tushunchasi”, “davlatning kelib chiqishi”, “davlatning mohiyati”, “davlat hokimiyati”, “davlat funksiyasi”, “davlatning shakli”, “davlat apparati”, “davlatning siyosiy tizimidagi o‘rni”, “demokratiya” kabi hodisalar (kategoriyalar) tahlil etiladi. Huquq nazariyasi qismida “huquqning umumiy tushunchasi”, “huquqning vujudga kelishi”, “huquqning mohiyati”, “huquqning shakli”, “huquqning funksiyalari va prinsiplari”, “huquq ijodkorligi”, “huquq normalari”, “huquqiy munosabatlar”, “huquqni amalga oshirish”, “huquqiy tizim va qonunchilik tizimi”, “qonun ustuvorligi va qonuniylik”, “huquq buzilishi va yuridik javobgarlik” va boshqa muammolar o‘rganiladi. Shunday qilib, davlat va huquq nazariyasi predmetini ijtimoiy hayotning muhim qismi hisoblangan davlat va huquq, ularning vujudga kelishi va rivojlanishining asosiy qonuniyatlari, ularning mohiyati, ijtimoiy vazifasi, funksiyalari, shuningdek, siyosiy va huquqiy ongning namoyon bo‘lishi va huquqiy tartibga solishning xususiyatlari tashkil etadi. Davlat va huquq nazariyasining predmetini inobatga olgan holda uning tabiatini ta’riflash mumkin. Fanimizning tabiati serqirra va nihoyatda mazmunlidir. U yuridik, siyosiy, nazariy – metodologik, fundamental fan hisoblanadi. Avvalo, davlat va huquq nazariyasi – ijtimoiy fan sifatida tavsiflanadi. Chunki, u ijtimoiy tuzumni, jamiyat hayotida davlat va huquqning o‘rni, ahamiyati va vazifalarini tahlil etadi. Eng asosiysi, davlat ham, huquq ham ijtimoiy hodisalardir. Boshqa ijtimoiy fanlardan farqli o‘laroq davlat va huquq nazariyasi yuridik fandir. Ushbu fan davlat va huquqning mohiyatini, davlat boshqaruvining mazmunini, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning barcha jarayonlarini, qonuniylik, huquq buzilishi va yuridik javobgarlik masalalarini umumnazariy jihatdan o‘rganadi. Davlat va huquq nazariyasini siyosiy fan deb hisoblashga barcha asoslar bor. Sababi, davlat va huquq siyosat bilan chambarchas bog‘liq. Ya’ni, siyosatni davlat yaratadi, huquq yordamida siyosat mustahkamlanadi, ifodalanadi va amalga oshiriladi. Fanimiz “siyosat”, “siyosiy hokimiyat”, “siyosiy tizim”, “siyosiy demokratiya” kabi hodisalarni bevosita tahlil etadi, ushba tushunchalar bilan ish yuritadi. Davlat va huquq nazariyasi boshqa yuridik fanlarga nisbatan umumnazariy, umummetodologik, falsafiy fan sifatida maydonga chiqadi. Ma’lumki, falsafiy bilim eng yuqori darajadagi nazariy bilimdir. Falsafa barcha ijtimoiy va tabiiy fanlarning poydevorini tashkil etib, ularni ilmiy metodologiyaning umumiy prinsiplari bilan qurollantiradi. Davlat va huquq nazariyasi falsafiy mazmundagi fan bo‘lib, davlat va huquq mavjud bo‘lishining eng umumiy qonuniyatlarini ochadi. Uning umummetodologik fan ekanligishundaki, mazkur fan yurisprudensiyaning asosiy tushunchalari (kategoriyalari)ni, umumiy yondashuvlari va metodlarini ishlab chiqadi. Davlat va huquq nazariyasi – fundamental ahamiyatga molik fan. Fanimizning fundamentalligi – u tomonidan o‘rganiladigan hodisa (obyekt)lar haqidagi bilimlarning chuqur nazariyligi, ilmiy umumlashtirilganligi hamda asoslantirilganligida namoyon bo‘ladi. Davlat va huquq nazariyasi yaratadigan ta’riflar, qoidalar, ochadigan qonuniyatlari boshqa yuridik fanlar uchun poydevor, umumiy asos, tayanch bo‘lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |