Aqida Mavlonova 207-guruh
Bismillahir rohmanir rohiym. Butun borliq, bashariyat, jamiyki, tirik organizmlar ichra ongli insonni, his etuvchi qalbini yaratgan Allohga hamd-u sanolar bo'lsin. Adabiyotshunos, ustozimiz- Uzoq Jo'raqulovning qo'limizdagi, o'qishga musharraf bo'lgan ushbu kitoblari, shubhasiz, adabiyot atalmish bo'ston ichra bog'ni bilishimizga o'z hissasini qo'shdi. Ushbu asardan o'quvchi har bir janrning yaratilish tarixi, xronotop tushunchasi, bir davr adabiyotining ikkinchisi bilan chambarchas bog'liqligi haqidagi ma'lumotlarga ega bo'ladi. Drama janri tarixiga mirojaat etish orqali kishi uzoq Yunonistonga sayr etdi. Aytib o'tish lozim, ushbu janrning yaratilish tarixi,ya'nikim Dionis haqidagi afsonaga bog'lanish hali hech bir darslikda uchratilmagan faktdir. Har bir janr millatning turmush sharoitidan kelib chiqib, vujudga keladi, rivojlanadi. Yunonlarning marosimlaridan kelib chiqqan drama janrini Sharq bilan taqqoslasak, bir muncha to'xtalishni kuzatamiz. Ustozimiz esa sharqning ijodsizlikda ayblashdan yiroq bo'ldilar. Garchi Shekspir Yevropada dramaga toj kiydirayotgan mahali bizda bu janr janr sifatida rivoj etmagani bor gap, albatta. Boyagi ayblashdan yiroqlik fikriga qo'shimcha o'laroq, bizning lirikadagi "toj"imiz dramadagi oqsoqligimizni yashirdi. Asardagi voqeaband g'azallar haqidagi fikrlar isboti o'laroq, lirikadagi syujet, voqea kishini o'ylantirmasdan qolmaydi. Birgina Navoiyning "Jong'a chu derman" g'azalining o'ziyoq, butun fikrlarimga tamal toshini qo'ya oladi desam, yanglishmayman. Aynan Mixail Baxting olib kirgan xronotop tushunchasini Uzoq Jo'raqulov o'z na'zariyalarida sharq adabiyoti orqali talqin etdilar desak, sira adashmaymiz. Navoiy asarlari: " Lison ut-tayr", "Layli va Majnun" "Xamsa" asarlari xronotopi haqidagi fikrlar kishini e'tiborsiz qoldirmaydi. Aynan "Layli va Majnun" asari haqidagi fikrlar shaxsan meni e'tiborsiz qoldirmadi va yangiliklari bilan hayratlantira oldi. Navoiy asarlari juda ko'p adabiyotshunoslar tomonidan tahlil etilgan. Ammo bu safargi talqin tamomila boshqacha. Navoiy asarlari tasavvuf adabiyoti ruhida ekanligi unutilmagan holda, faqat lirikasini Allohga bo'lgan muhabbat bilan bog'lamay, xalq orasidagi afsonaning badiiylashtirish orqali bir butun xalqning tarixi xronotopi yaratilganini guvohi bo'lamiz. Ustozimiz, talqinlarida Navoiyning mushohadalari bir muncha oydinlashgandek tuyuldi. Ya'nikim, ko'pgina jo'n fikrlarga nuqta qo'ydi. Har bir asar, voqea, syujet ortida ilohiylik turishi na'zariyasi unutilmadi. Shu nuqtai na'zarda qaraganimizda, ustozimizning ta'birlari bilan aytgan-da, asardagi oila- yaralishning, maktab- Allohning tanishning, gulshan- odamzod hidlashga intiq bo'lgan jannatning, visol- Tangri huzurida ko'z ochishning, xijron va iztiroblar esa Allohni sevuvchi har bir bandaning qismatiga ishora etilganini asar davomida ko'rishimiz mumkin. "Xamsa" asari tahlili, undagi 5 sonining aniq ramzi ham kishini e'tiroz bildirishiga ham o'rin qoldirmaydi. 5 dostonning biri bo'lmasa biz uni " Xamsa" deya olmaymiz. Beshlik asarning ustunidir. Islom dinining ham 5 ustuni- iymon, namoz, ro'za, haj zakot ham mo'minlarning farzidir. Allohning farz qilgan namozlarining 5 mahal ekanligi ham yana bir isbot, misoldir. Ushbu ramziy qarashlardan so'ng, Haq yo'lidagi oshiqlarning har biri Layli va Majnun ekanligiga guvoh bo'lamiz. Kitobni varaqlay- varaqlay, adabiyot na'zariyasining tayanch obyekti haqidagi tezislarga kelib qolibman. Bu yerdagi na'zariy fikrlar, talqinlar ham o'zgacha hamohanglikka ega. Yozma adabiyotning asl tag tomirida xalq og'zaki ijodi na'munalari turishi aniq isboti bilan tushuntirilgan. Aslida ham bu fikrlar bor. Lekin negadir hozirgi adabiy asarlar, janrlar haqida gapirilganda, unutilayozganday edi. Asarda bunga misol tariqasida, barmoq vaznidagi she'rlar tilga olinadi. Barmoq she'riyati haqida gapirilganda, faqatgina zamonaviy she'riyat deya ta'riflashimiz bor gap. Aslida esa barmoq she'riyati qadimiy bo'lib, uning asosi xalq qo'shiqlarimizga borib taqaladi.
"O'tkan kunlar". Bu asar yaratilibtiki, muhokamalar markazida. Ushbu asar butun o'zbek xalqi uchun sevimli, ardog'li asar ekanligi. Uni kitobxonlar qo'lidan qo'ymasligi, o'qishdan charchamasligi, asarning bahosi tillolarga tengligi aytiladi. Negaki, tan olishimiz kerak, Qodiriygacha bizda milliy roman yo'q edi. Ko'plab mushohadalar ichida qolgan asar haqida fikr yuritish, uni qalamga olish kishidan o'zgacha jasorat va mas'uliyat talab etadi. Shaxsan men va o'zim tengi yoshlar fikri bu asar haqida boshqacharoq, albatta. Bu asarga nisbat ta'riflarimiz qatorida sof o'zbekona, milliylik ruhini talqin etgan. Shu qatorda millatning kamchiliklari xususan qo'shxotinlikning fojeasi, xonlikning inqirozlari, xalqqa nisbatan adolatsizliklari talqin etilgan deya jo'n fikrlardan yiroq emasmiz. Boyagi fikrlarni yana shu o'rinda qaytarish mumkin. Har bir asar voqeasi-yu syujeti ilohiylikka yo'g'rilgan bo'ladi. U. Jo'raqulovning "O'tkan kunlar" tahlillarida ham shuni ko'rishimiz mumkin. Aynan mana shu ilohiylikni asarda har bir janrning, adabiy turlarning (epik, lirik, dramatik) sujet tipologiyasi tag tomiri- Odam a.s va ularning juftlari- axborotidir. Roman tahlilidagi fikrlar ham aynan Odam a.s va ularning juftlariga qaratiladi. Ustozimiz, bu qaratilishni yevropa adabiyotiga xos "uchrashuv motivi" deya atab, Otabek va Kumushning uchrashuvlarini aynan shunga taqqoslaydilar. Qodiriyning mahorati va o'z asarini yevropacha uslubda yozish maqsadi bu "uchrashuv motivini" visol onlarida o'quvchiga bildirishni maqsad qiladi. Romanning bundan keyingi sujet talqinlari ham aynan muqaddas kitobimiz Qur'oni Karimga bog'langan holda talqin etiladi. Shu o'rinda, ustozimiz, M. Baxtingning uchrashuv+visol+ayriliq+qidirish+topish na'zariyasini yodga olgan holda, bu talqinni "O'tkan kunlar" romaniga moslaydi. Umumiy qilib aytganda, oshiqlarning muhokamaga sabab bo'lgan o'limi,aslida, haq yo'lidagi shahidlikdir. Ular gunohlardan pok bo'lib, Yaratgan huzuriga rihlat qildilar. Qodiriyning asosiy maqsadi ham shu edi, fikrimcha. Maqolada muhabbatning izi o'chmaganligi va Yodgorjondan ikki o'g'il qolganligi, asarga chiroyli yakun yasaganligi ta'kidlangan.
Undan tashqari ustoz g’arb uyg’onish davri adabiyoti vakillari ijodidan ham bir qator asarlarga sharh keltirib o’tilgan. Xususan, Servantis ijodidan “Don Kixot” asari haqida to’xtalib o’tilgan. Bu asarda insoniyat bashariyat o’zlik haqida insonni o’yga soluvchi qarashlar mavjud. Umuman bu asarda Servantisning “meni” turadi. Jahongashta ritser o’rta asr g’arb davlatlaring ijtimoiy hayoti haqida so’zlayotgan qahramondir. XXasr g’arb adabiyoting yorqin vakillari JEk London, Bahtin, Anri Berson, Jems Joys kabi yetuk namoyondalarning ulkan saviyada yozilgan asarlariga ham qisqacha izohlar berilgan asar yakunida ustozimizning ustozlari Suvon Meliyev, Qahramonov, Sarimsoqov, Mahmud Sa’diy, Umarali Normatovlar haqidagi maqolalar berilgan. Ustoz Suvon Meliyevning aytganidek: “Asl adabiyot-ezgulikka xizmat”-qiladi. Adaboyotni bir bo’ston deb tasavvur qilsak unda bor jamiki ijodkorlar rang berib turgan turfa gullardir. Billurdek musaffo dillarni yayratib so’z bilan sehrlayotgan bu tilsim bor ekan yomonlik bo’lmaydi bo’lolmaydi. Zero kitob va adabiyotga oshno qalb sohibi yovuzlikdan ancha yiroq yaxshilikda sobitqadam bo’lgay. So’zim yakunida shuni aytamanki bu kitob hali ko’p yillar davomida biz kabi adabiyot vakillari uchun muhim qo’llanma sifatida ishlatiladi. Tushunilishi oson va o’qiganda o’rganaman degan asar uchun ustozdan minnatdormiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |