1-§. Xissiy bilish
Har qanday narsani, har qanday predmet yoki hodisani bilish fikr xissiy idrokdan predmetning mohiyati tomon boradigan jarayondir. Xissiy bilim, jonli mushohada insonning qurshab turgan dunyo bilan bevosita aloqasi shaklidir. Xissiy anglash tashqi ta'sir energiyasining ong faktiga aylanishidan boshqa narsa emas. Usiz biz borliqning hyech qanday shakllari haqida hyech nima bila olmaymiz. Biz jonli mushohada yordamida atrofdagi vokelikning turli xossalari va tomonlarini bilib olamiz, lekin birgina xissiy obrazlar bilan ularning mohiyatini anglab ololmaymiz.
Bunga sabab, eng avvalo, inson sezgi a'zolarining tabiiy cheklanganligidir. Masalan, odamning ko‘zi elektromagnit to‘lqinlarning butun spektrini to‘lik idrok eta olmaydi, u elektromagnit to‘lqinlar spektrining infraqizil, ultrabinafsha va rentgen qismlarini sezmaydi. Bunday tabiiy cheklanganlik boshqa sezgi a'zolariga ham xosdir. Masalan, odamning qulog‘i tebranish chastotasi 16 dan 20 ming Gs gacha bo‘lgan tovush to‘lqinlarini qabul qila oladi, yuqori chastotali yoki past chastotali tovush to‘lqinlarini eshitmaydi.
Tabiiy sezgi a'zolari bilan idrok etib bo‘lmaydigan hodisalarni maxsus yaratilgan sun'iy organlar orqali, ya'ni mikroskop, radioteleskop, lokator, barometr, Geyger hisoblagichi va boshqa xil priborlar vositasida idrok etish mumkin. Bu priborlar xissiy bilish quvvatini ancha kengaytiradi va kuchaytiradi. Shu bilan birga xissiy bilish bizni yanglishtirib qo‘yishi mumkin – ko‘z chalg‘ishi, sarob, xomxayol, ko‘z gallyusinatsiyasi, tovush effekti va hakozolar. Falsafa tarixida yangi zamon mutafakkirlari barcha bilimlarning xissiy kelib chiqishi muammosiga yuqori darajada ahamiyat berganlar. Masalan, Jon Lokk materialistik sensualizm (lotincha sensus - sezgi, sezish) prinsiplarini asoslab berar ekan, avval sezgida bo‘lmagan narsa intellektda bo‘lmaydi, shuning uchun kimki hyech nimani sezmasa u hyech nimani bilmaydi, deb yozgan edi.
Sezgilar, bu – shunday kanallarki, ularning vositasida odam qurshab turgan olam bilan bog‘langan, olam haqida bevosita axborot olib turadi. Sezgilar abstrakt tafakkur amalga oshishining asosi bo‘lgan ozuqadir.
Sezgi xissiy bilishning eng oddiy shakli, ob'ektivlik bilan sub'ektivlikning qorishmasidir, u manbai jihatidan ob'ektiv va u yoki bu sezgi a'zolarining tuzilishiga bog‘lik holda shakli jihatidan sub'ektivdir. Garchi sezgi bilish uchun yagona kanal bo‘lsada, birgina sezishning o‘zi tashqi dunyoni butun yaxlitligi, chuqurligi va konkretligi bilan anglab olish uchun yetarli emas. Sezgi sub'ektga o‘rganilayotgan ob'ektning ayrim tomonlari yoki xossalarini bilishga yordam beradi, ammo o‘zining tabiiy cheklanganligi sababli ob'ektni yaxlit holida bilishga imkon bermaydi. Shuning uchun bilish sezishdan idrok qilish tomon boradi.
Idrok – bu bir sezgi emas, u turli xil sezishlarning jamul-jami, kombinatsiyasidir. Biz idrok qilish orqali predmetning ayrim tomonlarini emas, balki uni yaxlit holda aks ettiramiz. Masalan, sharsimon, yashil-qizil, yaltiroq, xushbuy, chuchuk-nordon narsalarni xis qilishlar birgalikda ongimizda olma obrazida assotsiatsiyalashadi.
Xissiy bilishning idrokdan keyingi bosqichi tasavvurdir. U sezishdan ham, idrok qilishdan ham sifat jihatdan farq qiladi. Tasavvur – bu xissiy idrok bilan tushuncha o‘rtasidagi oraliq bosqichdir. Sezish va idrok qilishdan farqli o‘laroq, tasavvur endi sub'ekt bilan ob'ektning bevosita o‘zaro ta'siri bo‘lib chiqmaydi. Ilgari biron-bir hodisa yoki predmetni idrok etgan, ko‘rgan odam ularning obrazlarini hatto ular bizning sezgilarimizga ta'sir etmagan taqdirda ham xotirlab, ko‘z oldiga keltirishi mumkin. Bundan tashqari, biz tasvirlashlariga asoslanib, masalan, ilgari o‘zimiz hyech qachon ko‘rmagan tropik changalzorlarni tasavvur qila olamiz. Birok sezgi va idrokdan farqli o‘laroq, tasavvur ilgari idrok etilgan predmetni gavdalantirar ekan, uning konkret-xissiy detallarining hammasini emas, balki faqat eng muhim, harakterli qismlari, tomonlari va belgilarini ifodalaydi.
Tasavvurlar sezgi va idroklar kabi yorqin va aniq emas, ammo ular ancha uzoq vaqt davom etadi va barqarordir. Tasavvurlar yordamida biz allaqachon bo‘lib o‘tgan voqyealar manzarasini ongimizda tiklay olamiz. Bundan tashqari, tasavvur bizga ilgari idrok etilganlar asosida kelajak manzarasini ifodalab berishga imkon beradi. Insonning kelajak obrazini tasvirlab va tuzib berish layoqati farazdan boshqa narsa emas. Xissiy bilish qanchalik muhim bo‘lmasin shuni aytish kerakki, u cheklangan va tashqi dunyoning faqat tashqi, bevosita, xissiy idrok etiladigan tomonini aks ettiradi. Buning ustiga sezgi bizni yanglish yo‘lga boshlashi mumkin. Xissiy bilishdan keyingi bosqich ratsional bilishdir, abstrakt-mantiqiy tafakkurdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |