Aqsh kongressi Vakillar palatasining Yevropa, Yevroosiyo va yuzaga keladigan xavf-xatarlar bo‘yicha kichik qo‘mitasi raisi, Kaliforniya shtatidan kongressmen Deyna Rorabaxer
Shu kunlarda O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatiya vakolatxonalariga mamlakatimiz davlat mustaqilligining 25 yillik yubileyi munosabati bilan o‘zbek xalqi nomiga yo‘llangan tabriknomalarning kelishi davom etmoqda. Ularda samimiy qutlovlar va ezgu tilaklar bilan birga mamlakatimiz mustaqil rivojlanish yillari davomida turli jabhalarda qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlar e’tirofi ham o‘z ifodasini topgan.
AQSH Kongressi Vakillar palatasining Yevropa, Yevroosiyo va yuzaga keladigan xavf-xatarlar bo‘yicha kichik qo‘mitasi raisi, Kaliforniya shtatidan kongressmen Deyna Rorabaxer: — O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston barqaror va gullab-yashnayotgan mamlakatga aylandiki, rivojlanishning bu modeli ko‘pgina davlatlar uchun yaqqol namuna bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Prezident Islom Karimovning oqilona rahbarligi tufayli respublika xalqaro maydonda o‘zining munosib o‘rnini egalladi.
O‘zbekiston Amerika Qo‘shma Shtatlarining mintaqadagi eng muhim sheriklaridan biri hisoblanadi. Mamlakatlarimiz yaqin do‘stona munosabatlarni rivojlantirishda davom etmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik masalalariga mutasaddi bo‘lgan parlament a’zosi sifatida Vakillar palatasida Markaziy Osiyo bo‘yicha tashabbus guruhi yaratilishiga o‘z hissamni qo‘shish niyatidaman. Bundan tashqari, kongressmenlar delegatsiyasi parlamentlararo aloqalarni hamda boshqa yo‘nalishlardagi o‘zaro hamkorlik ko‘lamlarini kengaytirish istiqbollarini muhokama etish maqsadida yana O‘zbekistonga borishni mo‘ljallamoqda.
Ushbu ajoyib imkoniyatdan foydalangan holda, qutlug‘ sana munosabati bilan O‘zbekiston aholisiga o‘zimning eng ezgu tilaklarimni izhor etishni istar edim. Xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida respublika bilan munosabatlarimiz yanada chuqurlashishiga umid qilaman.
Germaniya Bundestagining a’zosi, GFR ichki ishlar vazirligi huzuridagi ko‘chib kelganlar va milliy ozchilik masalalari bo‘yicha mamlakat federal hukumatining vakili Xartmut Koshik: — Germaniya Federativ Respublikasi 1991 yil 31 avgust kuni o‘z mustaqilligini e’lon qilgan O‘zbekiston Respublikasini birinchilardan bo‘lib tan olgan va Toshkentda o‘z elchixonasini ochgan mamlakatlardan biridir.
Hademay o‘z mustaqilligining 25 yilligini nishonlaydigan yosh davlat - O‘zbekiston Respublikasi xalqi tarixining ildizlari asrlar qa’riga borib tutashadi, uning madaniy merosi esa umumjahon ahamiyatiga molik.
Shuni mamnuniyat bilan qayd etishni istar edimki, muvaffaqiyat bilan rivojlanib borayotgan Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar o‘zbeklar zaminida istiqomat qilayotgan nemis diasporasi farovonligiga ham xizmat qilmoqda. Mustaqillik mamlakatda yashaydigan nemislargagina emas, balki boshqa millat va elatlar vakillarining erkin rivojlanishi uchun ham qulay sharoit yaratdi.
O‘zbekistondagi nemis diasporasi vakillaridan kelayotgan ko‘p sonli maktublar orqali shuni yaxshi bilamanki, ular O‘zbekistonni o‘z Vatani deb bilishgani holda mamlakat farovonligi yo‘lida yelkama-yelka turib mehnat qilishmoqda. Nemis diasporasi mamlakatda munosib o‘rinlariga ega bo‘lishgani holda, o‘zlarini mustaqil O‘zbekistonning teng huquqli fuqarolari sifatida his etishadi.
Germaniya federal hukumati O‘zbekiston qiyofasida o‘zining kuchli va ishonchli sherigini ko‘radi.
Ushbu fursatdan foydalanib, O‘zbekiston rahbariyati va xalqini mustaqillikning 25 yillik bayrami bilan samimiy qutlar ekanman, nemis jamoatchiligiga nisbatan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rligi va qo‘llab-quvvatlashi, shuningdek, samarali o‘zaro hamkorligi uchun O‘zbekiston davlatiga o‘z minnatdorligimni izhor etaman. Mamlakatning barcha fuqarolariga bardavom baxtu iqbol va farovonlik tilayman.