a) buxgalteriya hisobini yo’lga qo’yish, qayta tiklash va yuritish. Buxgalteriya hisobini yo’lga qo’yish xizmati ko’plab tadbirlarni va avvalo uzoq muddatli hisob siyosatini aniqlash, buxgalterlik hisobining shaklini tanlash, texnik vositalar majmuini tanlash, buxgalterlik xizmatining tuzulmasini shakllantirish, hujjatlar aylanish grafigini va buxgalter xodimlarning xizmat vazifalarini ishlab chiqish va boshqalarni o’z ichiga oladi. Ushbu tadbirlarni o’tkazish natijasida buyurtmachi korxonada buxgalteriya hisobini tashkil etish to’g’risida qaror qabul qilinadi.
Mazkur xizmat turining o’zi bir martalik xususiyatga ega bo’lib, yangidan tashkil etilayotgan korxonalarda alohida auditorlik tashkilotlari tomonidan buxgalteriya (moliyaviy, boshqaruv) hisobini tashkil etish texnologiyasiga talab juda katta. Buxgalteriya hisobini yo’lga qo’yish bo’yicha ko’rsatiladigan professional xizmatning davomi sifatida auditorlik tashkiloti mijoz-korxona buxgalteriyasi uchun bo’lim buxgalterlaridan tortib to bosh buxgalter va moliya ishlari bo’yicha xodimlarni tanlashi va o’qitib berishi ham mumkin.
Buxgalteriya hisobini qayta tiklash xizmati ham ma’lum davr ichida bajariladi va bir martalik xususiyatga ega.
Hisobni qayta tiklash – ancha murakkab ish bo’lib, u auditorlik tashkilotining eng malakali mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi.
O’zbekiston Respublikasi «Buxgalteriya hisobi to’g’risida» gi qonunning 7- moddasiga muvofiq o’zining buxgalteriya xizmatiga ega bo’lmagan tashkilotda buxgalteriya hisobi shartnoma asosida ixtisoslashtirilgan buxgalteriya markazi yoki tarkibiga buxgalteriya sub’ekti ham kiradigan xo’jalik birlashmasining hisobga olish bo’limi tomonidan amalga oshiriladi. SHu munosabat bilan auditorlik tashkilotlari bunday ixtisoslashtirilgan tashkilot rolini muvaffaqiyat bilan bajarishlari mumkin.
Auditorlik tashkiloti o’z mijoziga hisob yuritishi uchun hisob siyosatini ishlab beradi, buxgalterlik hisobining ishchi schyotlar rejasini tuzadi, analitik schyotlar va hisob registrlarining tarkibini loyihalashtiradi, hisob yuritish shaklini tavsiya etadi.
Agar mijoz-korxona professional xizmatlar uchun shartnoma tuzilayotgan paytda zarur tashkiliy texnikalar – kompyuterlar, printerlar, aloqa vositalariga ega bo’lmasa, u holda auditorlik tashkiloti xodimlari o’z mijozi uchun qulay texnik vositalarni tanlash bo’yicha tavsiya berishi yoki tanlab, o’rnatib va dastur ta’minotini tuzib berishi, hamda ma’lumotlar bazasini to’ldirishga doir ishlarni bajarishi mumkin.
Auditorlik tashkilotining xodimi (xodimlari) mijoz hohishiga ko’ra bevosita buyurtmachining ish joyida ishlab, u (buyurtmachi) auditorlarni zarur uskunalar bilan ta’minlash, ish joyini tashkil etish va boshqa majburiyatlarni o’z zimmasiga oladi. Agar mijoz-korxona tashkiliy texnikalarni sotib olish uchun yetarli mablag’ga ega bo’lmasa yoki uni sotib olishni maqsadga muvofiq emas deb hisoblasa, hamda auditorlik tashkiloti xodimlari mijozning ish joyida ishlashlari uchun shart-sharoitlar bo’lmasa, u holda buyurtmachi dastlabki hujjatlarni o’z vaqtida taqdim etish bo’yicha majburiyatlarni to’liq zimmasiga oladi. Dastlabki hujjatlarni auditorlik tashkilotiga yetkazib berish, hujjatlarning saqlanishini ta’minlash, kompyuter yordamida hujjatlarga ishlov berish, analitik va sintetik hisob registrlarini yuritish, dastlabki hujjatlar va tuzulgan buxgalteriya hisobi registrlarini mijozga yetkazib berish va boshqalarga doir ishlarni auditorlik tashkiloti o’z zimmasiga oladi.
Hisob yuritish hisobning barcha turlari va uchastkalari (to’liq hisob yuritish) kabi, hisobning alohida uchastkalari va bo’limlari bo’yicha ham (moddiy boyliklar harakatini hisobga olish – agar buyurtmachining ombori uning markaziy ofisidan uzoqda joylashgan bo’lsa; mehnatga haq to’lash bo’yicha hisob-kitoblar va boshqalar bo’yicha) amalga oshirilishi mumkin.
Ushbu professional xizmat bayonidan ko’rinib turibdiki, buyurtmachi-korxonada, buxgalteriya xizmati yo’q, natijada hisobot tuzish, soliq deklaratsiyalarini to’lg’azish, buxgalteriya hisobotlari va soliq deklaratsiyalarini davlat soliq inspeksiyasi (DSI) va boshqa muassasalarda himoya qilishni topshirish mumkin bo’lgan malakali hodimi ham yo’q. shuning uchun qoidaga ko’ra, mijoz-korxona buxgalterlik (moliyaviy) hisobotni tuzish, buxgalterlik (moliyaviy) hisobotlar va soliq deklaratsiyalarini davlat soliq inspeksiyasi (DSI) da himoya qilish kabi xizmat turlarini ham shartnomaga kiritishi mumkin.
b)
Do'stlaringiz bilan baham: |