VI.4. Yer osti ombori uchun strukturalar qidiruvi
GEOSI uchun suvli strukturani o‘rganishda qidiruv ishlari orqali GEOSIni barpo etish va ishlatishning texnologik sxemasini tuzish uchun zarur bo‘lgan aniq dastlabki ma’lumotlar olinadi.
Quriladigan GEOSIning filtrlanish-sig‘imi va boshqa geologik-fizik ko‘rsatkichlari, germetiklik darajasi va sharoitlari, o‘zlashtiriladigan maydon chegaralari va o‘rganilayotgan obyektlardan foydalanish ko‘rsatkichlari qidiruv ishlari materiallari, quduqlarni burg‘ilash, gidrodinamik va kon-geofizik izlanishlar, shuningdek atrof-muhitga ko‘rsatiladigan ta’sirni baholash materiallari bo‘yicha strukturaviy tizilmalar asosida aniqlanadi.
GEOSIning germetiklik darajasini baholashda gidrogeologik va gidrokimyoviy tadqiqotlar materiallaridan foydalaniladi.
Suvli struktura va tanlangan obyektlarni o‘rganish natijasida:
- a) sanoat hajmlarida gaz to‘play oladigan strukturaviy yoki ekranlashgan tutgichning mavjudligi va bir butunligi isbotlangan, uning maydoni va g‘ovak bo‘shliq hajmi aniqlangan bo‘lishi;
- b) tutgichlarning geologik tuzilishi hamda qidiruv olib borilayotgan maydon hududidagi obyektlar va qopqoq-qatlamlarning asosiy tavsiflari aniqlangan bo‘lishi;
- v) barcha suvli qatlamlar bo‘yicha ularning izolyatsiya darajasi ko‘rsatilgan gidrogeologik ma’lumotlar olingan bo‘lishi;
- g) butun kesim bo‘ylab qatlam suvlarining kimyoviy tarkibi, bosimi va harorati aniqlangan bo‘lishi kerak.
- Barcha qidiruv va parametrik quduqlar bo‘yicha quyidagilar amalga oshiriladi:
- a) kern, shlam va kon-geofizik tadqiqotlar asosida litologik-stratigrafik kesimni o‘rganish;
- b) kesimda barcha suvli gorizontlar va gaz akkumulyatorlarini ajratish;
- v) suvli gorizontlarning tavsifi: joylashish chuqurligi va qalinligi, geologik-fizik xossalari (g‘ovakligi, o‘tkazuvchanligi, darzliligi, karbonatliligi, absolyut va nisbiy gilliligi)ni o‘rganish;
- g) o‘tkazmaydigan qatlamlar (qopqoqlar) va tektonik buzilishlarning ekranlash xususiyatlarini aniqlash;
- d) suvli gorizontlar joylashishining strukturali rejasini aniqlash, asosiy va yordamchi tektonik buzilish va litologik almashinish zonalarini kesimlarni taqqoslash orqali ko‘rsatish;
- e) suvli gorizontlarning boshlang‘ich gidrostatik bosimini aniqlash;
- j) gaz haydash obyektlarini detalizatsiyalash, sanoat oqovalarini tashlash oraliqlarini tanlash, GEOSIning germetikligini kuzatish uchun asosiy va yordamchi nazorat gorizontlarini belgilash maqsadida qatlamlarning mahsuldorlik tavsifini aniqlash;
- z) quduq tubi oldi hududi mustahkamligini maxsus kompleks o‘rganish, gidrostatik bosimning chegaraviy ko‘tarilishini belgilash va h.k.
Suvli strukturalarni qidirishda o‘rganilayotgan maydonning barcha suvli gorizontlarida gidrogeologik tadqiqotlar o‘tkaziladi. Asosiy gidrogeologik ko‘rsatkichlarga quyidagilar kiradi:
a) yer osti suvlarining statik sathlari, qatlam bosimlari va ularning maydon bo‘ylab o‘zgarish qonuniyatlari;
b) quduqlarning suv bo‘yicha mahsuldorlik tavsifi, shu jumladan gidroo‘tkazuvchanligi va pyezoo‘tkazuvchanligi;
v) aralashgan ion-tuzli komplekslar, ularning uglevodorodlar va jinslarning litologik-fatsial xossalari bilan o‘zaro bog‘liqligi;
g) yer osti suvlarining gazga to‘yinganligi va gaz tarkibi.
Qidiruv quduqlari bo‘yicha gidrogeologik xususiyatlarni o‘rganish maqsadida quyidagi ishlar bajariladi:
a) qatlam suvining solishtirma og‘irligi, kimyoviy tarkibi o‘zgarmas holatga yetgunga qadar uni siqib chiqarish;
b) suv bosimi va harorati, statik sathining og‘izdagi va chuqurlik o‘lchovlari, indikator tavsifi olish va bosimni tiklanish egri chiziqlarini qurish;
v) kimyoviy tahlil uchun chuqurlikdan suv namunalarini olish, aralashgan gazlarning miqdori va tarkibini aniqlash;
y) suv oqimi oralig‘ini va sinalayotgan qatlam mahsuldorligini aniqlash.
Quduqlarni tayyorlash va gidrogeologik tadqiqotlar qidiruv tashkiloti rahbariyati tomonidan tasdiqlangan rejalar bo‘yicha amalga oshiriladi. Qidiruv quduqlarining og‘zi ularda o‘tkaziladigan gidrogeologik tadqiqotlar va kon-geofizik o‘lchovlar o‘tkazish sharoitiga qarab jihozlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |