Shuni aytish kerakki, har bir oilada asal 10 kg dan kam bo‘lmasligi va har kuni kechqurun 200 g asal – perga aralashmasini solish kerak. Shunda uyadan yuqori sifatli ona ari olish mumkin.
Ona arilar urug‘langanidan keyin birinchi va ikkinchi yillarda sertuxum bo‘ladi. Keyinchalik ularning tuxum qo‘yishi susayadi. Shu sababli ona arilarni har ikki yilda almashtirib turish kerak.
Tuxum qo‘yishdan qolgan ona arilarni urug‘langan, urug‘lanmagan ona arilarga yoki yyetilgan onadonga almashtirish mumkin. Ona arini yangi oilaga o‘tkazish, eng qiyin ishlardan hisoblanadi.
Ona arini bahorda almashtirish osonroq bo‘ladi, chunki asalarilar tabiatdan shira va gulchangini zo‘r berib to‘playotganida yangi ona arini ham, boshqa asalarilarni ham, yaxshi qabul qiladilar. Ona arilarni oilaga muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun oilada yosh asalarilar ko‘p bo‘lishi kerak. Uyaga yosh ona arilarni kechqurun o‘tkaziladi, uni o‘tkazish vaqtida ari uyasiga tutun berib asalarilarni bezovta qilmaslik kerak. Yetimlatilgan oilaga yangi urug‘langan ona arini bir-ikki soat ichida o‘tkazilsa yaxshi bo‘ladi. Agar kechroq qolib berilsa asalarilar ona ari yetishtirish uchun qurtchalarni tarbiyaga olib onadon qurishni boshlab yuboradi, so‘ng o‘tkazilayotgan ona arini qabul qilishlari ancha qiyinlashadi. Ona arilarni urushsiz ona arilar bilan almashtirish uchun oilaga usti berkitilgan, ona ari chiqishiga bir-ikki kun qolgan onadonni boquvchi oiladan qirqib olib berilsa, asalarilar oson qabul qilishadi. Onadonni mumkatakli ramkaga yopishtirib yoki ikki ramka o‘rtasiga o‘rnatib bersa bo‘ladi. Bu usulda oilada tuxum qo‘yish 7-8 kunga to‘xtaydi.
Ona arisi olingan oilaga darrov urug‘li ona ari berilsa yaxshiroq bo‘ladi. Urug‘li ona arilar nukleusdan olib beriladi. Urug‘li ona arini asalarilar tezroq qabul qiladi. Almashtirilayotgan eski ona arini Titov qafaschasiga solib, ona arining hidini singdirish uchun bu qafascha shu oila ichiga qo‘yilib 3-4 soat tutiladi. Bundan keyin qafaschadagi eski ona ari o‘rniga, yangi ona ari joylashtirilib, qafaschani ilgangi o‘rniga qo‘yiladi. Ertasi kuni kechqurun, asalariar uyasiga qaytib bo‘lganlaridan keyin, arixona ochilib, asalarilar yangi ona arini yoqtirgan yoki yoqtirmaganligi aniqlanadi. Asalarilar qafaschaga qo‘nib tinch o‘tirsalar va qafascha teshikchalaridan ona arini oziqlantirayotgan bo‘lsa, ona arini darrov qafaschadan chiqarish mumkin. Uni chiqarish uchun qafaschani pastki qopqoqchasini ochib unga mumparda yopishtiriladi. Yana qafaschani o‘z o‘rniga qaytarib qo‘yish kerak. Asalarilar mumpardani qirqib, Qafaschadan ona arini o‘zlari chiqarib oladilar.
Agar asalari oilasi qafaschadagi ona arini yoqtirmasa, qafascha oldiga to‘planib bezovtalansa, arixonani yopib bir sutka o‘tgach tekshirib ko‘rish kerak. Shundan keyin ham asalarilar ona arini yoqtirmaganligi aniqlansa, bu arixonada onadonlar yoki urug‘lanmagan yosh ona ari borligini ko‘rsatadi. Agar bu urug‘siz ona ari katta va yaxshi rivojlangan bo‘lsa uni oilada qoldiriladi. Agar bu ona ari rivojlanmagan, kichik bo‘lsa, uni oiladan olib qafaschani yangidan arixonaga qo‘yish kerak. Ba’zari ari oilasi ona arini bir necha marta berilsa ham qabul qilmaydilar. Bu holatda arixonani ko‘chirib, boshqa yerga o‘rnatish kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |