Axborot sohasini islox qilish axborot va so'z erkinligi
Yurtboshimiz rahnamoligida mamlakatimizda tinchlik va xavfsizlikni saqlash, jahondagi tinchliksevar davlatlar bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xalqimiz farovonligi va ijtimoiy barqarorligini ta’minlash yo‘lida chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur o‘zgarishlar samarasi o‘laroq yurtimizda barqarorlik va ahil-totuvlik, bunyodkorlik hukm surmoqda, amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan qonunlar kishilarimizda ertangi kunga ishonch tuyg‘usini mustahkamlamoqda.
Mamlakatimizda demokratik islohotlar jadal olib borilayotgan bir paytda Prezidentimiz tomonidan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»ning e’lon qilinishi ijtimoiy-siyosiy hayotimizda muhim voqea bo‘ldi. Ayniqsa, Konsepsiyada mamlakatni isloh etish va demokratlashtirishning bir necha ustuvor yo‘nalishlari belgilanishi kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida navbatdagi bosqichni boshlab berdi.
Ma’lumki, har qanday jamiyatning taraqqiy etishi boshqa muhim masalalar qatori avvalo axborot va so‘z erkinligi ta’minlanishiga bog‘liq. Konsepsiyaning uchinchi yo‘nalishi mazkur sohani isloh qilish, axborot va so‘z erkinligini ta’minlashga bag‘ishlangan, bu sohadagi ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Axborot oqimi shiddat bilan turmush tarzimizga kirib kelayotgan bugungi kunda bu sohani taraqqiy ettirish jahondagi makrofaktorlardan biridir. O‘tgan yillar davomida axborot sohasini isloh qilish, ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada liberallashtirish, so‘z erkinligini ta’minlash borasida keng qamrovli ishlar qilindi. Ommaviy axborot vositalari rivojini ta’minlaydigan, demokratik talab va me’yorlarga to‘la mos keladigan mustahkam qonunchilik asosi yaratildi. Shu bilan birga, OAVni rivojlantirish, axborot sohasini demokratlashtirish jarayonida OAVning faol ishtirokini ta’minlash uchun yangi qonunlar qabul qilishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda.
Mazkur zaruratdan kelib chiqib, Prezidentimiz taklif etgan Konsepsiyada «Davlat hokimiyati va bosh¬qaruvi organlari faoliya¬tining ochiqligi to‘g‘risida», «Teleradioeshittirishlar to‘g‘risida», «Ommaviy axborot vositalari faoliya¬tining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida», «Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlari to‘g‘risida» qonunlar qa¬bul qilish, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida», «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»giva boshqa tegishli qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, «Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida»gi qo¬nun me’yorla¬rini yanada takomillashtirish fikri ilgari surildi.
Jumladan, «Teleradioeshittirishlar to‘g‘risida» qonun qabul qilish taklifi kiritilishi o‘ziga xos zaruratga ega. Boisi, teleradioeshittirishlar sohasida ilg‘or zamona¬viy texnologiyalarning joriy qilinishi teleindustriyaning istiqbolli yangi tarmoqlarini tashkil etish uchun qulay shart-sharoit yaratadi. O‘z navbatida, teleradioeshittirishlar sifati takomillashib, aholining yanada keng qamrovli axborot oqimidan xabardor bo‘lishiga zamin yaratiladi. Bu esa tabiiyki, ommaning huqu¬qiy savodxonligi, huquqiy ongi va madaniyati rivojlani¬shiga turtki beradi. Chunki axborot bozorini takomillashtirmay turib, jamiyatda huquqiy asosni rivojlantirish qiyin.
Huquqiy me’yorlarni to‘g‘ri targ‘ib qilishda ommaviy axborot vositalarining ahamiyati beqiyosdir. Shu bois, axborot vositalari erkinligi va mustaqilligini yanada mustahkamlash fuqarolarning qonunga ongli itoat qilishini ta’minlaydi, o‘zining kuchli intellektual salohiyati bilan bu vositalar yoshlar ongiga, ularning ijtimoiylashuviga katta ta’sir o‘tkazadi. Bu esa yuksak ma’naviy-axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash milliy tizimini yanada takomillashtiradi.
Prezidentimiz Konsepsiyada ommaviy axborot vositalari faoliyatining samarali huquqiy mexanizmini yaratish, bunda keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligi haqida alohida to‘xtalib o‘tishi bejiz emas. Chunki fuqarolarni qonun-qoidalar asosida yashashga o‘rgatish ham ommaviy axborot vositalari, xususan, ularning ta’sirchan usullari yordamida amalga oshiriladi.
Konsepsiyada ommaviy axborot vositalari sohasidagi qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bilan birga, davlat va jamoat birlashmalari axborot xizmatlari, media tuzilmalar ishini faollashtirish uchun keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligi ham ta’kidlandi. Bu esa axborot bozori ishtirokchilari faoliyati samaradorligini kuchaytirish va ularning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, milliy axborot makonini izchil rivojlantirishga qaratilgandir.
Umuman olganda, Yurtboshimiz ilgari surgan Konsepsiya tobora takomillashib, murakkablashib borayotgan dunyoda bizning o‘rnimiz, yo‘limiz va istiqbolimizni yanada aniq ko‘rsatib berdi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, mazkur Konsepsiya O‘zbekistonni isloh etish va modernizatsiya qilish borasida yigirma yil oldin boshlangan jarayonni davom ettirish bo‘yicha uzoq muddatli aniq harakat dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Prezidentimiz Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” mavzuidagi ma’ruzasida axborot sohasini isloh qilish, axborot va so‘z erkinligini ta’minlash muhim yo‘nalish sifatida belgilangan.
O‘zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan fuqarolik jamiyati institutlari tizimida bosma ommaviy axborot vositalarining o‘rni va rolini oshirish masalalariga bag‘ishlangan respublika konferensiyasida ana shular haqida so‘z bordi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputatlari, Parlament huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi a’zolari, Fuqarolik jamiyatini o‘rganish instituti, O‘zbekiston Ekologik harakati kabi jamoat tashkilotlarining vakillari, jurnalistlar, oliy o‘quv yurtlarining jurnalistika fakultetlarining professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori A.Abdullayev, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi raisining o‘rinbosari D.Siddiqov, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi SH.G‘ulomov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yurtimizda fuqarolik jamiyati institutlari tizimida ommaviy axborot vositalarining o‘rni va rolini yanada mustahkamlash, ularni erkinlashtirish, nodavlat matbuot nashrlari faoliyatini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlashdi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligini ta’minlash qat’iy belgilab qo‘yilgan. Yurtimizda qabul qilingan sohaga oid bir qator qonunlar axborot erkinligini kafolatlash, shaxs, jamiyat va davlatning axborot xavfsizligini ta’minlash, milliy axborot makonini rivojlantirish, bosma va elektron media-tarmoqlarda sog‘lom raqobat muhitini yaratishda muhim omil bo‘lmoqda. Ommaviy axborot vositalari erkinligi va mustaqilligini yanada mustahkamlash, mualliflik huquqlari va intellektual mulkni ishonchli himoya qilishning huquqiy kafolatlari va mexanizmlarini kuchaytirish, axborot sohasiga bozor mexanizmlarini izchil joriy qilish – doimiy e’tiborda.
Davlatimiz rahbarining ma’ruzasida fuqarolik jamiyati institutlarining yanada rivojlanishiga erishishda ommaviy axborot vositalarining ahamiyati g‘oyat katta ekanligi alohida ta’kidlandi. Ma’ruzada ilgari surilgan g‘oyalar, fikr-mulohazalar, amaliy tavsiyalar ommaviy axborot vositalari erkinligi va mustaqilligini yanada mustahkamlashda, ularning fuqarolik jamiyati institutlari tizimidagi o‘rni va rolini yanada oshirish va kuchaytirishda, fuqarolarning so‘z erkinligi va tanlash erkinligini ta’minlashga qaratilgan konstitutsiyaviy huquqlarini yanada to‘liq ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Konferensiyada ommaviy axborot vositalari faoliyatining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, jamoatchilik nazoratini ta’minlashda, jamiyatda aholining siyosiy madaniyatining yuksalishi va saylov tizimining rivojida ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirishga oid mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |