Avtotebranishlar – biror tizimda tashqi ta’sir ishtirokisiz yuzaga keladigan soʻnmas tebranishlar. Bunda tebranishlar amplitudasi va davri shu tizimning oʻz xususiyatlari bilan aniqlanadi. A. shu xususiyati bilan amplitudasi va davri tashqi ta’sirga bogʻliq boʻlgan majburiy tebranishlardan farq qiladi. A. vujudga keladigan tizimlar avtotebranma tizimlar deyiladi. Koʻpchilik hollarda avtotebranma tizimlar 3 asosiy element: tebranma tizim, tebranishlarni soʻndirmaslik uchun energiya manbai va manbadan tebranma tizimga energiya uzatilishini boshqaruvchi qurilmadan tashkil topadi. Masalan, soatlarda bu 3 element – mayatnik, siqilgan spiral prujina va ankerli mexanizimdir. A.ga spiral prujina energiyasi yoki koʻtarilgan yuk energiyasi hisobiga ishlaydigan soatlar mayatnigining tebranishi, lampali generatordagi elektr toki tebranishlari va boshqa misol boʻla oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |