“Aqlli tibbiyot” tizimini (Meditsina sohasida AKT)
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari va Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitalari tomonidan «Aholiga tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish jarayonlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish holati va istiqbollari» mavzusida konferensiya o‘tkazildi.
Mavzu dolzarb. Zero, aholi salomatligini muhofaza qilishda zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi sohadagi bir qator masalalarning yechimida muhim o‘rin tutadi. Shu nuqtai-nazardan, tadbir davomida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash hisobiga aholiga yuqori texnologik tibbiy yordam, uning sifat darajasini, foydalanish qulayligi va tezkorligini oshirish sohasida huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirishning zamonaviy usullarini joriy qilish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi, shuningdek, ushbu sohada huquqni qo‘llash amaliyoti tizimini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Konferensiyada ko‘tarilgan masalalardan biri Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonunining Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimi muassasalarida ijro etilishi holatini o‘rganish bo‘yicha nazorat-tahlil faoliyati tadbiri yakunlariga qaratildi.
O‘rganilayotgan masala yuzasidan ma’lumotlar Qo‘mita a’zolarining joylardagi faoliyati davomida bevosita Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi muassasalar ishi bilan tanishishda (7 ta viloyatda 100 dan ortiq muassasalar), shuningdek, olingan axborot-tahliliy materiallar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda axborotlashtirish sohasidagi maxsus vakolatli organ – O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi tomonidan taqdim etilgan materiallar asosida yig‘ildi.
Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlashni ta’minlash sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, ularning turini kengaytirish va foydalanishga qulayliklar yaratishga asos bo‘ladigan, tibbiyot sohasining ishlab chiqarish jarayonlarini axborotlashtirishga qaratilgan ko‘plab muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, ««MEDKARTA» AAT O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining tibbiy kartalarini boshqarish» avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish Loyihasi, «Ijtimoiy xizmat va yordam oluvchi keksalar hamda nogironlarni hisobga olish, shuningdek, ijtimoiy himoya sohasida aholiga interaktiv davlat xizmatlarini ko‘rsatishni tashkil etish» idoralararo axborot tizimini yaratish Loyihasi, «Davlat tibbiyot muassasalarida hamda ijtimoiy dorixonalarda tibbiyotga mo‘ljallangan dori-vositalari va buyumlarini hisobga olish» avtomatlashtirilgan tizimini yaratish Loyihasi va boshqa shu kabi loyihalarni keltirish mumkin.
Anjumanda ta’kidlab o‘tilganidek, mamlakatimizda Yagona tibbiy axborot markazi va «Aqlli tibbiyot» tizimini joriy qilish bo‘yicha ishlar boshlangan. Yagona tibbiy axborot markazi va «Aqlli tibbiyot» tizimini joriy qilish tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, kasalliklarni oldindan aniqlash darajasini oshirish hamda ularni masofadan profilaktika qilishni joriy etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni bosqichma-bosqich, tizimli ravishda amalga oshirish axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda bemorlarni davolash uchun keng imkoniyatlar yaratadi, shuningdek, millat genofondini yaxshilash, aholining sog‘ligi bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarni ijobiy tomonga o‘zgartirish, barcha aholi qatlamlarining, ayniqsa, ayollar va bolalarning sog‘ligini himoya qilishni kuchaytirishda muhim rol o‘ynaydi.
Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash tizimi amaliyotida O‘zbekiston Respublikasi «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonuni talablarining ko‘plab to‘liq ijro etilmayotganligi holatlari hali ham mavjud. Jumladan, tibbiyotga oid dolzarb davlat axborot tizimlari va resurslari belgilangan muddatlarda to‘liq ishga tushirilmayapti. Misol uchun, Sog‘liqni saqlash vazirligining «Sog‘liqni saqlash» kompleks axborot tizimi, «Ijtimoiy himoya» axborot tizimi va boshqalarni yaratish bo‘yicha vazifalarni amalga oshirishda kechikishlar mavjud. Tibbiyot xodimlarining axborot-kommunikatsiya sohasida bilimlar darajasi pastligi, ularning zamonaviy tibbiy texnologik uskunalar bilan ishlash ko‘nikmalarining yetishmasligi holatlari kuzatilmoqda. Tibbiyot sohasining telekommunikatsion infratuzilmasi rivojlanmasdan va texnologik talablarga javob bermasdan qolmoqda. Kompyuter texnikalari bilan ta’minlash parametrlari ham bugungi kun talablariga javob bermaydi.
Vazirlik va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonunning 10-moddasi Davlat axborot resurslari; 12-moddasi Axborot resurslaridan foydalanish; 17-moddasi Axborot tizimlarining texnika vositalarini sertifikatlashtirish; 20-moddasi Axborot resurslari va axborot tizimlari muhofaza qilinishini tashkil etish va boshqa talablari to‘liq ijro etilmayapti.
Tadbir davomida Qo‘mitalar tomonidan «telemeditsina» va «smart-sog‘liqni saqlash» tizimini faol joriy etishga qaratilgan qonunchilikka tegishli qo‘shimcha va o‘zgartishlar tayyorlanayotgani aytib o‘tildi hamda uni takomillashtirish maqsadida tibbiy amaliyotning muhim jihatlari muhokama qilindi.
Qo‘mitalar tomonidan konferensiyadagi muhokamalar yakuni bo‘yicha tibbiyot sohasidagi axborot qonunchiligining huquqni qo‘llash amaliyotini tubdan isloh qilish, fuqarolar sog‘lig‘ini saqlashni ta’minlash bo‘yicha davlat siyosatining eng muhim ustuvorliklarini amalga oshirishga qaratilgan bir qator tavsiyalar ishlab chiqildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |