Borliqning
ta'riflanishi
Borliq turli konsepsiyalarda turlicha talqin etiladi. Ayrim tadqiqotchilar uni muayyan moddiy jism, moddiy borliq sifatida tushuntirishadi, boshqalar esa uni g‘oyaviy, ma'naviy, ruhiy, ilohiy mohiyat shaklida tushunishadi. Abu Nasr Forobiy yagona borliqni 6 bosqichdan iborat deb hisoblagan: 1-ilk sabab (sababi-avval) - xudo; 2-sabab - (sababi- soniy) - samoviy jismlar borlig‘i; 3-sabab - faol aql (al-aql al-faol); 4-sabab - jon (an-nafs); 5-sabab - shakl (as-surat); 6-sabab - modda (al-modda)293. Bu bosqichlar bir-biri bilan sababiy bog‘langan bo‘lib, ular barcha mavjudlikning boshlang‘ichi hisoblanadi.
Borliq tushunchasi atrofida faylasuflar har doim keskin munozaralar, tortishuvlar, bahslar olib borishgan va bu bahslar haligacha davom etmoqda. Xullas, «borliq» falsafadagi eng umumiy tushunchadir. Borliqqa aksil tushuncha sifatida «yo‘qlik» tushunchasini ishlatishadi. Yo‘qlik hyech nimani, ya'ni nazarda tutilgan joyda hyech nima mavjud emasligini anglatadi.
Borliq ilgari mavjud bo‘lgan, hozir mavjud va kelajakda mavjud bo‘ladigan ob'ektiv hamda sub'ektiv reallikni ham o‘ziga qamrab oladi. Ya'ni tabiat, inson, fikrlar, g‘oyalar, jamiyat hammasi turli shakllarda mavjuddir. Ularning barchasi mavjud bo‘lganligi uchun ham yaxlit yagona borliqni tashkil etadi.
Ko‘pincha borliqni inson ongidan tashqarida va unga bog‘liq bo‘lmagan holda mavjud bo‘lgan reallikni ifodalovchi falsafiy kategoriya sifatida ta'riflashadi. Bunday ta'rifning kamchiligi shundaki, bu ta'rifda borliq ob'ektiv reallik tushunchasi bilan aynanlashib qolgan.
Aslida esa borliq kategoriyasi umumiylashgan abstraksiya bo‘lib mavjudlik belgisi bo‘yicha turli xil hodisalar, predmetlar va jarayonlarni o‘zida birlashtiradi. Tabiiy ob'ektlar, ularning xossalari, aloqadorliklari va munosabatlari, kishilar jamoasi va ayrim odamlar, ijtimoiy tashkilotlar, inson ongining holati va boshqalar ham borliq tushunchasiga kiradi. Borliq nafaqat predmetlarni, jismlarni, ob'ektiv reallikni, balki, ma'naviy hodisalarni, ruhiyatni, ong va tasavvurni, sub'ektiv reallikni ham o‘ziga qamrab oladi.
Borliqning asosiy sohalariga tabiat, jamiyat va ong kiradi. Bu sohalar uchun umumiy jihat - ularning mavjudligidadir. A.G.Spirkin shunday yozadi «Barcha mavjud narsalar borliqqa mansubdir. Ularga moddiy jismlar ham, barcha (fizik, ximik, geologik, biologik, ijtimoiy, psixologik, ma'naviy) jarayonlar ham, ularning xossalari, aloqalari va munosabatlari ham kiradi. U chyqur hayolotning mevasi bo‘lgan ertak va afsonalar, hatto bemorning xayolidagi alahsirashlar ham, borliqning qismi bo‘lgan ma'naviy reallik sifatida mavjuddir»294. Shunday qilib «ruh va materiya, hyech bo‘lmaganda mavjudlik sifatida umumiylikka egadir» (I.Ditsgen). Shubhasiz, ular bir-birlaridan farq ham qilishadi. Agar moddiylik va ma'naviylikni bir-biriga taqqoslasak, moddiylik sub'ektdan mustaqil ravishda, ma'naviylik esa unga bog‘liq ravishda mavjud bo‘ladi. Shunday qilib, borliq mohiyat jihatidan moddiy borliq va ma'naviy borliqqa bo‘linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |