Dunyoda nechta AES bor va bu borada yetakchi kim?
2017 yil 1 fevral holatiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 31ta davlat atom elektr stansiyasiga ega bo‘lib, jami 191ta AES faoliyat ko‘rsatmoqda va reaktorlar soni 451tani tashkil etadi.
Aksariyat atom elektr stansiyalari Yevropa, Shimoliy Amerika, Janubi-Sharqiy Osiyo va sobiq SSSR hududida joylashgan. AESlar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda AQSh turadi – 60ta AES, reaktorlar soni 100ta.
Keyingi o‘rinlarni quyidagi mamlakatlar egallaydi: Fransiya – 19ta AES, 58 reaktor, Yaponiya – 17ta AES, 43 reaktor, Xitoy – 13ta AES, 36 reaktor, Rossiya – 10ta AES, 36 reaktor, Buyuk Britaniya – 7ta AES, 15 reaktor.
Yangi AESlar qurish bo‘yicha Rossiya, Hindiston va Xitoy yetakchilik qilmoqda.
Ayrim davlatlarda elektr energiyasi ishlab chiqarishda AESlarning ulushi yuqori bo‘lib, 12 mamlakatda bu ulush 30 foizdan oshadi.
Shu bilan birga, ayrim davlatlarda AESlar faoliyati to‘xtatilgan. Masalan Italiya o‘z hududidagi barcha AESlarni yopgan. Belgiya, Germaniya, Ispaniya, Shveytsariya yadroviy energetikadan voz kechish bo‘yicha uzoq muddatga mo‘ljallangan siyosatni amalga oshirmoqda. Niderlandiya, Tayvan, Shvetsiya atom energetikasidan voz kechishni rejalashtirgandi, ammo hozircha buni amalga oshirish ortga surilgan.
Raqamlar
2017 yil boshidagi holatga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 60ta reaktor qurilish bosqichida. AES reaktorlaridan foydalanish muddati 30-40 yil, ayrim hollarda 60 yilgacha deb baholanadi. AQShdagi Sarri AESi (1972 yilda qurilgan) uchun esa 2015 yilda foydalanish muddatini yana 80 yilga uzaytirishga ruxsat so‘ralgan.
AESlar har 10 yilda tekshiruvdan o‘tkaziladi va xavfsizlik standartiga javob beradigan bo‘lsa, tekshiruv natijalariga ko‘ra litsenziya muddati uzaytiriladi.
AESlarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi bo‘yicha AQSh dunyoda 1-o‘rinda turadi - 804 ming 872,94 GVt/soat. Bu butun dunyodagi AESlar ishlab chiqargan elektr energiyasining uchdan bir qismiga teng.
Janubiy Koreyadagi Kori AESi dunyodagi eng yirik AES hisoblanadi – uning quvvati 6254 MVtni tashkil etadi. Fransiyada jami elektr energiyasining 70 foizi atom stansiyalarida ishlab chiqariladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, muqobil energiya manbalaridan ekologik toza energiya ishlab chiqarish AESdagiga nisbatan taxminan 20 baravar qimmatga tushadi.
Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, jahondagi ko‘mir zaxiralari 270 yilga, neft 50 yilga va gaz 70 yilga yetadi. AESlarda ishlatiladigan uran zaxirasi esa 5 718 400 tonnani tashkil etadi. U 2500 yilga yetishi hisoblab chiqilgan.
Dunyodagi eng yirik uran zaxiralari Avstraliya, Qozog‘iston, Rossiya va Kanadada. O‘zbekiston bu borada 11-o‘rinda turadi.
Kanada, Zoir, Fransiya va Chexiyadagi konlar uranga boy bo‘lib, ularda bir tonna uran rudasidan 22 kilogrammgacha uran xomashyosi olinadi. Rossiyada bir tonna rudadan bir yarim kilogrammdan ortiqroq uran olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |