3.O‘zbekistonda auditorlik nazoratini takomillashtirish masalalari.
Auditning xalqaro standartlarini O‘zbekiston Respublikasida me’yoriy hujjat
sifatida qabul qilish talabi dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018
yil 19 sentyabrdagi PQ-3946-son “O‘zbekiston Respublikasida auditorlik
faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida keltirilgan.
Mazkur hujjatning 5b-bandida O‘zbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati
to‘g‘risida”gi qonuniga tegishli o‘zgartirishlar kuchga kiradigan kundan boshlab
auditorlik tashkilotlari auditorlik faoliyatini faqat Xalqaro buxgalterlar
federatsiyasi tomonidan nashr etiladigan xalqaro audit standartlari asosida amalga
oshirishi belgilangan. Shuningdek, qarorning 3-bandida 2019 yilning 1 yanvaridan
boshlab O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga auditorlarning respublika
jamoat birlashmalari bilan birgalikda har uch yilda kamida bir marta auditorlik
tashkilotlari ishining sifati tashqi nazoratdan o‘tkazish vazifasi yuklatilgan.
Respublikamizda auditorlik faoliyatini auditning xalqaro standartlari asosida
amalga oshirish shartlari O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 25 fevraldagi
O‘RQ-677-son “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunida keltirilgan.
Qonunning 9-moddasiga muvofiq Xalqaro buxgalterlar federatsiyasining Audit va
ishonchni ta’minlaydigan topshiriqlarning xalqaro standartlari bo‘yicha kengashi
tomonidan e’lon qilinadigan auditning xalqaro standartlari hamda sifat
nazoratining xalqaro standartlari, tahliliy tekshiruvlarning xalqaro standartlari,
ishonchni
ta’minlaydigan topshiriqlarning xalqaro standartlari, turdosh
xizmatlarning xalqaro standartlari respublikamiz auditorlik tashkilotlari rioya
etishlari shart bo‘lgan auditorlik faoliyati standartlari deb ko‘rsatilgan. Qonunda
auditorlik tekshiruvlarning ichki va tashqi sifat nazoratini tashkil etish qoidalari
ham qayd etilgan: Xususan, qonunning 45-moddasiga muvofiq auditorlar ishi
sifatining ichki nazorati auditorlik tashkiloti tomonidan auditorlik faoliyati
standartlariga binoan amalga oshirilishi va u auditorlik xizmatlari ko‘rsatish
chog‘ida majburiy ekanligi ko‘rsatilgan. Auditorlik tashkiloti ishi sifatining tashqi
nazorati, qonunning 46-moddasiga muvofiq, Moliya vazirligi amalga oshiradigan,
auditorlik tashkilotlari tomonidan qonunchilik talablarini va auditorlik faoliyati
standartlarini buzishlarni aniqlashga hamda kelgusida ularning oldini olishga
qaratilgan chora-tadbirlar tizimidir deb ta’kidlangan.
Auditning xalqaro standartlarini tan olish shartlari sifatida qonunda
quyidagilar belgilangan:
- auditorlik faoliyati O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid
bo‘lmagan, Xalqaro buxgalterlar federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasida
e’lon qilish to‘g‘risidagi ruxsatnomasi asosida auditorlik faoliyati sohasidagi
vakolatli davlat organi (Moliya vazirligi)ning rasmiy veb-saytida joylashtirilgan
auditorlik faoliyati standartlari asosida amalga oshiriladi;
- auditning xalqaro standartlarini O‘zbekiston Respublikasi hududida
qo‘llash uchun ularni tan olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar
Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Auditning xalqaro standartlarini O‘zbekiston
Respublikasida tan olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
2022 yil 11 apreldagi 171-son “O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘llash uchun
auditning xalqaro standartlarini tan olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash
haqida”gi qarori bilan kuchga kirdi. Mazkur qarorga muvofiq O‘zbekiston
Respublikasi hududida auditning xalqaro standartlarini joriy etish to‘g‘risidagi
qaror Moliya vazirligi tomonidan qabul qilinadi va O‘zbekiston Respublikasi
moliya vazirining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini yanada
rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 19 sentyabrdagi PQ3946-son
qaroriga muvofiq auditorlik tashkilotlari auditorlik faoliyatini faqat Xalqaro
buxgalterlar federatsiyasi tomonidan nashr etiladigan xalqaro audit standartlari
asosida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi
moliya vazirining auditning xalqaro standartlarni O‘zbekiston Respublikasi
hududida qo‘llash uchun tan olish to‘g‘risidagi buyrug‘i Adliya vazirligida davlat
ro‘yxatdan o‘tkazish talab etilmaydi.
Bugungi kunda auditning xalqaro standartlari o‘zbek tiliga tarjima qilindi,
lekin xalqaro standartlarni amaliyotga joriy qilish bo‘yicha Moliya vazirining
tegishli buyrug‘i qabul qilinmagan. Auditning xalqaro standartlarini amaliyotga
joriy qilish bo‘yicha moliya vazirining tegishli buyrug‘i qabul qilingandan
keyingina mazkur standartlar respublikamiz auditorlik tashkilotlari, auditorlar va
auditorlarning respublika jamoat birlashmalari uchun auditorlik faoliyatini amalga
oshirishda majburiy bo‘ladi. Shu bilan birgalikda, O‘zbekiston Respublikasi
auditorlik faoliyatining milliy standartlari Adliya vazirligida 2021 yilning 30
iyulida 3316-son bilan ro‘yxatga olingan moliya vazirining buyrug‘iga muvofiq
o‘z kuchini yo‘qotgan. Respublikamiz auditorlik tashkilotlari bugungi kunda
huquqiy jihatdan bo‘shliqda faoliyat yuritishmoqda: auditorlik faoliyatining milliy
standartlari bekor qilingan va auditning xalqaro standartlari rasmiy tarzda qabul
qilinmagan. Auditning sifati nazoratiga bag‘ishlangan auditning xalqaro
standartlarida ham o‘tgan yilda tegishli o‘zgarishlar yuz berdi. Audit sifatini
muvofiqlashtiruvchi xalqaro standartlardagi o‘zgarishlar. Jahonda moliyaviy
inqirozlarni global iqtisodiyotga salbiy ta’sirini oldini olish, korxonalarning
moliyaviy hisobotlariga investorlarning ishonchini mustahkamlash zarurati
auditorlik xizmatlarining sifatiga bo‘lgan talablarni qayta ko‘rib chiqishni taqozo
qilmoqda. Audit bozorini tartibga soluvchi davlat organlarining ma’lumotlariga
ko‘ra oxirgi 5 yil ichida auditning sifat ko‘rsatkichlari dinamikasida sezilarli
salbiy o‘zgarishlar kuzatilmagan bo‘lsada, jamiyatda audit sifatiga bo‘lgan talab
tobora kuchayib bormoqda. Masalan, Buyuk Britaniyada auditorlik tekshiruvlari
sifatining holatini o‘rganish natijasida audit sifatini muvofiqlovchi standartlarni
takomillashtirish zarur degan xulosaga kelingan.
Auditning sifatini boshqarish sohasida to‘planib qolgan muammolarni
yechimi sifatida IAASB (Xalqaro audit va axborot ishonchligini kafolatlovchi
standartlar bo‘yicha kengash) quyidagi yangi auditning xalqaro standartlarini
ishlab chiqdi va bitta standartni qayta ko‘rib chiqdi:
- “Auditorlik tashkilotlarida moliyaviy hisobotlarni tekshirish yoki ko‘rib
chiqish, shuningdek ishonchni ta’minlaydigan boshqa vazifalarni yoki tegishli
xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha vazifalarni bajarish sifatini boshqarish” nomli 1-
son standart (ISQM 1);
- “Sifatni tekshirish vazifalari” nomli 2-son standart (ISQM 2);
- “Moliyaviy hisobotlar auditini o‘tkazishda sifat nazorati” nomli qayta
ishlab chiqilgan 220-son standart (ISA 220). IAASBning fikricha yangi standartlar
auditorlik tashkilotining sifatni boshqarish (menejmenti)ga bo‘lgan yondashuvini
yangilaydi va mustahkamlaydi.
2022 yilning 15 dekabrida kuchga kirgan mazkur yangi standartlar
yordamida IAASB rivojlanayotgan va tobora murakkablashib borayotgan audit
sohasiga, shu jumladan audit sifatidan manfaatdor tomonlarning ortib borayotgan
talablariga, profilaktik va moslashuvchan sifatni boshqarish tizimlariga bo‘lgan
ehtiyojga e’tibor qaratmoqda. Barcha uchta standart 2022 yilning 15 dekabridan
keyin boshlanadigan davrlar uchun tayyorlangan moliyaviy hisobotlarni tekshirish
uchun majburiydir. Shuningdek, 2022 yilning 15 dekabr holatiga auditorlik
tashkilotlarida ishlab chiqarishga joriy qilingan va ishlayotgan sifatni boshqarish
tizimi bo‘lishi lozim. Yangi qabul qilingan standartlar IAASBning amalda bo‘lgan
1-son va 220son auditning xalqaro standartlarini almashtirdi. Sifatni boshqarish
bo‘yicha yangi qabul qilingan standartlarni auditning xalqaro standartlari asosida
auditorlik xizmatlarini ko‘rsatayotgan mahalliy auditorlik tashkilotlari qo‘llashlari
shart.
Bugungi kunda jahonda audit sifatiga bo‘lgan talabning o‘sishi natijasida
audit sifati nazoratini muvofiqlashtiruvchi bitta milliy standart o‘rniga 3ta xalqaro
standart talablarini amaliyotga joriy etish lozim. ISQM 1 standarti o‘z maqsad va
vazifalari jihatidan 5-son AMSga yaqin standart bo‘lib, ikkala standartlar ham
auditorlik tashkilotlari uchun bajarishga majburiy bo‘lgan me’yoriy hujjatlardir. 5-
son AMSning 2bandiga muvofiq standartning maqsadi auditorlar ishi sifati ustidan
nazorat qilish me’yorlarini aniqlash va belgilash bo‘lsa, ISQM 1 – auditorlik
tashkilotidan sifatni boshqarish tizimini ishlab chiqish, amalga oshirish va
ishlashini ta’minlashni talab qiladi.
Ikki standartning bir biridan yana bir farqli jihati:
- 5-son AMS standartning talablari barcha auditorlik tashkilotlari uchun
rasmiy auditorlik xulosasini tayyorlashni ko‘zda tutuvchi auditorlik tekshiruvlarida
qo‘llanishi majburiydir;
- ISQM 1 standarti Xalqaro buxgalterlar federatsiyasining Audit va
ishonchni ta’minlaydigan topshiriqlarning xalqaro standartlari bo‘yicha kengashi
tomonidan e’lon qilinadigan auditning xalqaro standartlari hamda sifat
nazoratining xalqaro standartlari, tahliliy tekshiruvlarning xalqaro standartlari,
ishonchni
ta’minlaydigan topshiriqlarning xalqaro standartlari, turdosh
xizmatlarning xalqaro standartlari asosida auditorlik xizmatlarini ko‘rsatishda
majburiy tarzda qo‘llanadi.
Natijalar. Sifatni boshqarish bo‘yicha auditning xalqaro standartlarini
amaliyotda qo‘llashda respublikamizning auditorlik tashkilotlari bir qator tashkiliy
va amaliy muammolarni hal etishlari zarur. Masalan, yangi qabul qilingan sifatni
boshqarish bo‘yicha auditning xalqaro standartlari asosida:
- auditorlar malakasini oshirish;
- auditorlik tashkilotining ichki standartlarini ishlab chiqish va yangi
standartlar ta’sir qilgan boshqa auditning xalqaro standartlari bo‘yicha ishlab
chiqilgan ichki standartlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritish;
- auditorlik tekshiruvlarining tashqi sifat nazorati uslubiyati va test
savollarini ishlab chiqish. IAASB yangi standartlarni yaxshiroq tushunish,
amaliyotga joriy etishga ko‘maklashish uchun har bir standart uchun maxsus
qo‘llanmalarni ishlab chiqqan .
ISQM 1 sifatni boshqarish tizimini shakllantirish orqali auditorlik
tashkilotining sifat uchun javobgarligini muvofiqlashtiradi . ISQM 1 amaldagi
IAASBning xalqaro standarti “Moliyaviy hisobotlarni va boshqa ishonchli
vazifalarni va tegishli xizmatlarni tekshirish va ko‘rib chiqadigan firmalar uchun
sifat nazorati” nomli ISQC 1ni o‘rnini bosadi. Yangi standartning eski standartdan
farqli jihatlaridan biri, bu “Sifat nazorati” tushunchasi o‘rniga “Sifatni boshqarish”
tushunchasini kiritilgani va yangi standartni qoidabuzarlikni oldini olishga
qaratilganidir. Standartning eski va yangi tahrirlari orasidagi yana bir farq
shundaki, yangi tahrirda standart, sifatga ta’sir ko‘rsatadigan xatarlar asosida,
vazifalarni tanlashga e’tiborni kuchaytirishni talab qiladi. Xatarlar darajasi yuqori
bo‘lgan va bu xatarlarni boshqarish imkoni bo‘lmagan vazifalarni auditorlik
tashkiloti qabul qilmasligi lozim. Auditorlik tashkilotining asosiy vazifasi
standartning 14-bandida aniq belgilangan: sifatni boshqarish tizimini yaratish, joriy
etish va undan foydalanish.
Bu, shuningdek, ichki nazorat tizimlarining bir turi va boshqa har qanday
ichki nazorat tiziminida bo‘lgani kabi, sifatni boshqarish tizimining ham o‘z
vazifasi bo‘lishi kerak. 14-bandda vazifalar butun auditorlik tashkiloti va uning
sifatni boshqarish tizimi nuqtai nazaridan shakllantirilgan. ISQM 1ga muvofiq
auditorlik tashkiloti o‘zi bajargan topshiriqlar (xizmatlar)ning sifatini ta’minlash
maqsadida sifatni boshqarish tizimini ishlab chiqishi kerak. Sifat nazoratidan
sifatni boshqarishga o‘tilishi xatarlarni baholash orqali ta’minlanadi, ya’ni sifatni
ta’minlash uchun xatarlarni boshqarish talab etiladi. Sifatni boshqarish tizimini
ishlab chiqish, joriy qilish va ishlatishga auditorlik tashkilotining barcha xodimlari
mas’uldirlar.
Auditning sifatini ta’minlash audit topshiriqlarini bajarishda ISA 220ga
muvofiq auditorlar guruhi tomonidangina emas, balki ISQM 1 va ISQM 2larga
auditorlik tashkiloti tomonidan ta’minlanadi. ISQM 1 bo‘yicha sifatni boshqarish
- bu asosiy sifat ko‘rsatkichlariga erishishga qaratilgan yanada faol harakat bo‘lib,
unga ushbu maqsadlar uchun xavflarni aniqlash va ularga javob berish orqali
erishiladi. Standartda auditorlik tashkiloti rahbariyatiga sifatni ta’minlash bo‘yicha
ko‘proq mas’uliyat yuklangan. Oldingi tahrirdagi standart auditorlik tashkilotining
ishbilarmonlik muhitini belgilovchi omillar - yangi texnologiyalar, tashqi xizmat
ko‘rsatuvchi provayderlar, tarmoqlarni hisobga olgan holda yangilangan.
Standartda aloqa masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. ISQM 1 sifatni
boshqarish tizimining tarkibiy qismlarini ishlab chiqish, amalga oshirish va
ishlashini ta’minlashda auditorlik tashkiloti xatarlarga asoslangan yondashuvni
qo‘llashini talab qiladi. IAASB fikricha, shunda auditorlik tashkiloti o‘zi
bajaradigan vazifalar sifatini boshqarishda faol harakat qilishi mumkin bo‘ladi.
Xususan, standart auditorlik tashkilotida auditorlik xizmatlari sifatini nazorat
qiluvchi mas’ul xodimni tayinlash tartibini va mazkur xodimga qo‘yiladigan
malaka talablarini hamda ko‘rsatilgan xizmat sifatini tekshirishni o‘tkazish va
hujjatlashtirish tartibini muvofiqlashtiradi.
ISQM 1 takrorlanadigan va integrallashgan holda ishlaydigan sakkizta
komponentdan iborat:
a) auditorlik tashkilotida xatarlarni baholash jarayoni. Xatarlarni baholashga
asoslangan yondashuvni ifodalaydi va auditorlik tashkilotlaridan sifat maqsadlarini
belgilash, sifatga ta’sir ko‘rsatadigan xatarlarni aniqlash va baholash, sifat
xatarlarini bartaraf etishga qaratilgan javob choralarini ishlab chiqish va amalga
oshirishni talab qiladi.
b) boshqaruv organi va boshqarish. Mazkur komponent, shuningdek,
auditorlik
tashkiloti
rahbariyatining
sifat
bo‘yicha mas’uliyatlari va
majburiyatlarini o‘z ichiga oladi. ISQM 1ning alohida talablari rahbarlik
funksiyasi topshirilgan shaxslarning malakasiga va ularning ish samaradorligini
har yili baholab borishga qaratilgan.
v) axloq talablariga muvofiqlik. Tegishli axloqiy talablarga, shu jumladan
mustaqillik talablariga muvofiq majburiyatlarni bajarishga qaratilgan sifat
maqsadlarini belgilashni talab qiladi.
g) mijoz bilan munosabatlar o‘rnatish va / yoki davom ettirish hamda aniq
bir vazifa bo‘yicha ishlash to‘g‘risida qaror qabul qilish. Mijoz bilan
munosabatlarni qabul qilish yoki davom ettirish yoki muayyan kelishuv to‘g‘risida
auditorlik tashkilotining qarorlari asosida sifatli maqsadlarni belgilashni talab
qiladi.
d) vazifani bajarish. Sifatli vazifalarni bajarish bilan bog‘liq sifat
maqsadlarini belgilashni talab qiladi. Bu auditorlik tashkiloti jamoasi va loyiha
hamkori, boshqarish, nazorat va sharh, maslahat, fikrlardagi farqlar, shuningdek,
topshiriq bo‘yicha hujjatlarni yig‘ish va texnik vazifalarini o‘z ichiga oladi.
ye) resurslar. Resurslarni to‘g‘ri qabul qilish, ishlab chiqish, foydalanish,
qo‘llab-quvvatlash va o‘z vaqtida taqsimlash bilan bog‘liq sifat maqsadlarini
belgilashni talab qiladi. U sifatni boshqarish tizimining ishlashi va vazifalarni
bajarish uchun zarur bo‘lgan inson resurslari, texnologik resurslar va intellektual
resurslarni (masalan, auditorlik tashkilotining metodologiyasi, ko‘rsatmalari,
shablonlari yoki protseduralari) qamrab oladi. yo) axborot tizimi va axborot
almashuvi. Sifatni boshqarish tizimiga tegishli ma’lumotlarni tayyorlash, olish
yoki ishlatish hamda auditorlik tashkilotining ichida va tashqi manbalar bilan o‘z
vaqtida axborot almashinuvi bo‘yicha talablarni belgilashni taqozo qiladi.
j) monitoring jarayoni va kamchiliklarni bartaraf etish. Sifatni boshqarish
tizimining tarkibi, tadbiq etilgani va ishlashi to‘g‘risida ishonchli, dolzarb
ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etilishi uchun auditorlik tashkiloti butun bir
tizimni nazorat etishini talab qiladi.
ISQM 2 sifat boshqaruvi tizimida auditorlik tashkilotida sifatni ta’minlashga
mas’ul bo‘lgan xodimni tayinlash, uning ishini tashkil etish va hujjatlashtirishga
mo‘ljallangan
Mazkur standart auditorlik tashkilotida topshiriq sifatini nazorat qiluvchi
shaxsni tayinlash tartibi va ushbu shaxs javob berishi kerak bo‘lgan mezonlar,
topshiriq sifatini nazorat qilishni amalga oshiruvchi shaxsning topshiriq sifatini
nazorat qilish va hujjatlashtirish bo‘yicha majburiyatlarini belgilaydi. Auditorlik
tashkiloti auditorlik xizmatlarini ko‘rsatishda ISQM 1 talablarini bajaradigan
barcha holatlarda ISQM 2ga ham amal qiladi. Auditorlik topshirig‘ini bajarishda
sifatni ta’minlash bo‘yicha harakatlar ISQM 1 bilan uzviy bog‘liqdir. Auditorlik
tashkilotining maqsadi belgilangan mezonlarga javob beradigan topshiriq sifatini
tekshiradigan shaxsni tayinlash orqali ishchi guruhining muhim mushohidalarini va
ular asosida chiqarilgan xulosalarini ob’ektiv baholashdan iborat. Auditorlik
tashkiloti topshiriq sifatini tekshiradigan shaxs javob berishi lozim bo‘lgan
quyidagi talablarni ishlab chiqishi va ularga amal qilishi talab qilinadi: topshiriqni
bajaradigan ishchi guruh a’zosi bo‘lmasligi; tegishli malakaga, ish tajribasiga, o‘z
vazifalarini bajarish uchun yetarli darajadagi bo‘sh vaqtga va vakolatlarga ega
bo‘lishi; tegishli axloqiy talablarga, shu jumladan topshiriq sifatini nazorat qiluvchi
shaxs tomonidan ob’ektivlik va mustaqillik tamoyillariga rioya qilmaslik tahdidi
bilan bog‘liq talablarga rioya qilish; amaldagi qonunchilik va me’yoriy hujjatlar
talablariga rioya etishi. Auditorlik tashkiloti topshiriq sifatini nazorat qilishni
amalga oshiruvchi shaxs topshiriq sifatini nazorat qilishni hujjatlashtirish uchun
javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga majbur bo‘lgan siyosat yoki tartiblarni
belgilashi kerak. Topshiriqning sifatini nazorat qiluvchi shaxs topshiriqning sifatini
nazorat qilish to‘g‘risidagi hujjatlar ushbu topshiriqdan bexabar bo‘lgan tajribali
amaliyotchi uchun protseduralarning tabiati, vaqti va ko‘lamini, audit natijalari
asosida qilingan xulosalarni tushunishi uchun yetarli ekanligini belgilashi kerak.
ISA 220 (qayta ko‘rib chiqilgan) auditorning maqsadi sifat darajasiga erishishda
oqilona ishonchni olish uchun vazifa darajasida sifatni boshqarishdir. Buning
uchun auditor vazifani auditning xalqaro standartlariga, shuningdek amaldagi
huquqiy va me’yoriy talablarga muvofiq o‘tkazadi.
Mazkur standart moliyaviy hisobotlarni tekshirishga taalluqlidir va loyiha
(vazifa) rahbari audit topshirig‘i darajasida sifatni qanday boshqarishini tavsiflaydi.
Vazifa rahbari vazifa darajasida sifatni boshqarish va unga erishish, o‘z vaqtida
tayinlangan yoki taqdim etilgan yetarli va tegishli resurslarning mavjudligini
aniqlash, shuningdek yetakchilikning tabiati, vaqti va darajasini aniqlash, nazorat
va ko‘rib chiqish uchun javobgar ekanligi aniq ko‘rsatilgan. Auditorlik xizmatlari
ko‘rsatilayotganda mazkur standart talablariga amal qilinishi shart. Bu mas’uliyatni
vazifa rahbari o‘z zimmasiga olishi lozim. Vazifa rahbari tegishli axloqiy
talablarni, shu jumladan ma’lum bir auditorlik topshirig‘ining mohiyati va
sharoitlarini hisobga olgan holda qo‘llaniladigan mustaqillik talablarini tushunishi
va ularga amal qilishi kerak. Butun auditorlik topshirig‘i davomida vazifa rahbari
ishchi guruh a’zolari tomonidan tegishli axloqiy talablar yoki auditorlik
tashkilotining tegishli siyosati va tartib-qoidalari buzilganligi to‘g‘risida
monitoring olib borishi va kerak bo‘lganda guruh a’zolari ichida so‘rov o‘tkazishi
kerak. Vazifa rahbari topshiriq uchun yetarli va tegishli resurslar ajratilishini
ta’minlashi kerak yoki ular auditorlik topshirig‘ining mohiyati va sharoitlarini,
auditorlik tashkilotining siyosati va tartibqoidalarini hisobga olgan holda ishchi
guruhga o‘z vaqtida taqdim etilishi kerak. Vazifa rahbari o‘z guruhi a’zolari
uchun, auditorlik tashkilotida qabul qilingan tartib va qoidalarga muvofiq,
murakkab yoki munozarali masalalar bo‘yicha konsultatsiyalar tashkil etishga
mas’uldir.
Xulosa
.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi yuritadigan Auditorlik
tashkilotlarining reestrida 2022 yil 30 dekabr holatiga ko‘ra 126ta auditorlik
tashkiloti ro‘yxatga olingan bo‘lib, ushbu ro‘yxatdagi 103ta auditorlik tashkilotida
auditorlar soni 6tadan kam va 23ta auditorlik tashkilotlari esa auditorlar soni
6tadan ko‘p. Shu jumladan, auditorlarining soni 10 – 17ta bo‘lgan auditorlik
tashkilotlarining soni 6ta. Demak, respublikamizdagi auditorlik tashkilotlarining
aksariyat qismi kichik korxonalar bo‘lib, auditorlarning soni 6tadan ortiq emas.
Shu sababli sifatni boshqarish bo‘yicha auditning xalqaro standartlari talablarini
bajarish tartibini ko‘lami katta bo‘lmagan auditorlik tashkilotida joriy etish nuqtai
nazaridan ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Auditorlik tashkiloti tomonidan ishlab
chiqilgan xatarlarni baholash jarayonining sifatiga auditorlik tashkilotining ko‘lami
va sharoitlari, shu jumladan uning tashkiliy tuzilishi va tarkibi ta’sir qilishi
mumkin. Unchalik murakkab bo‘lmagan auditorlik tashkilotida sifatni boshqarish
tizimining ishlashi uchun mas’ul shaxs auditorlik tashkilotini va u tomonidan
bajariladigan vazifalardagi xatarlarni baholash jarayonini tashkil qilish uchun
yetarlicha yaxshi bilishlari mumkin. Bundan tashqari, sifatni ta’minlash
maqsadlari, sifat bilan bog‘liq xatarlar va ushbu xatarlarga javoban choralar
hujjatlari yanada murakkab tuzilishga ega bo‘lgan auditorlik tashkilotlariga
qaraganda kamroq bo‘lishi mumkin (masalan, ular bitta faylda hujjatlashtirilishi
mumkin).
Auditorlik tekshiruvlarining sifatini nazorat qilish bo‘yicha milliy va
xalqaro standartlarni o‘zaro qiyoslab tahlil qilganda quyidagi umumiy va farqli
jihatlari aniqlandi. Milliy va xalqaro standartlar auditorlik xizmatlarini
ko‘rsatayotgan barcha auditorlik tashkilotlari uchun qo‘llashga majburiy hujjatdir.
Shu bilan birgalikda mazkur standartlarning bir biridan farqli tomonlari mavjud.
“Auditor ishi sifatini nazorat qilish” nomli 5-son auditning milliy standartiga
moliyaviy hisobotlarga xulosa berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishda sifat
nazoratini muvofiqlashtiradi; “Auditorlik tashkilotlarida moliyaviy hisobotlarni
tekshirish yoki ko‘rib chiqish, shuningdek ishonchni ta’minlaydigan boshqa
vazifalarni yoki tegishli xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha vazifalarni bajarish sifatini
boshqarish” nomli 1-son standart (ISQM 1) – auditorlik tashkilotida sifatni
boshqarish tizimini ishlab chiqish, foydalanish va muttasil ishlashini ta’minlashga
bag‘ishlangan; - “Sifatni tekshirish vazifalari” nomli 2-son standart (ISQM 2) –
butun bir standart auditorlik tashkilotida sifatni boshqarish tizimini monitoring
qiladigan vakolatli xodim faoliyatinini muvofiqlashtirishga bag‘ishlangan; -
“Moliyaviy hisobotlar auditini o‘tkazishda sifat nazorati” nomli qayta ishlab
chiqilgan 220-son standart (ISA 220) – umuman olganda o‘z maqsadini
o‘zgartirmagan bo‘lib, mazkur standart audit sifatini boshqarish nuqtai nazaridan
qayta ishlab chiqilgan. Qiyosiy tahlil natijalaridan auditorlik tashkilotlarida auditor
ishini nazorat qilish tizimidan audit sifatini boshqarish tizimiga o‘tishda, auditorlik
tashkilotining ichki standartlarini ishlab chiqishda yoki qayta ishlab chiqishda
foydalansa bo‘ladi. Respublikamizning auditorlik tashkilotlari 2022 yilning 15
dekabrida kuchga kirgan audit sifatini boshqarishni muvofiqlashtiruvchi
IAASBning yangi standartlarini o‘z xodimlari tomonidan o‘rganishni tashkil
etishlari va o‘z ichki hujjatlarini qayta ishlab chiqishlari lozim. Mazkur jarayonda
albatta auditorlarning respublika jamoat tashkilotlari faol ishtirok etishlari kerak
bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |