Olingan qurtchalarni ona ari yetishtirish uchun, boquvchi oilalarga berishning har xil usuli bor.
Masalan:
1. Havaskor arichilar uchun eng oson usuli bu ona ari yetishtiriladigan qurtchalar qaysi katakchalarda ko‘proq bo‘lsa, boquvchi oilaga shu katakchalar beriladi. Mumkatakning bir-ikki kunlik qurtchalar ko‘p joylashgan qismidagi katakchalar tagidan kesib olinadi. Tagidan kesib olingan katakchalardagi qurtchalar har uchta qurtchaning birini o‘ldirib, siyraklatib boquvchi oilaga qo‘yiladi. Qoldirilgan qurtchalar ustiga asalarilar onadonlar ko‘radi. Bu usulda tayyorlangan qurtchalarning ko‘p miqdori siyraklashtirish natijasida bexuda isrof bo‘ladi.
2. Arizorda ko‘p miqdorda ona ari yetishtirish kerak bo‘lganida, qurtchali katakchalarni kesib ko‘chirish usuli qo‘llanadi. Bu usul qo‘llanganida ona ari yetishtirish uchun hamma qurtchalardan foydalansa bo‘ladi. Ona ari yetishtirish uchun qurtchali katakchalarini bir qatordan kesib olib, alohida ajratiladi. Keyin har bir katakchalar yarim chuqurligigacha kesiladi. Qurtchali katakcha eritilgan mum yordamida patronga yopishtiriladi, patron esa ramkaga yopishtirilib, boquvchi oilaga qo‘yiladi.
Katakchani patronga yopishtirishdan oldin patronni eritilgan mumga tekizib, katakchani qarama-qarshi tomoniga yopishtiriladi. Patron kichkina, silliq to‘rt qirrali yog‘ochdan (brusokdan) iborat. Patron yopishtiradigan ramka mumkataksiz bo‘lib, uning ichiga uch qator, orasi 7 sm uzoqdikda yog‘ochdan to‘sin o‘rnatiladi. Shu to‘sinlarga patronlar yopishtiriladi. To‘sinlarni aylantirish mumkin bo‘lishi uchun, har qaysi to‘sinning uchi ramkaga bitta mix bilan qoqib qo‘yiladi.
3. Ona ari yetishtirishda sun’iy tovoqchaga qurtcha ko‘chirish uslubidan foydalanish mumkin. Sun’iy tovoqcha (misochka) arizorda mumdan yasaladi. Buning uchun yog‘ochdan qolip yasaladi. Qolip bilan tovoqchani diametri 8-9 mm, chuqurligi 9-10 mm bo‘lishi kerak. Tovoqchalarni tayyorlash uchun 100 g toza mumni eritib, qolipini avval sovuq suvga, keyin 9-10 mm chuqurlikda erib turgan mumga botirib olinadi yana sovuq suvga tiqiladi. Bu ish 3-4 marta qaytarilgandan keyin tovoqcha tayyor bo‘ladi. Tovoqchani qolipdan tushirib, ramkaga qirqib olingan katakcha kabi yopishtiriladi. Keyin, tovoqchalarni 4-5 soatga asalari oilasiga silliqlash uchun beriladi. So‘ng maxsus moslama (shpatel) bilan qurtchalar olinib tovoqchalarga solinadi. Tovoqchaga solingan qurtchani asalarilar tarbiyaga olib ona suti bilan boqishni boshlaganidan so‘ng ichidagi qurtchani olib o‘rniga ikkinchi marta bir kunlik qurtcha berilsa, bu qurtchadan ko‘p oziqa hisobiga yaxshi ona ari yyyetilib chiqadi.