Atay yodlamadim, lekin esimda
Muhammad Yusufning she`rlari qoldi…
Yaqinda ko`chaga chiqqanimda kitob do`koni tomonga yo`lim tushib qoldi. Do`konni aylanar ekanman, u yerdagi kitoblarni birma-bir ko`zdan kechira boshladim. Shu paytda qo`limga Muhammad Yusufning “Ulug`imsan, vatanim” nomli kitobi tushib qoldi. Kitobni ochishim bilanoq, sevimli shoir Muhammad Yusufning surati va undan keyin O`zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning Muhammad Yusufning xotirasiga bag`ishlab yozgan matniga ko`zim tushdi. Beixtiyor matnni o`qiy boshladim. Matnda Abdulla Oripov Muhammad Yusufning shaxsiyatiga tavsif bergan va shoir bilan birga o`tgan damlarini esga olgan edi. “Chinakam shoirning qalbida allaqanday sohir qush doimo sayrab turadi, degan gapni ko`p bora eshitgandik. O`sha qush aynan Muhammadjonning, Muhammad Yusufning yuragida oshyon qurganiga men astoydil ishonganman. Uning ko`zlari ham, chehrasi ham hamisha bir latif kuyni xonish qilganday edi...” Shoir bunday ta`riflardan yana ko`pini keltirib o`tgan. Bularni o`qib esa Muhammad Yusufning betakror shoir bo`lganiga yana bir bor amin bo`ldim. Uning bu qadar e`zozlanishi ham quvonarli hol,men uchun.
Keyinroq esa barcha shoirlarning ijodlari bilan qiziqib ko`rdim. E`tibor berib qarasam, Vatan haqida juda ko`p she`rlar yozilgan ekan. Yozilgani yaxshi, albatta. Biroq “Yozmoq bilan yozmoqning farqi bor” deganlariday, shoirning she`rlari qaysidir jihatlari bilan boshqa she`rlardan ajralib turardi. Chunki Muhammad Yusuf o`z elini, xalqini, Vatanini beg`araz, sidqidildan yaxshi ko`rar edi. Shu mehrning natijasi o`laroq, shoirning she`riyati ham xuddi shundoq beminnat va beg`araz she`riyat sifatida dunyoga keldi. Va bu oqko`ngil, osmonqalb shoirimizdan xuddi shunday she`riyat yodgor qoldi. Uning yoshlik yillaridayoq bunchalik ko`p muxlis orttirgani, do`st-og`aynisi bisyor ijodkor ekanligi, san`atkorlarning uning har bir misrasini kuyga solishga tayyorligi yuqoridagi fikrimizning yaqqol dalilidir.
Muhammad Yusufning hayoti va ijod faoliyatiga qiziqganimda ajoyib ma`lumotni o`qib qoldim. Yozilishicha, Muhammad Yusuf xizmat safarlarining birida do`stlari bilan qaytayotib, yo`lda avtomobillari buzilib qoladi. Aksiga olib ichimlik suvi ham nihoyasiga yetayotgan edi. Shunda ular yaqin atrofdagi qishloqlardan biriga borib, suv topib kelmoqchi bo`lishadi. Bir qishloqqa borib, bir uy eshigini taqillatishadi va suv so`rashadi. (O`sha paytda Muhammad Yusufning “Uzun ko`ylak turkman qizga uylanaman” she`ri endi yozilgan va xalq orasida keng tarqalgan edi.) Eshikni ochgan yoshgina qizaloq qarshisida suv so`rab turgan shoirni ko`radi-da, “Suvni borib uzun ko`ylak turkman qizdan so`rang, o`sha sizga suv beradi” deydi-da, eshikni yopib ichkariga kirib ketadi. Shu voqeadan keyin Muhammad Yusuf uyiga qaytib, she`r yozadi ”Turkman qizni maqtab qo`yib men ahmoq” deya… Bundan shoirning naqadar ko`ngilchan ekanligiga ham guvoh bo`lishimiz mumkin.
Muhammad Yusufning she`rlari tez og`izga tushdi. She`riyatning turli yo`nalishlarida esda qolarli asarlar yaratayoygan qalamkash do`stlari, ustozlari orasida o`zini shoir sifatida isbot qilishga astoydil harakat qildi. Yosh ijodkor respublika “Kitobsevarlar” jamiyatida, “Toshkent oqshomi” gazetasida, G`afur G`ulom nomidagi Adabiyot va san`at nashriyotida xizmat qildi. Aynan shu davrlar Muhammad Yusufning ijodiy taqdirida muhim rol o`ynadi. Zero, bu paytda mazkur dargohga zamonasinig zabardast ijodkorlaridan biri Erkin Vohidov rahbarlik qilar, barcha bo`limlarda hukm surgan ijod ruhi yosh shoirning kamol topishiga ham jiddiy turtki bergandi. Uning she`rlari vaqtli matbuotda tez-tez chop etilgan bo`lsada, ilk she`riy to`plamini kechroq e`lon qiladi. Shundan keyin shoirning “Bulbulga bir gapim bor”, “Iltijo”, “Uyqudagi qiz”, “Halima enam allalari”, “Ishq kemasi”, “Ko`nglimda bir yor”, “Bevafo ko`p ekan”, “Osmonimga olib ketaman” singari o`nlab she`riy majmualari men kabi kitobxonlar qo`liga yetib bordi. Yurtimiz mustaqillikga erishgani shoir ijodida yangi qirralarni ochdi. Istiqlol yillarida erishgan yuksak ijodiy yutuqlari uchun Muhammad Yusufga 1998-yilda “O`zbekiston xalq shoiri” unvoni berildi. Biroq oradan 3 yil o`tib bevaqt o`lim shoirni oramizdan olib ketdi. Muhammad Yusuf atigi 47 yil umr ko`rdi, shunday bo`lsada bu umr bir dilbar shoirning tug`ilishi, kamol topishi, o`zini voyaga yetkazgan yurt va millatga samimiyat va ixlos ila xizmat qilib, ortidan yaxshi nom qoldirishi uchun kifoya qildi. Shoir she`rlari xalqimizning ardoqli mulkiga aylandi. Uning bevaqt o`limi, “O`lim haq!” desak-da, hali hanuz yuraklarni iztirobga soladi. Har narsani biladigan ustoz Said Aahmad yozgan edi ”Muhammad Yusuf tez og`izga tushdi. Biror shoir unungdek tez nom chiqarmagan, nomdor bo`lmagan. Ochig`ini aytsam, Muhammadga ko`z tegdi. Aslini olganda asl sahoirlar uzoq yashamaydilar. Ammo ortdan abadiy yashaydigan me`ros qoldirib ketadilar. U mana shunday o`lmas meros qoldirdi. Muhammad she`r muxlislarining yuragini o`rtab ketdi. Endi shoirning o`zi yo`q. Ammo Mhammad Yusuf deb atalmish she`riyati bor. Bu she`riyat also zavol bilmaydi”.
So`zim oxirini Iqbol Mirzoning Muhammad Yusufga bag`ishlagan she`rini keltirib o`tish bilan yakunlamoqchiman. Bu she`r shoir xotirasiga bag`ishlangan she`rlarning eng ajoyibi desam mubolag`a bo`lmas.
Ko`p kitob o`qidim yoshlik chog`imda,
Hushimni gohi sharq, gohi g`arb oldi.
Atay yodlamadim, lekin esimda,
Muhammad Yusufning she`rlari qoldi.
O`zbekdek samimiy, o`zidek toza,
Beshik bolasining ko`ziday toza.
O`spirin oshiqning so`zidek toza,
Muhammad Yusufning she`rlari qoldi.
Muhammad Yusufdan kuylar irmoqlar,
Tog`ni tilimlagan kiyikso`qmoqlar.
Oq cho`girma kiygan momoqaymoqlar,
Muhammad Yusufning she`rlari qoldi.
Uzr, ey shoirman zo`rman deganlar,
Nomaqbul buzoqning go`shtin yeganlar.
So`zga no`noqlaru gapga chechanlar,
Muhammad Yusufning she`rlari qoldi.
Aylaning bag`ri keng O`zbekistonni
Sekin gapga soling soda dehqonni
Shoir desang eslar Muhammadjonni
Muhammad Yusufning she`rlari qoldi
Sofdil inson edi shoir bo`lib ham
Quladi paymona lim-lim to`lib g`am
Endi qutilmasmi sizdan o`lib ham
Muhammad Yusufning she`rlari qoldi
Mujmal satringizni kim yod oladi?
Eshitsa chumchuqlar faryod soladi
Qolsa sizdan faqat isnod qoladi
Muhammad Yusufning she`rlari qoldi!
Do'stlaringiz bilan baham: |