O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
AVTOMOBIL TRANSPORTI SOHASIDA KADRLAR MALAKASINI OSHIRISH VA ULARNI QAYTA TAYYORLASH TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA O‘zbekiston Respublikasining “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida” va “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunlariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida” 2019-yil 15-fevraldagi PQ-4193-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq faoliyati transport vositalaridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan yuridik shaxslarning yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan tasdiqlangan maxsus dasturlar bo‘yicha vaqti-vaqti bilan, har uch yilda kamida bir marta o‘z malakasini oshirib, malaka imtihoni topshirishi kerakligi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Shunday tartib belgilansinki, unga muvofiq:
yo‘lovchilar va yuklarni avtomobil transportida tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarning tashish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mas’ul rahbari, rahbar o‘rinbosari, transport bo‘limi rahbari va (yoki) harakat xavfsizligi mutaxassislariga (keyingi o‘rinlarda — xodimlar) nisbatan litsenziyalar olish uchun hujjatlar taqdim etish va avtomobil transportida tegishli tashishlarni amalga oshirish uchun har besh yilda attestatsiyadan o‘tish talablari bekor qilinadi;
yo‘lovchilar va yuklarni avtomobil transportida tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar xodimlarining bilimi, malaka darajasi va kasbiy mahorati malaka talablariga muvofiqligi Transport vazirligi tomonidan tasdiqlangan maxsus dastur bo‘yicha ushbu xodimlarning kamida har uch yilda bir marta o‘z malakasini oshirganligi to‘g‘risida berilgan malaka sertifikatiga muvofiq aniqlanadi;
yo‘lovchi va yuklarni avtomobil transportida tashish ushbu sohada kamida uch yil ish stajiga, avtomobil yoki texnik yo‘nalishda oliy kasbiy ma’lumotga va malaka sertifikatiga ega xodimi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi;
avtomobil yoki texnik yo‘nalishda oliy kasbiy ma’lumotga ega bo‘lish sharti maxsus uskuna bilan jihozlangan avtotransport vositasida qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni (axlat) tashish va kommunal xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslarning xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Quyidagilar:
Avtomobil transporti sohasida kadrlar malakasini oshirish kurslarini tugatganlik haqidagi sertifikat hamda Avtomobilda xalqaro tashuvchining kasbiy mahorat sertifikati namunalari va tavsiflari 1 va 1a-ilovalarga muvofiq;
Avtomobil transporti sohasida kadrlarni qayta tayyorlash haqidagi diplom namunasi va tavsifi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasining avtomobilda xalqaro tashishlarni tartibga soluvchi xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan boshqa kasbiy mahorat sertifikatlari (guvohnomalari)ning berilishi ushbu shartnomalar qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi uch oy muddatda:
avtomobil transporti sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash davlat ta’lim talablarini ishlab chiqish hamda ta’lim oluvchilarning bilim, malaka va ko‘nikmalarini baholash tartibini belgilash;
avtomobil transporti sohasida kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslarining yo‘nalishlari, mavzulari, davomiyligi, shuningdek kurslarda o‘qitiladigan kadrlar toifalari ro‘yxatini lavozimlar, kasblar va mutaxassisliklar kesimida shakllantirish;
avtomobil transporti sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash o‘quv rejasi va dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
ta’lim muassasalarida malaka oshirish kursi bitiruvchilariga elektron sertifikatlar berish amaliyotini joriy etish maqsadida identifikatsiya raqami va QR-kod hamda himoya elementlarini nazarda tutuvchi “Elektron sertifikatlar repozitoriysi” tizimi va dasturiy ta’minotini yaratish choralarini amalga oshirsin.
5. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-iyuldagi 636-son qarori bilan tasdiqlangan Avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga3-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
mazkur qarorning mazmuni va mohiyati to‘g‘risida tashuvchilar o‘rtasida muntazam ravishda targ‘ibot ishlarini olib borsin;
o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Ushbu qaror rasman e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri I.R. Maxkamov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV Toshkent sh.,
2021-yil 29-iyun,
399-son