Chizmalarda tasvirlarni joylashtirish bilan bog‘liq qoidalar DS 2.305-68 belgilangan.
Avvalgi boblarda chizma geometriyada texnik chizmalarni qurishning nazariy asosi bo‘lgan elementlar ko‘rib chiqilgan edi. Unga asosan geometrik sirtlarning proeksiyalari ikki yoki uchta o‘zaro perpendikulyar bo‘lgan proeksiyalar tekisligiga va qo‘shimcha proeksiyalar tekisligida tasvirlanadi.
Amaliyotda detallar, qurilmalar va boshqa turli moslamalarning chizmalarini tayyorlash jarayonida ko‘pincha uchta asosiy proeksiyalar tekisliklaridagi tasvirlar yetarli bo‘lmay qoladi. Shu tufayli chizmalarni tayyorlash ishlarining hajmini kamaytirish, chizma qog‘ozlarini tejash maqsadida turlicha qoidalar va soddalashtirishlardan foydalaniladi.
11.1-shakl
Asosiy proeksiyalar tekisliklari sifatida kubning olti tomoni qabul qilingan. Uning ichiga tasvirlanayotgan buyum joylashtiriladi va kubning har qaysi tomonida buyumning tegishli proeksiyalari olinadi. Kubning tomonlari undagi tasvirlar bilan birga chizma tekisligiga yoyiladi (11.1-shakl). Natijada, chizmada buyumning oltita tomonidan asosiy ko‘rinishlari hosil bo‘ladi: 1-oldidan ko‘rinish (bosh ko‘rinish); 2-ustidan ko‘rinish; 3-chapdan ko‘rinish; 4-o‘ngdan ko‘rinish; 5-ostidan ko‘rinish; 6-ortidan ko‘rinish.
11.2. Ko‘rinishlar
Ko‘rinish deb buyumning kuzatuvchiga qarab turgan tomonining proeksiyalar tekisligidagi tasviriga aytiladi.
11.2-shakl
Buyumning frontal proeksiyasi uning bosh ko‘rinishi hisoblanadi. Asosiy ko‘rinish buyumning boshqa ko‘rinishlariga qaraganda buyum haqida ko‘proq ma’lumot beruvchi ko‘rinish hisoblanadi.
Xarakteri va mazmuniga ko‘ra asosiy ko‘rinishlardan tashqari qo‘shimcha va mahalliy ko‘rinishlar ham mavjud.
Asosiy ko‘rinishlar chizmada o‘zaro proeksion bog‘liqlikda joylashtiriladi. Agar ular o‘rtasidagi proeksion bog‘lanish berilmagan bo‘lsa, u holda ko‘rinish ustiga A-ko‘rinishtarzidagi yozuv (10.2-shakl) bajariladi.
Ko‘rish yo‘nalishi strelka bilan ko‘rsatiladi va rus alfavitining bosh harfi bilan belgilanadi. Strelkaning o‘lchamlari 11.3-shaklda berilgan nisbatlarga mos kelishi kerak.
11.3-shakl
Qo‘shimcha ko‘rinishlar, odatda, buyum yoki uning biror qismini asosiy proeksiyalar tekisliklariga parallel bo‘lmagan qo‘shimcha proeksiyalar tekisligiga proeksiyalanganda hosil bo‘ladi. Qo‘shimcha ko‘rinishlarga ehtiyoj buyumning biror qismining tasvirini asosiy proeksiyalar tekisliklarida o‘zgarishsiz tasvirlash imkoni bo‘lmay qolgan hollarda yuzaga keladi. Qo‘shimcha tekislik asosiy proeksiyalar tekisliklaridan birortasiga perpendikulyar qilib olinadi.
Qo‘shimcha ko‘rinishlarni tasvirlashning bir necha xillari mavjud. 10.4-10.5-shakllarda ularga misollar keltirilgan.