2-§. Tarixiy bilish metodologiyasi muammolari
Tarix falsafasining rivojlanishi jarayonida tarixiy bilishga bir qator metodologik yondoshuvlar vujudga keldi. Ularning ichida monistik va plyuralistik; chiziqli va davriy; formatsion va sivilizatsion konsepsiyalar kabi dixotomik qarashlarni keltirish mumkin. Monistik yondoshuv doirasiga marksistik ta'limot va postindustrial jamiyat nazariyalarini kiritish mumkin. Marksistik ta'limot ijtimoiy rivojlanishning ustivor omili, deb ishlab chiqarish usulini tan oladi va shu tamoyil asosida insoniyat tarixi rivojini muqarrar, birining o‘rnini boshqasi egallaydigan besh asosiy formatsiyalar (ibtidoiy jamoa tuzumi, quldorlik, feodalizm, kapitalizm va kommunizm)ga ajratadi. Ikkinchi ta'limot – postindustrial jamiyat konsepsiyasi texnikani insoniyat tarixining asosiy omili, deb hisoblaydi va jamiyat tarixini birining o‘rnini keyingisi egallaydigan 3 ta bosqichga bo‘ladi. Bular: an'anaviy (sanoatlashgungacha), sanoatlashgan va postsanoatlashgan (informatsion) jamiyatlar.
Plyuralistik yondoshuv insoniyat tarixining birligini inkor etib, o‘zaro bog‘liq bo‘lmagan yoki kam bog‘liq bo‘lgan ko‘plab o‘zaro teng qadrli tarixiy tuzilmalar – sivilizatsiyalarning mavjudligini tan oladi, shu asosda insoniyat tarixi rivojlanishining yagona taraqqiyot jarayoni ekanligini inkor etadi.
Chiziqli (yoki progressistik - taraqqiyotparvarlik) yondoshuv namoyondalari tarixiy taraqqiyot g‘oyasini jahon tarixiy rivoji dinamikasining asosini tashkil etuvchi umumiy qonun sifatida qabul qiladilar. Bunda muayyan mezonlarga binoan insonning barcha tabiiy imkoniyatlari ro‘yobga chiqadigan hamda barcha ehtiyojlari qondirilishi mumkin bo‘lgan mukammal jamiyatga yetishishning bosqichlari va davrlari belgilanadi. Bunday maqsadlar sifatida sotsialistik, kommunistik va boshqa utopiyalar ko‘rsatiladi.
Chiziqli rivojlanish konsepsiyasiga muqobil bo‘lgan davriy (siklik) paradigma namoyondalari insoniyat tarixining yagona tarixiy yoki abadiy maqsadga qarab rivojlanishni inkor etadilar. Ularning fikricha, tarix aylanma shaklda harakat qilib, oxir oqibat o‘zining boshlang‘ich holatiga qaytadi. Ushbu nazariyalar qatoriga madaniy-tarixiy yoki sivilizatsion yondoshuv ham kiradi. Unga binoan, insoniyat tarixi – har biri o‘ziga xos shakllanish, rivojlanish va inqiroz bosqichlariga ega bo‘lgan, o‘zaro kam aloqador yoki umuman bog‘liq bo‘lmagan lokal sivilizatsiyalardan tashkil topadi.
Hozirgi davrga kelib, formatsion va sivilizatsion yondoshuvlar dixotomiyasi doirasidagi bahs-munozara keskin tus olmoqda. Ayniqsa, postsotsialistik makonda bir necha o‘n yilliklar davomida hukmron bo‘lib kelgan formatsion, marksistik yondoshuvning qiyinchiliklar bilan bartaraf etilishi yorqin namoyon bo‘lmoqda.
Avvalgi paragraflarda qayd etilganidek, formatsion nazariya K.Marks nomi, u ishlab chiqqan jamiyat haqidagi ta'limot bilan bog‘liq. Umuman olganda, Marks o‘z davridagi global tasavvurlarga, xususan, Xegelning umumiy qonuniyatlar hamda yagona yo‘nalishga ega bo‘lgan jahon tarixi haqidagi g‘oyalarga ergashgan edi. Bu tasavvurlar tarixga materialistik yondoshuv asosida qayta ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra insoniyat tarixi tabiiy, o‘z ichki qonuniyatlariga ega bo‘lgan, ya'ni kishilar ongiga bog‘liq bo‘lmagan holda sodir bo‘ladigan formatsiyalarning almashinish jarayonidan iborat. Formatsiya deganda qandaydir empirik jamiyat (ingliz, fransuz yoki boshqa) geopolistik hamjamiyat (Sharq, G‘arb) emas, balki jamiyat ijtimoiy tuzilmasining negizini tashkil etuvchi umumiyat tushuniladi. Ya'ni, formatsiya – jamiyatning muayyan tarixiy tipidir. Har bir formatsiyaning asosini o‘ziga xos ishlab chiqarish usuli tashkil etib, uning strukturasida ishlab chiqaruvchi kuchlar va ishlab chiqarish qurollari, ularning rivojlanish darajasi va xarakteri muhim ahamiyat kasb etadi. Ular ijtimoiy hayotning boshqa sohalari bilan bog‘liq bo‘lib, ishlab chiqarish munosabatlari siyosiy, huquqiy ustqurmaga, shuningdek, ijtimoiy ongning boshqa shakllariga nisbatan asos, bazis rolini o‘ynaydi.
Formatsion ta'limotga ko‘ra, jamiyat quyi shakldan yuqori shakllarga, ibtidoiy jamoa tuzumidan quldorlik jamiyati orqali feodalizmga, undan kapitalizmga hamda eng oliy maqsad, insoniyatning «oltin» asri kommunizmga qarab harakat qiladi. Bir formatsiyadan ikkinchisiga o‘tish yangi ishlab chiqarish kuchlari va eskirib qolgan ishlab chiqarish munosabatlari o‘rtasidagi ziddiyatlar hamda ixtiloflar natijasida yuzaga keladigan ijtimoiy inqilob orqali sodir bo‘ladi.
XIX asrning oxiri – XX asr o‘rtalariga kelib, formatsion ta'limot nafaqat ijtimoiy nazariya bo‘libgina qolmay, balki kuchli e'tiqodga tayangan mafkuraviy ta'limot darajasiga ko‘tarildi. Rossiyada 1917 yil Oktyabr inqilobi va ayniqsa, 1945 yildan so‘ng, «real sotsializm» deb atalmish mamlakatlarning rasmiy mafkurasiga aylandi. Ayni paytda marksizmning tanqidi G‘arbning bu mamlakatlarga qarshi yo‘naltirilgan mafkuraviy kurashining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoldi. Sotsialistik tizim inqirozga yuz tutgandan so‘ng formatsion ta'limot tanqidi ayniqsa postsotsialistik makonda yanada kengroq va keskinroq tus oldi. U bir qator xususiyatlarga ko‘ra tanqid qilinadi. Xususan, u o‘ziga xos G‘arbiy yevropa tarixini butun jahon tarixiga ko‘chirish asosida ishlab chiqilganligi; ijtimoiy-iqtisodiy omilning rolini mutlaqlashtirgan holda, boshqa omillar, ayniqsa, jamiyatning ma'naviy sohasi ahamiyatini qashshoqlashtirib, uni faqat antogonistik sinflar manfaatlari in'ikosi sifatidagina qaralgani; tarixiy bilishda uni asossiz ravishda yagona evristik konsepsiya rolini bajaradi, degan xulosalari shular jumlasidandir. Hozirgi zamon tarixini, kapitalizm rivoji istiqbollarini anglashda, formatsion ta'limot xulosalarining haqiqatga mos kelmasligi, «real sotsializm» mamlakatlarida amalga oshirilgan keng qamrovli sotsialistik tajribaning muvaffaqiyatsiz intihosi makrsistcha tarixiy konsepsiyaning tanqidida hal etuvchi argument bo‘ldi.
Formatsion yondoshuvdan farq qilib, sivilizatsion yondoshuv yagona, yaxlit tizimga tushirilgan ta'limot sifatida shakllangan emas. «Sivilizatsiya» tushuchasi (lot. civilize – fuqarolarga, davlatga xos) ilk bor XVIII asrda yevropalik ma'rifatparvarlarning asarlarida qo‘llana boshladi. U jiddiy evolyusiyaga yuz tutib, hozirgi paytgacha bir qancha ma'nolarda qo‘llaniladi415. Dastlabki davrlarda u tabiat olami tuzilishidan farqli ravishda umuman insoniyatni, uning ijtimoiy tuzilishini anglatgan va birlik shaklda ishlatilgan. Keyinchalik u yovvoyilik va johillikdan keyin keluvchi ijtimoiy rivojlanish bosqichini bildirgan. Co‘ngra u qadriyaviy xususiyat kasb etib, madaniyat tushunchasiga, ayniqsa, individual va ijtimoiy xulq-atvor normativlariga singib ketgan ma'naviy madaniyat, ya'ni kishilar, xalqlarning mentalligi ma'nosiga yaqinlashib qoldi. Amerikalik olimlar A.Kreber va K.Klakxan 1952 yilda «madaniyat» terminining 164 ta ta'rifini e'lon qildilar va ko‘p hollarda uni «sivilizatsiya» termini bilan bir qatorda qo‘llanilganligini qayd etdilar416. «Sivilizatsiya» va «madaniyat» tushunchalari ko‘pincha sinonimlar sifatida ishlatib kelindi.
XIX asrning ikkinchi yarmidan sivilizatsiya tushunchasini butun bir xalqlar va mamlakatlarning rivojlangan holatiga, «oliy darajadagi madaniy tuzilmalar»ga tatbiqan, ko‘plik shaklida qo‘llanila boshlandi. 1861 yilda Zalsburgda insoniyat sivilizatsion rivojining rang-barangli nazariyasini, tarixga madaniy-tarixiy yoki sivilizatsion yondoshuvni shakllantira boshlagan madaniy-tarixiy maktab paydo bo‘ldi. N.Ya. Danilevskiy (1822-1865), O.Shpengler (1880-1936), A.Toynbi (1889-1975), P.A.Sorokin (1889-1968) va boshqalar ushbu maktabning mashhur namoyondalari edi. Ularning har biri «sivilizatsiya» terminiga o‘z talqinlarini berganlar: Danilevskiy – «madaniy-tarixiy tiplar», Shpengler – «etuk madaniyatlar», Toynbi – «Lokal sivilizatsiyalar», Sorokin – «Madaniy supersistemalar» g‘oyalarini ilgari surishgan. Ularning ichida eng ommaviylashgani «lokal sivilizatsiyalar» termini bo‘ldi.
Umuman olganda, madaniy-tarixiy yo‘nalish namoyondalari sivilizatsiyani odatda etnik chegaralar bilan mos tushmaydigan, etnoslararo xarakterga ega bo‘lgan madaniyat tiplari tarzida tushunganlar. Lekin etnoslararo sivilizatsiyalar muayyan madaniy markazlarning kuchli ta'siri ostida vujudga keladi. Xususan, Qadimgi Sharqqa nisbatan yaqin sharq, hind va uzoqsharq sivilizatsiyalari, yevropaga nisbatan esa – antik sivilizatsiya haqida fikr yuritilib, ular mos ravishda Qadimgi Mesopotamiya, Shimoliy Hind, Xitoy va Gretsiya ta'sirida paydo bo‘lgan.
Sivilizatsion yondoshuvda sivilizatsion ayniyat (identichnost) mezonlari, ya'ni madaniyatning u yoki bu tipini qanday belgilar asosida aniqlanishi masalasi nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Shunga bog‘liq holda ularning soni, klassifikatsiyasi va o‘zaro aloqadorligi muammosi turlicha hal etiladi. Masalan, O.Shpengler sivilizatsiya shakllanishida dinning belgilovchi ahamiyat kasb etishini ko‘rsatib, 8 ta buyuk madaniyatlar yoki sivilizatsiyalar nomini keltiradi. Bular: misr, bobil, hind, xitoy, appolon (Yunon-rim), arab (afsunkor), Meksika, g‘arb (faust) madaniyatlari yoki sivilizatsiyalaridir417.
A.Toynbi sivilizatsion ayniylikning mezoni sifatida, din, tarix, til, an'ana va madaniyatni qabul qiladi hamda shu asosda 5 ta «jonli» sivilizatsiyalarni ajratadi – g‘arb xristianligi orqali birlashagn g‘arb jamiyati; janubi-sharqiy yevropani Rossiya bilan birlashtirgan pravoslav-xristian jamiyati, Shimoliy Afrikadan tortib Buyuk Xitoy devori hududigacha bo‘lgan – islom jamiyati, tropik-subkontinental Hindistondagi – hind jamiyati, Janubiy-Sharqiy Osiyoning subtropik va mo‘tadil hududlarida shakllangan – Uzoq Sharq jamiyati418.
N.Danilevskiy 10 ta sivilizatsiyani yoki uning iborasi bilan aytganda, madaniy-tarixiy tiplarni farqlaydi. Bular: misr, ossuriya-bobil-finikiya-xaldey (qadimgi somiy), xitoy, hind, eron, yahudiy, yunon, rim, arab (yangi somiy), yevropa (romano-german)419 sivilizatsiyalaridir.
Sivilizatsion konsepsiya tarafdorlari rivojlanishning davriyligi nuqtai nazaridan turib, sivilizatsiyaning vujudga kelish, gullab-yashnash va halokati bosqichlarini ajratadilar. Uni o‘simliklar, jonivorlar va inson hayoti davrlari bilan qiyoslab, sivilizatsiyalar «tug‘iladi, rivojlanishning turli bosqichlaridan o‘tadi, qariydi, so‘nadi, halok bo‘ladi», deb hisoblashadi. Umuman olganda, tarix, ularning fikricha, jahon tarixi miqyosida muayyan tarzda o‘zaro aloqada bo‘lgan, rivojlanib boruvchi lokal sivilizatsiyalar majmuini tashkil etadi, jahon sivilizatsiyasi esa, turli sivilizatsiyalarning o‘zaro ta'siri natijasidir.
Shunday qilib, sivilizatsiya – tarixning madaniy-tarixiy konsepsiyasi nuqtai nazaridan, - sotsiomadaniy asosga ko‘ra bir-biridan farq qiluvchi mamlakat va xalqlarning yirik hamda uzoq davom etadigan mustaqil umumiyati bo‘lib, ularning o‘ziga xosligi tabiiy, oxir-oqibat hayotning ob'ektiv sharoitlari, shuningdek, ishlab chiqarish usuliga bog‘liq bo‘ladi. Bu umumiyatlar vujudga kelish, shakllanish, inqiroz va barham topish bosqichlarini bosib o‘tdilar.
XX asrning oxirlariga kelib, ayrim analitiklar tomonidan dunyoning ikki yarim sharli tuzilishi va tarixning megatsiklik (megadavriy) xarakteri konsepsiyasi ilgari surila boshladi420. Bu ta'limotning zaminida insoniyat tarixini avval boshdanoq Sharq va G‘arbga bo‘lingan sotsiomadaniy tizimlar tarzida talqin etish g‘oyasi yotadi. Mashhur nemis faylasufi K.Yaspers (1883-1969) yozishicha: «Dastlabki qutblanish (Sharq va G‘arb) turli ko‘rinishlarda asrlar davomida hayotiyligini saqlab kelgan… Yunonlar va forslar, Rim imperiyasining G‘arbiy va Sharqiyga bo‘linishi, g‘arbiy va sharqiy xristianlik, g‘arb dunyosi va islom, yevropa va Osiyo – bular birining o‘rnini boshqasi ketma-ket egallagan ushbu qarama-qarshilikning timsollaridir…»421.
Bu nuqtai nazarning tarafdorlari ta'kidlashicha, uzoq o‘tmishdayoq Sharq va G‘arb o‘rtasida muayyan mehnat taqsimoti vujudga kelgan. Ulardan birinchisi – ma'naviy tashabbuslar bilan chiqqan bo‘lsa (buyuk jahon dinlarining aynan Sharqda paydo bo‘lganligi ham bejiz emas), ikkinchisi – innovatsion g‘oyalarni ilgari surgan. Insoniyatni Sharq va G‘arbga ajratishni ular inson miyasini chap va o‘ng yarimsharlariga bo‘linishi bilan qiyoslaydilar.
Jahon tarixi katta megadavrdan iborat bo‘lib, uning doirasida u yoki bu bosqichda sharqiy-g‘arb yoki g‘arbiy-sharq fazalari alohida ajralib, bir-birlarini o‘rnini egallab turganlar. Bunda goh Sharq, goh G‘arb sayyoramizning dunyoviy tizimida yetakchilik qilgan. Birinchi sharqiy yarimshar fazasi (dunyoga shumer, ossuriya-bobil, misr sivilizatsiyalarini bergan) jahon tarixi rivojidagi jamoatchilikka asoslangan bosqich bo‘lib, bunda sivilizatsiyalashuv umumiylikning alohidaga, jamoatchilikning individuallikka nisbatan ustivorligini anglatgan. Bu fazaning eng yuqori nuqtasi – o‘zining butun kuch-qudrati bilan individual-xususiy tashabbuslarni yo‘qqa chiqargan sharqona davlatning shakllanish davriga to‘g‘ri keladi.
Megatsiklning ikkinchi fazasida tashabbus g‘arbiy yarimsharga o‘tdi. Uning eng rivoj topgan, gullab-yashnagan davri qadimgi Yunon, keyinchalik Rim sivilizatsiyalariga to‘g‘ri keladi. Ularning o‘ziga xos tomonlari iqtisodiyotning davlatdan ajralishi, xususiy mulkning paydo bo‘lishi, fuqarolik jamiyati va ijtimoiy tartibotning demokratik elementlarini shakllanishi, gedonizm g‘alabasi, ya'ni jamoa oldidagi burchga nisbatan individual ehtiyojlarning ustivor kelishi bilan xarakterlanadi.
Uchinchi faza – Rimning inqirozidan G‘arb renessansigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olib, sharqiy-g‘arb, ya'ni feodalizm fazasi hisoblanadi. Bunda jamoatchilik axloqiga qaytish, ijtimoiy burch va shaxsiy vazminlik tan olindi.
To‘rtinchi faza – katta jahon tarixiy megatsiklining g‘arbiy fazasi, XX asrda boshlangan modern davriga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, sharqiy faza g‘arbiy faza bilan va aksincha almashaganda, jahon tarixining birligi saqlanib qoladi hamda bu har bir fazada muqobil fazaning dominantligi bilan belgilanadi. Insoniyatning har bir «yarimshari» o‘zida ham g‘arb, ham sharq impulslarini qabul qilgan bo‘lib, ular tegishli dominantlari bilangina farq qiladilar.
Dominantlarning almashinuvi muayyan ma'naviy mexanizmning ta'siriga bog‘liq bo‘lib, u yoki bu sivilizatsiya (g‘arbiy yoki sharqiy jamiyat) inqirozi harbiy, geosiyosiy muvaffaqiyatsizliklarda yaqqol namoyon bo‘lgunga qadar, u ustuvor qadriyatlar, motivatsiyalar doirasida paydo bo‘la boshlaydi. Yuqorida keltirilgan konsepsiya asosida so‘nggi yillarda nashr etilgan adabiyotlarda tarixning katta siklida hozirgi zamon g‘arbiy fazaning sharqiy fazaga almashishi (g‘arbiy-sharq fazasining sharqiy-g‘arb fazasiga) haqidagi gipotezalar ilgari surilmoqda. Bugungi kunda ham tabiat, ham madaniyat modernizatsiyaning ekologik, iqtisodiy va kulturologik yukidan shunchalik horiganki, g‘arbiy faza ilgari inkor etgan olamni jonli mushohada etish va ijtimoiy tartibot shakllarini tiklash zarurati vujudga keldi. Kelajakning bunday belgilari sifatida «Yaqin Sharq» fenomeni – tinch okeani mintaqasidagi mamlakatlarning tarixiy rivojlanish sur'atlari va mazmunidagi muvaffaqiyatlari keltiriladi.
Jahon tarixining megatsiklik konsepsiyasi o‘zining gipotetik va sxematik xususiyatlariga qaramay, jahon tarixini birlikda, Sharq va G‘arbning o‘zaro dialektik aloqadorligida anglashga yo‘naltirilgan zamonaviy nuqtai-nazarlardan biri sifatida muayyan e'tiborga loyiqdir.
Formatsion va sivilizatsion yondoshuvlar bir-birlaridan farq qiladi. Ammo bir-birlarini to‘liq inkor etmaydilar, ular bir-birini o‘zaro to‘ldiradi422. Agar formatsion yondoshuv – tarixning ijtimoiy-iqtisodiy kesimi bo‘lib, tarixni moddiy ishlab chiqarish usuli asosida tahlil etsa, sivilizatsion yondoshuv madaniyat omiliga, madaniyatga, asosan, xulq-atvor xarakteriga – an'analarga, urf-odatlarga, turmush tarziga, mentallikka e'tibor qaratadi.
Formatsion yondoshuv jamiyatni vertikal kesmasi bo‘yicha rivojlanishini quyi bosqichdan yuqoriga qarab murakkablashib borishini ko‘rsatsa, sivilizatsion yondoshuv jamiyatni gorizontal yo‘nalishdagi rivojini tarixiy makondagi tarixiy tuzilmalar, sivilizatsiyalar, unda yashovchi, ong va irodaga, muayyan qadriyatlarga ega bo‘lgan kishilarning o‘ziga xos madaniyatlari, turmush tarzlarining tahlilidan iborat.
Formatsion nazariya yangilanishi mumkin va zarur, shu jumladan sivilizatsion yondoshuv elementlari asosida ham. O‘z navbatida sivilizatsion yondashuv ham, insoniyat tarixining yaxlit manzarasini aks ettiruvchi formatsion nazariyaning oqilona elementlari hisobiga yangilanishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |