"Eng yangi tarix" tushunchasining ta'rifi, mazmun -mohiyati
O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotni isloh qilish bilan bir vaqtda, milliy o‘ziga xoslikni mustahkamlash jarayonlari boshlandi. Tarixiy xotira
milliy o‘ziga xoslikni tarixan idrok etishda asos bo‘lib xizmat qildi. Ma'lumki, tarixiy xotira xazinasi millat taraqqiyotiga yordam beradigan milliy ongning
samarali kuchi sifatida ona tiliga, turmush tarziga, urf-odatlari va madaniyatiga
ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishni talab qiladi. Bu shunchaki ma'naviy
merosni saqlab qolish uchun tarixiy qadriyatlarni jalb qilish emas, balki ma'naviy tiklanish yo‘lini boshlash uchun xalq o‘zining ko‘p asrlik tarixiga, ming yillik madaniy tajribasiga, buyuk ajdodlari merosiga murojaat qilishi va O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga qanday ma'naviy-axloqiy boyliklar bilan kirishi kerakligini anglatadi. Bularning barchasi I.Karimov tomonidan tarixiy xotiraga berilgan mazkur ta'rifda o‘z ifodasini topgan: “Tarixiy xotira – bu umr mazmunini, avlodlar o‘rtasidagi vorislik tuyg‘usini, ularning bir-biriga daxldor ekanligini, hayotning bamisoli uzviy halqalar kabi ketma-ket bog‘lanishini anglash, tarixdan xulosa chiqarib, bugungi kun uchun to‘g‘ri yo‘l tanlash, ota-bobolarimizning ruhi poklariga hurmat bilan qarash, milliy qadriyat va an'analarimizni toptashga yo‘l qo‘ymaslik, ularni ko‘z qorachig‘idek asrash demakdir”.
Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimovning 2011 yilda nashr etilgan "O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida" deb nomlangan asari O‘zbekiston tarixidagi eng yangi davrni chuqur o‘rganishga kuchli turtki bo‘ldi. Unda respublika rahbari sifatida Islom Abdug‘anievich Karimovning mustaqillik masalasidagi qat'iy pozisiyasi aniq tarixiy hujjatlar asosida ko‘rsatib berilgan.U davlat yetakchisi sifatida eng mashaqqatli davrda o‘z faoliyatini boshladi. Hali Sovet Ittifoqi o‘z kuchini saqlab, repressiv siyosatini davom ettirar, ammo, shunga qaramay, chuqur tanazzul yoqasiga kelib qolgan, kishilar orasida kelajakka ishonchsizlik va vahima kayfiyati hukmron edi. Bunday murakkab sharoitda odamlarni kutilmagan zarbalardan himoya qilish, tushkun ruhiy vaziyatdan olib chiqish, ularda ertangi kunga bo‘lgan ishonch hissini qaror toptirish g‘oyat muhim edi. Sirasini aytganda, ushbu kitob - eski tizimni buzish paytida, erkin va mustaqil hayot yo‘lida paydo bo‘lgan savollarga javoblarni o‘z ichiga oladi. Shu jihatdan ham u juda ko‘p faktik va tahliliy materiallarni o‘z ichiga olgan ensiklopedik asardir. Kitobga kiritilgan har bir tarixiy hujjatda o‘sha tashvishli zamonning ritmi seziladi, muallifning o‘sha tarixiy voqealarga dahldorligi va bevosita ishtirokchisi sifatidagi munosabati aks ettiriladi. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu kitob yaqin o‘tmish tarixining haqiqiy tasvirini to‘la aks ettirigani bilan ham qadrlidir.
Ko‘plab milliy tarixiy maktablarda mamlakatning zamonaviy tarixining
boshlanishi uning xorijiy hukmronlikdan ozod bo‘lganligi va mustaqil milliy davlat tashkil topishi bilan belgilanadi. Zamonaviy tarixni davrlashtirishga boshqa yondashuvlar tarafdorlari "hozirgi zamon" atamasida hozirgi zamon bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan davrni nazarda tutadilar. Ular XX asr tarixi yoki hozirgi tarix haqida gapirishni afzal ko‘radilar. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston tarixshunosligi muhim o‘zgarishlarga uchradi. Sovet partiyasi mafkurasining rad qilinishi munosabati bilan u yangi bosqichga o‘tdi, ijtimoiy rivojlanish ehtiyojlari oldiga yangi nazariy va uslubiy darajani egallash, yangi ilmiy yo‘nalishlarni ishlab chiqishni boshlash vazifasi qo‘yildi. Ko‘pgina mutaxassislarning fikriga ko‘ra, O‘zbekistonning zamonaviy tarixi 1989 yildan boshlanadi. Mazkur sana bilan bog‘liq voqealar - sovet totalitar tuzumining so‘nggi o‘n yilligidan boshlab chuqur inqiroz pallasiga kirganligi, xususan, respublikalarning milliy, iqtisodiy, ijtimoiy manfaatlariga e'tiborsizlik bilan xarakterlanadi. O‘zbekiston tarixidagi ushbu murakkab davrda siyosiy sahnada yangi shakllangan lider - Islom Abdug‘anievich Karimov paydo bo‘ldi. Uning oqilona siyosati tufayli respublikaning manfaatlari himoya qilindi, mamlakatni siyosiy va iqtisodiy inqirozdan, ichki va tashqi mojarolardan qutqarish mumkin bo‘ldi. I.A.Karimov davlat rahbari sifatida faoliyat boshlagan kundan boshlab, milliy mustaqillik g‘oyasini ilgari surdi va nihoyat,1991 yil avgust oyida O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi e'lon qilindi. Suveren davlat sifatida O‘zbekistonning eng yangi tarixi butun insoniyat tarixiy taraqqiyotining yangi bosqichiga to‘g‘ri keladi va shuning uchun ham u zamonamizning global voqealari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan eng yangi tarixning ajralmas qismiga aylandi.
Tarixdan ma'lumki, ko‘plab xalqlarning mustaqillikka erishishi, ularning nafaqat yangi shakllangan davlatlari tarkibini, balki xalqaro maqomini ham o‘zgartirgan va bu "yaqin tarix" tushunchasini belgilashda muhim omillardan biri bo‘lgan. Bu o‘rinda yangi va zamonaviy zamon o‘rtasidagi tarixiy davrni bir voqea sodir bo‘lgan sana bilan emas (juda katta miqyosda bo‘lsa ham), balki jamiyatning turli sohalaridagi sifat o‘zgarishini ko‘rsatadigan hodisa va jarayonlarning umumiy miqyosi doirasida aniqlash kerak.
Yuqorida aytilganlardan kelib chiqib, O‘zbekistonni mustaqil rivojlanishining mohiyati, mazmuni va ahamiyatini baholab, mamlakat yaqin tarixini quyidagi bosqichlarga bo‘lish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |