Talabgor dastlabki besh yillik muddatga sertifikat olish uchun vakolatli davlat organiga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza taqdim etadi:
pasportining ko‘chirma nusxasini;
oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomning yoki ilmiy daraja to‘g‘risidagi hujjatning yoxud chet davlatda olingan oliy ma’lumot yoki ilmiy daraja to‘g‘risidagi hujjatni tan olish haqidagi tegishli vakolatli davlat organi guvohnomasining ko‘chirma nusxasini;
belgilangan davriylik bilan malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan holda, xalqaro buxgalter sertifikatining ko‘chirma nusxasini (mavjud bo‘lgan taqdirda);
mehnat daftarchasining ko‘chirma nusxasini (o‘rindoshlik asosida ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda bu haqda mehnat daftarchasiga yozuv kiritilgan holda, shuningdek xorijdagi ish stajini tasdiqlovchi hujjatni) yoki “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan ko‘chirmani;
arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im to‘langanligi to‘g‘risidagi to‘lov hujjatining ko‘chirma nusxasini.
Auditor sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish uchun uning dastlabki besh yillik muddati yoki navbatdagi o‘n yillik muddati tugashidan uch oy oldin, biroq sertifikatning amal qilish muddati tugashidan ko‘pi bilan olti oy oldin vakolatli davlat organiga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza taqdim etadi
sertifikatning asl nusxasini;
belgilangan davriylik bilan malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, xalqaro buxgalter sertifikatining ko‘chirma nusxasini (mavjud bo‘lgan taqdirda);
mehnat daftarchasining ko‘chirma nusxasini yoki “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan ko‘chirmani;
arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im to‘langanligi to‘g‘risidagi to‘lov hujjatining ko‘chirma nusxasini.
Vakolatli davlat organi sertifikat olish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish uchun ariza kelib tushgan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida talabgorga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish haqida yoki ruxsat berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Sertifikat olish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida yig‘im to‘lanadi.
Malaka imtihoni topshirishiga ruxsat berilgan talabgorlar malaka imtihoni o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy haqida imtihon o‘tkaziladigan kundan kamida o‘n ish kuni oldin yozma yoki elektron shaklda xabardor qilinadi.
Agar talabgor malaka imtihonini topshirishga ikki marta kelmagan bo‘lsa, taqdim etilgan hujjatlar qaytariladi. Bunda sertifikat olish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish uchun arizani ko‘rib chiqish uchun to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.