishilarning turmush darajasini yuksaltirish lozim. Umuman olganda, bu hal etilishi mumkin, lekin muayyan vaqt va katta mas'uliyatni talab etadigan vazifadir.
Mamlakatimizda «Kelajagi buyuk davlat»ni qurish bilan bog‘liq uzoq istiqbolga mo‘ljallangan vazifalar ham belgilangan. Shu munosabat bilan «buyuk davlat» tushunchasiga aniqlik kiritish lozim. Turli davrlarda buyuk davlat turlicha talqin etilgan. Industrlashganga qadar bo‘lgan davrda eng buyuk davlat deganda, juda katta hududlarni nazorat qilgan va ko‘pchilik aholini jamlagan davlatlar tushunilgan. Bunga Rim imperiyasi, Arab xalifaligi, Temur imperiyasi, Usmoniylar imperiyasi, Britan imperiyasi va boshqalar kiritilgan.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng hududiy va demografik omillar o‘rnini harbiy, ayniqsa yadroviy kuch-qudrat egallay boshladi. «Qudratli davlat» tushunchasi paydo bo‘ldi, uning mezoni yadroviy qurolning soni va sifati bilan belgilandi. Yadroviy qurolni qo‘llash tahdidi orqali qudratli davlatlar – SSSR va AQSh – bir qator davlat va hududlarni mafkuraviy, siyosiy, iqtisodiy jihatdan o‘zlariga bo‘ysundirishga harakat qildilar. Jahon bir-biriga qarama-qarshi ikki blokka ajralib qoldi. Insoniyatning o‘z-o‘zini yo‘q qilish havfi haqiqatga aylandi. Ammo insoniyat o‘z-o‘zini saqlab qolishning ichki imkoniyatlarini ishga sola boshladi. Natijada ikkiqutbli tizim barham topdi.
Hozirgi davrga kelib, u yoki bu mamlakatning buyukligini belgilashda iqtisodiy ko‘rsatkichlar asos bo‘lmoqda. Olimlar tomonidan «iqtisodiy muvaffaqiyat omili»ni belgilovchchi mezon sifatida, xususan energiyani iste'mol qilishning nisbiy ulushi tushunchasi ishlab chiqilgan va qabul qilingan. Agar mamlakatda energiyani jon boshiga iste'mol qilinishi muayyan tabiiy shart-sharoitlar (iqlim, hudud, relef va hokazolar)ga mos kelsa, uning armiya yoki boshqaruv apparatini ta'minlash, nafaqaviy yoki tibbiy xizmatni ko‘rsatish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelmaydi, ya'ni davlat mexanizmi oqilona faoliyat ko‘rsatib turadi445. Umuman olganda, insoniyat sivilizatsiyasi, fan, texnika, texnologiyalar rivojlanib borgan sari har qanday davlatning buyukligi xalqning turmush farovonligi va madaniyati darajasi, inson huquqlarining ta'minlanishi va shaxs erkinligi bilan aynanlashib boradi. Agar shunday talqindan kelib chiqilsa, O‘zbekistonda buyuk davlatning qurilishi har tomonlama ro‘yobga chiqarish mumkin bo‘lgan vazifadir. Mamlakatning qulay geosiyosiy holati, tabiiy iqlimi, yer usti va yer osti boyliklari, iqtisodiy, madaniy, intellektual imkoniyatlari, mehnat resurslari, eng asosiysi esa – mehnatkash va tinchliksevar xalqi buning muhim omillaridir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov ta'kidlaganidek: «mamlakatimiz XXI asrda jahon iqtisodiyoti, madaniyati va siyosatida munosib o‘rin olish uchun tarixiy imkoniyatlarga ega»446.
XII bo‘lim. GLOBAL MUAMMOLAR FALSAFASI
1-bob. GLOBAL MUAMMOLAR XX ASR MAHSULI SIFATIDA
Do'stlaringiz bilan baham: |