Tadqiqot obyekti va predmeti. Magistrlik dissertatsiyasini yozish jarayonida I.Sulton, O.Sharafiddinov M.Qo`shjonov, N.Karimov, B.Nazarov, P.Qodirov, U.Normatov, I.G`afurov, A.Rasulov, B.Akramov, B.Sarimsoqov, I.Haqqul, N.Rahimjonov, Suvon Meli, A.Ulug`ov, U.Hamdamov, U.Jo`raqulov kabi o`zbek olimlarining badiiy adabiyot poetik mohiyati, badiiy so`z estetikasi masalalariga bag`ishlangan asarlaridagi mushohadalar ilmiy-metodologik asos vazifasini o`tadi. Taqdim etilayotgan tadqiqot tahlili o`rni-o`rni bilan badiiy tahlil, qiyosiy-tipologik va tarixiy-analogik usullar mushtarakligi asosida amalga oshirildi.
Tadqiqot maqsad va vazifalari. Badiiy fikr shakllanish va namoyon bo‘lish tarzi muayyan axloqiy mezonlarni tavsiflaydi. Binobarin, badiiy talqin uzvini o`rganishdan ko`zlangan niyat badiiyat atalmish ko`p qatlamli - murakkab tizim to`g`risida to`laroq tasavvur hosil qilishga yo`naltirilgan. O`z-o`zidan ayonki, muhokama ma’nosi she’riyatda yanada teranlashadi. Tadqiqotning maqsadi badiiy ifoda madaniyatining umumiy mohiyati va lirikada namoyon bo`lish tarzi ba’zi qirralarini Abdulla Oripov ijodida inson va uning taqdiri, diniy-ma’rifiy g‘oyalar misolida ilmiy-nazariy umumlashtirishdan iborat.
Mazkur maqsaddan kelib chiqqan holda quyidagicha vazifalar belgilandi:
Shoir ijodida inson va uning taqdiri muhokamasi, badiiy mushohada hamda ijodiy niyatning reallashuvida g`oyaviy va badiiy muvozanatga aniqlik kiritish;
Abdulla Oripov lirikasidagi adabiy fikr mantiqiy taraqqiyoti ta’minoti bilan bog`liq o`ziga xoslik qirralarini tadqiq etish;
ijtimoiy voqelik va obrazlararo uyg`unlikdagi shoir estetik printsiplarini ochib berish va nazariy jihatdan tavsiflash;
ijodiy g`oya ifodasida falsafiy-badiiy talqin salmog`ini kuzatish;
adabiyotda diniy va dunyoviy mavzular uyg`unligini;
shakliy-uslubiy izlanishlarni yangicha estetik tahlilga tortish.
Ilmiy yangiligi. Abdulla Oripov she’riyati musiqaviy she’riyatdir. Uning har bir misrasida, har bir bandida alohida takrorlanmas ohang bor. Mana, bir vazmin, bir o‘ktam ohangda otashin misralar yangramoqda.
Hamin sarhadlardan g‘amgin sas kelur,
Malomat toshlari basma-bas kelur.
Odamni mahv etar farzandi odam,
Odam erur ammo tamoshabin ham.
Yetim go‘daklarning ko‘zdagi yoshi
Bu – jumla jahonga malomat toshi[35].
Yuqoridagi misralarda har bir so‘z bittadan tosh bo‘lib go‘yo alohida-alohida ritm bilan naq sening ko‘ksingga tegadi, ruhingga g‘alayon soladi. Bu haqda shoirning o‘zi ham she’r boshidayoq aytib qo‘ygan:
Idroking mavjiga tekkani zamon
U mudroq ruhingga solur g‘alayon[36].
Abdulla Oripovning har bir she’rining o‘z ohangi bor, uni sira ham boshqa ohangda aytib bo‘lmaydi. Shoirning bundan yigirma bir yil muqaddam (1963) yozgan “Sen bag‘orni sog‘inmadingmi?” deb nomlangan she’r sarlavhasining o‘ziyoq allaqanday musiqiy sadolarni yodimizga soladi. U sadolar ham shunday sadolarki, bahorning nimpushti g‘unchalari, chuchmomalar gulbarglarining qatlari ochilishidan paydo bo‘lgan, faqat qalb qulog‘i tinglashi mumkin bo‘lgan sadolardir:
Uzoqlardan zalvorli tog‘lar
Xayolimni keldilar bosib.
O‘tdi qancha intizor chog‘lar
Vasling menga bo‘lmadi nasib.
Sensiz men ham, bahor ham g‘arib,
Sen bahorni sog‘inmadingmi?[37].
Abdulla Oripovning “Yurtim shamoli” she’ri mening nazarimda ham zukko rassom mo‘yqalami bilan chizilgan tengsiz suratga, ham sohir qalbdi bastakor yaratgan kuyga o‘xshaydi. Shoir vatan shamolining zangori suratini chizar ekan, avval bahor yellarining atlas ko‘ylaklar etagini taragandagi mayin saslari eshitilganday bo‘ladi. So‘ng esa goh shodlik, goh qayg‘u nafasini olib kelgan dolg‘ali shamollar ovozini tinglaymiz.
Shoirning maqsadi faqatgina Vatan shamolining suratini chizish emas, u olamdagi “qancha bo‘stonlarni sovurgan” davronlar bo‘ronidan so‘ylab, “qayg‘ulardan holiy” yurti shamolini kuylamoqdir.
Yashil bog‘lar quchog‘ida sayragan turfa qushlar orasida bulbul ovozi yagona bo‘lganidek, shoir Abdullaning ovozi ham tanhodir.
Do'stlaringiz bilan baham: |