Dunyodagi yadro-fizik olimlar yangi energiya manbaini yaratish maqsadida doimiy izlanish olib boradi.
Dunyodagi yadro-fizik olimlar yangi energiya manbaini yaratish maqsadida doimiy izlanish olib boradi.
Ana shunday loyihalardan biri termoyadro reaktorini yaratishdir.
Ushbu loyihani amaliyotga tatbiq etishda bir nechta davlatlar ishtirok etmoqda va ular ushbu termoyadro reaktori Fransiyaning Kadarash shahrida bunyod etilishi boʻyicha kelishuvga erishgan edi.
Joriy yilning iyul oyi oxirida ana shu olamshumul ishga qoʻl urildi. Yaʼni Kadarash shahrida Xalqaro termoyadro eksperimental reaktorini (ITER – ITER, International Thermonuclear Experimental Reactor) yigʻish ishlari boshlandi.
Olimlarning fikricha, bunday ulkan qadam dunyo ilm-fani va energetikasi uchun tarixiy voqeadir. ITER reaktori insoniyatni ishonchli, xavfsiz va amalda cheksiz energiya manbai bilan taʼminlashi mumkin. Ayni chogʻda xalqaro olimlar va muhandislar jamoasi ITER reaktorining asosi boʻlgan tokamakni va kelajakda oʻrnatish uchun uskunalarni yigʻish bosqichida. ITER loyihasining vazifasi esa sanoat miqyosida termoyadro energiyasidan foydalanishning ilmiy va texnologik maqsadga muvofiqligini namoyish etish, shuningdek, bunga zarur texnologik jarayonlarni ishlab chiqishdan iboratdir.
“Moskva muhandislik fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkentdagi filiali ijrochi direktori Alisher Sanetullayev ITER loyihasining amaliy ahamiyati haqida oʻz fikrini bayon etdi.
– ITER reaktorini yigʻish boshlanishi dunyo ilmiy hamjamiyati uchun muhim voqea hisoblanadi. Atom elektr stansiyalarida oʻrnatilgan reaktorlar boʻlinish energiyasidan foydalanadi. Bu uran yadrolarining boʻlinishi jarayonida issiqlik energiyasi ajralib chiqqandan keyin elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun ishlatiladi. Shuningdek, sintez reaksiyasi ham mavjud, bu quyosh va yulduzlar misolida koʻrib chiqilishi mumkin. Bunday holda energiya vodorod yadrolari kabi yengil yadrolarning qoʻshilishi tufayli chiqariladi. Yulduzlarning ichki qismida harorat va bosim shunday boʻlib, ular yadrolarning bir-biriga yaqinlashishiga, kulon kuchlarini yengib, yangi yadroga birlashishiga imkon beradi. ITER loyihasi yaratuvchilari yengil yadrolarining sintezi uchun barqaror sharoitlar yaratish, yaʼni termoyadro reaksiyasini yer yuzida ham hosil qilish mumkinligini isbotlamoqchi, – dedi A.Sanetullayev.
Taʼkidlash kerakki, mazkur loyiha dunyo olimlarining ulkan maqsadini mujassam etgan. Bu – termoyadro energiyasidan sanoat miqyosida foydalanish mumkinligini isbotlashdir. Mutaxassislarning fikriga koʻra, ITER 300 million darajagacha haroratda ogʻir vodorod izotoplari bilan termoyadroviy reaksiyalar orqali energiya ishlab chiqarishi kerak. 1 grammdan olingan energiya miqdori bunday reaktor uchun yoqilgʻi 8 tonna neftdan keladigan energiya hajmiga tengdir. Loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish bilan dunyo anʼanaviy manbalarga qaraganda, ancha foydali boʻlgan ishonchli va xavfsiz energiya manbaini qoʻlga kiritishi mumkin.
Alisher Sanetullayevning taʼkidlashicha, boshqariladigan termoyadroviy reaksiyaga erishish olimlar va energetiklarning eng katta orzusi. Agar shu muvaffaqiyatga erishilsa, u juda arzon va deyarli cheksiz energiya boʻladi. Chunki buning uchun yer yuzida juda koʻp yoqilgʻi mavjud. Shu bilan birga, uning salbiy jihatlari deyarli yoʻq. Masalan, bunday reaktor issiqxona gazlarini chiqarmaydi. Anʼanaviy atom elektr stansiyalariga qaraganda, unda ancha kamroq radioaktiv chiqindilar mavjud. Va bu chiqindilar – radioizotoplar uzoq umr koʻrmaydi, aksincha, ular tezda parchalanadi.
Bu boradagi tarixiy maʼlumotlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, termoyadroviy reaktor konsepsiyasi birinchi marta 1954-yilda I.V.Kurchatov nomidagi Atom energiyasi institutida ishlab chiqilgan. Boshqariladigan termoyadroviy loyihani amalga oshirish boʻyicha xalqaro muzokaralar 1980-yillardan buyon davom etmoqda. Yangi avlodning termoyadro qurilmalarini yaratish boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlarni birlashtirish akademik Ye.P.Velixov tashabbusi hisoblanadi.
1992-yil 21-iyulda Rossiya, Yevropa Ittifoqi, AQSH va Yaponiya ishtirokida ITER texnik dizaynini rivojlantirish boʻyicha koʻp tomonlama shartnoma imzolandi. Oʻn yil oʻtgach, loyihaga Janubiy Koreya, Xitoy va Hindiston qoʻshildi. ITER tarixidagi navbatdagi qadam 2006-yil 21-noyabrda Parijda imzolangan birinchi xalqaro eksperimental termoyadroviy reaktorni qurish toʻgʻrisidagi kelishuv boʻldi. ITER qurilish maydonchasi Fransiyaning janubidagi Kadarash yadro markazidir.
– Bunday yirik ilmiy loyihani amalga oshirish katta ilmiy, muhandislik va moliyaviy resurslarni talab qiladi, – dedi mamlakatlarning xalqaro ilmiy-texnik hamkorlikda ochiqligiga eʼtibor qaratar ekan yadro-fizik olim Alisher Sanetullayev. – Bitta mamlakat bunday loyihani oʻzlashtira olmaydi. Yetakchi davlatlar oʻzlarining saʼy-harakatlarini katta, ulugʻvor maqsadlar atrofida birlashtirgan va uzoq vaqt davomida katta miqdordagi mablagʻ sarflashga tayyor ekanliklarining yorqin misolini koʻrmoqdamiz. Bundan tashqari, u tadqiqot guruhlariga turli yoʻnalishlarda ishlashga va bir-birlari bilan tajriba va kashfiyotlar almashishga imkon beradi. Ochiq sherikliksiz natijalarga erishish qiyin. Ushbu loyihadan kutilayotgan natija ulkan.
Shunday qilib, mazkur ulkan ITER loyihasini amalga oshirishda Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi va AQSH davlatlari ishtirok etmoqda. Yevropa Ittifoqiga inshootni oʻrnatish narxining 45 foizi, qolgan davlatlarning har biriga 9 foizdan toʻgʻri keladi. “Rosatom” davlat korporatsiyasi Rossiya tomonidan loyiha boʻyicha majburiyatlarning bajarilishi uchun javobgardir.
Do'stlaringiz bilan baham: |