1946-1991 yillarda O’zbekistonda arxiv ishiUrushdan keyingi yillarda O’zbekiston arxivlari arxiv materiallarini tartibga keltirish va turkumlash borasidagi ishlarni davom ettirdilar va 50-yillarning boshlarida uni yakuniga yetkazdilar. Shundan so’ng arxiv xodimlari boshqa muhim vazifa – fondlarning ilmiy-ma’lumotnoma apparatini tuzish va kataloglashtirish ishiga kirishdilar.
O’zbekistonda arxiv ishlarini rivojlantirishning yangi bosqichi 50-yillarning oxirlarida boshlandi. Bu jarayon S. Xrushchov davrida mamlakatnin siyosiy hayotida boshlangan “iliqlik” bilan bog’liqdir. 1958 yilda arxivlar respublika Ministrlar Sovetining tasarrufiga o’tkazildi. Bir yildan so’ng Toshkentdagi Oktyabrp inqilobi markaziy arxivi va Tarix markaziy arxivi yagona O’zbekiston SSR Markaziy Davlat arxiviga birlashtirildi. Xuddi shu vaqtda O’zR MDA tarkibiga respublika Markaziy fotofonokinohujjatlar arxivi ham kirdi. Keyingi yillarda shunga o’xshash o’zgarishlar quyi arxiv muassasalarida ham amalga oshirildi. Jumladan, 118 ta shahar va rayon arxivlari qayta tuzilib, 28ta shahar va rayonlararo arxivlar tashkil etildi. Shu davrda tibbiyot fani tajribasidan har tomonlama foydalanish maqsadida O’zbekiston markaziy medisina arxivi tuzildi. Bir necha boshqa arxivlar ham tashkil etildi. Natijada, 70-yillarning boshlarida O’zbekistonda 66 ta arxiv muassasasi faoliyat ko’rsatamoqda edi.
Kadrlar masalasini hal etishga katta e’tibor berildi. Mahalliy millat vakillarini arxiv ishlariga jalb qilish kuchaydi. 60-yillarning oxirida O’zbekiston arxivlarida 597 xodim mehnat qilardi. Ularning 112 tasi oliy ma’lumotli mutaxassislar edilar.
70-80-yillarda arxivlar uchun alohida ixtisoslashtirilgan binolarning qurilishi, tashkilot va muassasalarda ish yurtish holatining yaxshilanishi, hujjatlarni qayta ishlash bo’yicha maxsus xo’jalik hisobidagi guruhlarning tashkil etilishi arxiv ishlarini tubdan yaxshilashga ko’maklashdi.
Respublika arxiv xodimlari hujjatlar to’plamlarini tayyorlash borasidagi ishlarni davom ettirdilar. Vazirliklar va muassasalar uchun ma’lumotnomalar tayyorlanar edi. Tashkilotlar va fuqarolarning talablariga binoan tegishli ma’lumotnomalar berilar edi. Xodimlar arxivdagi hujjatlarni targ’ib qilish borasida ham keng ko’lamda ish olib bordilar. Faqatgina 1981-1985 yillar davomida ular 843ta maqola e’lon qildilar, 583ta radioeshittirish va 29ta teleko’rsatuvda faol ishtirok etdilar. 243ta hujjatlar ko’rgazmasi tashkil etildi. Arxivlarning o’quv zallarida 3906 tadqiqotchi ishladi. Ilmiy-tarixiy tadqiqotlar saviyasiga arxivlardagi maxfiylik rejimining susayishi ham ijobiy ta’sir qildi. 1987-1990 yillarda ilgari maxfiy saqlangan 99,9 ming yig’majildni ilmiy xodimlar foydalanishi uchun ruxsat berildi.
Shunday qilib, sovet davrida O’zbekistonda davlat arxiv xizmati shakllandi va rivojlandi. Bu davrda arxiv tizimida qator kamchilik va nuqsonlar mavjud edi. Lekin, ulardan qat’i nazar O’zbekiston arxivlari ilmiy va amaliy maqsadlar va talablarni qondira oladigan yirik maskanlarga aylandi.