Axloq va huquq
Huquq ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi vosita sifatida insoniyat jamiyati taraqqiyoti qonunlarga muvofiq ravishda rivojlanadi va takomillashib boradi.
Huquqning asosiy mohiyati muayyan jamiyatda kishilar o’rtasida kelishuvni ta'minlash, fuqarolar osoyishtaligini saqlashga ko’maklashish, iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalarda davlat siyosatini amalga oshirish orqali jamiyat taraqqiyotini ta'minlashdan iborat.
Huquq - bu qonunlar yig’indisi, muayyan hatti-harakat qoidalari sifatida turli davrlarda va jamiyatlarda o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’ladi. Huquqning shakllariga, shuningdek unda demokratik, ijtimoiy adolat qoyalari qay darajada mujassamlashganligiga milliy an'analar, muayyan tarixiy sharoit, davlat tepasidagi shaxslar va boshqa ko’pgina omillar ta'sir qiladi.
Huquq - bu kishilarni ijodiy imkoniyatlarini qo’llab-quvvatlash vositasida jamiyatning gullab-yashnashiga ko’maklashuvchi, kishilar hamkorligi uchun keng imkoniyatlar yaratuvchi, yovuz kuchlarni jilovlab turuvchi, bu kuchlarni fuqarolar, davlat va jamiyat manfaatlariga ziyon yetkazishlariga yo’l qo’ymaydigan vositalar yig’indisi bo’lmoqi kerak.
Huquq shunchalik keng (buyuk) murakkab va ijtimoiy muhim bo’lgan fenomen bo’lib, o’zining butun amaldagi faoliyatida unga nisbatan bo’lgan ilmiy qiziqish nafaqat tugaydi, balki oshishi kuzatiladi.
Hozirgi yuridik fanlarda «huquq» termini katta ahamiyatga egaligi haqida ko’p so’z yuritiladi va ulardan foydalaniladi.
Birinchidan, kishilarning ijtimoiy huquqiy intilishlarini, masalan, yashash huquqi, xalqlarning o’z-o’zini tanish huquqi kabilar bu intilish va bog’liqliklarning kishilar va jamiyatning tabiatidan kelib chiqib, tabiiy huquq deb hisoblanadi;
Ikkinchidan, huquq deb yuridik normalar tizimi tushuniladi. Bu huquq ob'ektiv ma'noda quyidagicha tushuniladi, ya'ni huquq normalari ba'zi bir shaxslarning erkiga bog’liq bo’lmasdan yaratiladi va harakatda bo’ladi.
Uchinchidan, bu atama orqali yuridik, jismoniy shaxslar yoki tashkilotlarning rasmiy tan olingan imkoniyatlari belgilanadi;
To’rtinchidan, «huquq» atamasini barcha huquqiy hodisalarning tizimini belgilash uchun ishlatiladi (jumladan, tabiiy huquqni ob'ektiv va sub'ektiv ma'nodagi huquqni qamrab olgan holda)
Huquq – ijtimoiy munosabatlarni normativ tartibga soluvchi tizim bo’lib, asosiy qism qonunchilikda o’z ifodasini topadi, rasmiy manbalarda normativlilik va rasmiy aniqlikka ega bo’lib, adolatparvarlik va erkinlik goyalariga suyanadi (tayanadi).
Hozirda huquq tushunchasi va mohiyatini anglashda 3 xil yondashuv mavjud bo’lib, ularga:
-normativ yondashuv ;
-sotsiologik yondashuv;
-falsafiy yondashuvlar kiradi.
Huquqning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solib turuvchi maxsus tizimini xarakterlovchi muhim xususiyatlarini quyidagilar tashkil etadi.
Normativlik, huquqning intellectual - erkin xarakterdaligi, davlatning majburlov kuchi bilan ta'minlanishi, rasmiy aniqlik, tizimga egaligi va boshqalar..
Huquq murakkab tizimiy tashkiliylikdan iborat bo’lib, uni tushunishning uchta elementga bo’linishi katta ahamiyat kasb etadi, ya'ni huquqni tabiiy, pozitiv (ijobiy) va sub'ektiv huquqlarga bo’linishidir.
A) tabiiy huquq - bu inson va jamiyatning tabiati bilan shartlangan huquq va erkinliklarning yigindisidir. Tabiiy huquqning muhim qismidan biri bu inson huquqidir.
B) pozitiv huquq – bu davlat tomonidan qabul qilingan normalarda, qonunchilikda va boshqa manbalarda o’z ifodasini topgan huquqdir.
V) sub'ektiv huquq – bu pozitiv huquq normalariga asosan yuzaga keladigan, uning egasi manfaatlari va talablarini qanoatlantira oladigan individual imkoniyatlardir. Yuqoridagi uchta elementlardan bittasining yo’qligi huquqni muvozanatini buzadi (deformatsiya), ijtimoiy munosabatlarni va kishilarning xulqini tartibga solishdagi regulyatorlik xususiyatini yo’qotishga olib keladi.
Tabiiy huquq nazariyasining asoschisi Gollandiyalik yurist olim Gugo Grotsiy bo’lib, bu nazariya uning 1625 yilda yozilgan «Huquq haqida urush va tinchlik» kitobida asoslab berilgan. Bu nazariyaga asosan tabiiy huquq insonga tabiat tomonidan berilgan bo’lib, bunga insoniyatning turmushi va yashash huquqi, ozodlik va tinchlik huquqi, mulkka egalik huquqi uning hayoti va sog’ligini jamiyat va davlat tomonidan qo’riqlash huquqlari kiradi. Bu tabiiy huquqlar O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining bir qancha moddalarida mustahkamlangan. Masalan, yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. (24-modda). Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega (25-modda). Xususiy mulk va boshqa barcha mulk shakllari teng huquqli bo’lib, daxlsiz va davlat himoyasidadir.(53-modda).
Huquq jamiyat a'zolari hatti-harakatlarini me'yorga soluvchi vositalar sifatida davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tomonidan chiqariladigan huquqiy hujjatlarda ifodalanadi.
Huquq jamiyatda normativ belgilar yig’indisi bo’lib, insonning ozodlik va adolat g’oyalariga asoslangan kishilar o’rtasidagi turli ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi, barcha kishilar uchun umummajburiy bo’lgan turmush qoidalarining yig’indisidir.
Jamiyatda huquq quyidagi vazifalarni bajaradi.
1) Kishilar o’rtasida turli iqtisodiy, siyosiy, madaniy, ma'rifiy va boshqa ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi;
2) Huquqbuzar shaxslarga nisbatan davlat tomonidan javobgarlik belgilanar ekan, bu bilan yangi munosabatlarni tartibga soladi;
3) Huquq jamiyatda kishilar o’rtasida xulq-atvor qoidalarini mustahkamlaydi;
4) Huquq kishilarning umuminsoniy axloqqa qarshi hatti-harakatlarini tugatishda muhim rol o’ynaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |