Atmosferadagi «parnik» effekti nima?
Yerda hayot mavjud bo'lishi uchun eng zarur quvvat manbai Quyosh radiatsiyasi — Quyoshning Yer atmosferasiga kirib keluvchi elektromagnit nurlari hisoblanadi. Quyosh energiyasi fasllar almashuvi bilan bog'liq barcha atmosfera jarayonlari, shuningdek, ob-havo sharoitlari o'zgarishi sababchisidir.
Quyosh energiyasining yarmiga yaqini biz Quyosh nurlari deb tushunadigan spektrning ko'zga ko'rinuvchi qismidir. Bu radiatsiya atmosferadan erkin o'tib keladi, uni quruqlik va okeanlar yuzasi yutadi va isiydi. Ammo Quyosh radiatsiyasi ming-minglab yillar davomida har kuni Yer yuzasiga tushib turadi. Nega unda Yer qizib ketmaydi va kichik bir Quyoshga aylanib qolmaydi?
Hamma gap shundaki, Yer ham, suv yuzasi ham o'zidan boshqa bir shaklda energiya tarqatadi: ko'zga ko'rinmas infraqizil nur yoki issiqlik chiqaradi. O'rtacha olganda, Yerga Quyosh nuri sifatida qancha energiya kelsa, kosmik fazoga infraqizil nur sifatida shuncha quvvat chiqib ketadi. Shunday qilib, sayyoramizda issiqlik muvozanati hosil bo'ladi. Hamma gap aynan qanday temperaturada muvozanat saqlanib turishidadir. Agar atmosfera bo'lmaganida Yer yuzasidagi o'rtacha temperatura -23 darajani tashkil etgan bo'lardi. Atmosferaning Yer yuzasidagi infraqizil nurlarni yutadigan himoya vositasiga ega ekani amaldagi o'rtacha temperaturaning Q15 darajada bo'lishini ta'minlaydi. Temperaturaning ko'tarilishi atmosferada «parnik effekti» yoki issiqlik to'planishi bilan bog'liq. Atmosferada karbonat angidrid gazi va suv bug'lari ko'payishi bilan u ham kuchayib boradi. Bu gazlar infraqizil radiatsiyani yaxshi yutadi. Bunday jarayon kichik bir ko'rinishda oddiy poliz teplitsasida ham ro'y beradi. Unda gazlarni yutuvchi narsa vazifasini Quyosh nurini to'siqsiz o'tkazadigan shaffof plyonka bajaradi, ammo u pastdan yuqoriga yo'nalgan tuproq haroratini yaxshi o'tkazmaydi.
Keyingi yillarda atmosferada karbonat angidrid gazi konsentratsiyasi tobora ko'p yig'ilib qolmoqda. Buning sababi qazib olinayotgan yoqilg'ilar hamda yog'ochning yildan-yilga ko'plab yoqilayotgani bilan bog'liq. Buning oqibatida Yer yuzasidagi havoning o'rtacha harorati har yuz yilda 0,5 daraja ko'tarilib bormoqda. Agar kelgusida ham yoqilgi yonishi va havoda parnik gazlari konsentratsiyasining oshish sur'ati saqlanib qolsa, ayrim hisob-kitoblarga ko'ra, yangi asrda iqlim yanada isib ketishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |