aplikatsiya
Rasm chizish, plastilindan narsalar yasash, applikatsiyalar bilan ishlash bolalar uchun qiziqarli mashg‘ulotdir. Rasm chizish va plastilindan buyumlar, narsalar yasash, applikatsiya va mozaikalar ishlash maktabgacha yoshdagi bolalar uchun har qanday shubhalardan xolidir. Chunki bunda mayda qo‘l motorikasi rivojlanishidan tashqari bola o‘ylab qo‘ygan fikrlaridan ulkan maydon tuzadi.
Tasviriy faoliyat mashg‘ulotlarida turli xil materiallardan foydalanib applikatsiyaning predmetli, syujetli-tematik, dekorativ turlarida tasvirlashga o‘rgatish bolalarda fikrlash, tasavvur, aniqlik, rang va shakllarni tezda farqlay olish xususiyati, o‘zgarib turuvchi sharoitlarda harakatlanish, original yechimlarni izlash kabi xususiyatlarni shakllantirishga yordam beradi. Tasavvurni kengaytiradi, har xil materiallardan yaxlit bir obraz yaratish mahoratini shakllantiradi. Shuning uchun ham maktabgacha yoshdagi bolalarni turli badiiy, tabiiy materiallar bilan turli noan’anaviy applikatsiya texnikalarida ishlashga o‘rgatib borish o‘rinlidir.
Kichkintoylarning ijodiy qobiliyatlarini rivoj-lantirish bola qo‘liga ilk bor tasviriy material – qog‘oz, qalam, kubik, rangli mum qalamcha (melki), flomasterlar tushganida boshlanadi. Bu paytda kichkintoyning tasviriy qobiliyatlarini rivojlantirish muhim o‘ringa ega. Bola materiallar xususiyatlari bilan tanishadi, qo‘lning turli harakatlarini o‘zlashtiradi. Predmetlarning ongli tasviri paydo bo‘lishi bilan qobiliyatlar rivojlanishida tasviriy davr boshlanadi. Bunday faoliyat ijodiy xarakterga egadir.
Qog‘ozdan applikatsiya nafaqat qiziqarli, balki bolalar rivojlanishi uchun har tomonlama foydali hamdir.
Applikatsiya mashg‘ulotlari kichkintoyda o‘zini baholashni, o‘z imkoniyati va kuchiga ishonishni ham oshiradi. Fantaziya va ijod ranglarni idrok qilish, mayda qo‘l motorikasini rivojlantiradi.
Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar applikatsiyaning barcha jarayonlarini o‘zlashtirib olishlari lozim. Bu jarayonga tayyorgarlik mashg‘ulotlari sifatida mozaika bilan o‘yinlar kiradi. Ular yordamida bolalar tayyor geometrik shakllarni yoyib, ularning o‘ziga xosliklari rangi va joylashish uslubi, naqsh yaratish usullari bilan tanishadilar. Applikatsiya jarayonini o‘zlashtirish yopishtirmasdan shunchaki qirqishga ham o‘rgatadi. Masalan, bolalar qaychidan foydalanishni o‘rganishadi. Qog‘ozni qirqib undan o‘yin uchun bilet va do‘kondan narsa olishga pullar, bayram uchun turli rangli bayroqchalar tayyorlaydilar. Maktabgacha ta’lim muassasalarida applikatsiya ishlarining tayyor shakllarni yopishtirish va shakllarni qirqib yopishtirish kabi turlari ham qo‘llaniladi. Kichkintoylar shakllarni bo‘laklab yoki siluet shaklida qirqib olishlari ham mumkin. Shunga ko‘ra, buyumning ko‘rinishini alohida bo‘laklardan yaratish oson bo‘ladi. Siluet tasvirlarni qirqish maktabgacha yoshdagi bolalar uchun qulay va oson usuldir. Lekin siluet ko‘rinishida katta shakllarni qirqish esa faqat tayyorlov guruhlari uchun mo‘ljallangan.
Applikatsiya bolalarda turli materiallar va ularning o‘ziga xosliklari bilan tanishish, fantaziya, tasavvur, ijodiy qobiliyatlar rivojlanishi uchun katta imkoniyatlarga ega. Naqshlarni tayyor geometrik yoki o‘simlik shakllaridan tashkil qilish mumkin. Tayyor shakllarni dekorativ ishlarda qo‘llash bolalarga naqsh elementlarini ritmik ketma-ketligida tanlashda, diqqatni jamlashda yordam beradi.
Maktabgacha yoshdagi bolalarning applikatsiya mashg‘ulotlarida olgan malakalari kelgusida konstruksiyalashtirishda va archa o‘yinchoqlarini yasashida, turli dekorativ bezaklarni qilishda ishlatishlari mumkin. Shuni aytib o‘tish kerakki, ba’zida qirqilgan shakllar xonani bezatish uchun ishlatilavermaydi. Masalan, qog‘oz sochiqlar, to‘rlar tokchalarni bezatish uchun, rang-barang shakllar esa oynani bezatish uchun va h.k. Mato, jun va teri qiyqimlari kiyimni bezatishda, panno qilinganda ishlatiladi. Ba’zida qirqilgan shakllar fonga butunlay yopishtirilmaydi. Masalan, gulbarglar applikatsiyasini ishlashda ularning o‘rtasigina yopishtiriladi.
Maktabgacha yoshdagi bolalar ijodi uchun applikatsiya sodda va oson bo‘lishi kerak. Kichkintoylar tayyor berilgan shakllardan kompozitsiya tuzishlarida qiyinchilik tug‘ilmasligi lozim. Shu tarzda applikatsiya mashg‘ulotlari bir tomondan tasvirlashdagi faolligi shakllanishiga, boshqa tomondan esa bolalarda ijodiy qobiliyatlar rivojlanishiga yordam berishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |