So‘z boshi
Geograf mutaxassis tayyorlashda “Aholi geografiyasi va demografiya asoslari” o‘quv kursi muhim o‘rinni egallaydi. Ayniqsa iqtisodiy va ijtimoiy geografiya yo‘nalishida mazkur o‘quv kursi ahamiyatlidir. Ma’lum davlat, yoki hududni iqtisodiy nuqtai nazardan talqin etish, unda istiqomat etayotgan aholi soni, dinamikasi, yosh-jinsiy oilaviy tarkibi, zichligi, shaharlar, qishloqlar va halq xo‘jaligi sohalari bo‘yicha taqsimlanishini o‘rganishdan boshlanadi. Zero aholi jamiyat rivojlanishida asosiy ishlab chiqaruvchi kuch va iste’molchidir.
Ayniqsa insoniyat taraqqiyotining hozirgi davrida ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar, ekologik muammolar, hatto ulkan tabiiy hodisalarning vujudga kelishida inson faoliyati bilan bog‘liq antropogen omillar asosiy omil bo‘lib kelmoqda.
Zamonaviy iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning asosiy vazifalaridan biri aholi ishlab chiqarish faoliyatining hududiy hususiyatlari, ularga ta’sir etuvchi ijtimoiy, iqtisodiy va demografik omillar ta’sirini, hamda aholi prognozini o‘rganishdir. Ushbu muammo tabiyat, xo‘jalik va aholini o‘rganish borasida olib boriladigan mukammal geografik tadqiqotlarning ajralmas, muhim qismidir.
Aholi geografiyasi dunyo va uning alohida hududlarida aholi soni va tarkibi, takror barpo bo‘lishi qonuniyatlari, migratsiyasi, joylashuvi, aholi maskanlari va ularning shakllanishi, turlari hamda urbanizasiya jarayonlari haqida bilim beradi.
Aholi geografiyasi tadqiqotlarida asosiy e’tibor aholining takror barpo bo‘lish jarayoni, mehnat resurslari va ulardan foydalanish, aholi zichligi va joylashuvi aholi migratsiyasining intensivligi, yo‘nalishi, tarkibi, aholining turmush tarzi, madaniyati mehnat malakalaridagi hududiy farqlarini va hususiyatlarini o‘rganishga qaratiladi.
Demografik tarkib va aholi takror barpo bo‘lishidagi hududiy jihatlarni o‘rganishda o‘rganilayotgan hududning demografik holati, ya’ni vaziyatini tadqiq etish, muhim ahamiyatga egadir.
Bunday tadqiqotlarda geografiyaning asosiy vazifasi hududning ma’lum davridagi aholi soni, tarkibi, tug‘ilish, o‘lim, nikoh, ajrim kabi demografik jarayonlarga kompleksi va hududiy sharoitlarining ta’sirini o‘rganish, hamda aholi takror barpo bo‘lish jarayonini hududning rivojlanishiga ta’sirini aniqlab berishdan iborat.
Aholi geografiyasi hududiy, demografik farqlarini o‘rganar ekan, demografik fani bilan uzviy aloqada bo‘ladi.
Aholi takror barpo bo‘lishi qonuniyatlarini o‘rganish va aholi prognozini ishlab chiqish geograf mutaxassisdan ma’lum demografik bilimlarni bilishni taqozo etadi. Mazkur o‘quv kursida talaba demografik vaziyat va demografik tahlil, aholi takror barpo bo‘lishi jarayonidagi asosiy omil – tug‘ilish va uning ko‘rsatkichlari, omillari, oqibatlari, hududiy hususiyatlari, aholi o‘limi va uning sabablari, hayot davomiyligining hududiy jihatlari dunyo davlatlarining demografik muammolari, demografik o‘tish konsepsiyalari, demografik siyosat va uni o‘tkazish geografiyasi haqida ta’lim oladi.
Shuningdek, ushbu o‘quv qo‘llanmada aholining jins-yosh va oilaviy, etnik irqiy tarkibi, mehnat resurslari va aholi bandligi, shaharlar va shahar aholisi, kishloqlar va kishloq aholisi geografiyasi ham yoritilgan.
Havola etilayotgan “Aholi geografiyasi va demografik asoslari” o‘quv qo‘llanmasi O‘zbekiston Respublikasining mustaqillik davrida jaxon ta’lim tizimi standartlari asosida tayyorlangan o‘zbek tilidagi dastlabki qo‘llanmalardan bo‘lib, uning asosiy vazifasi o‘quvchiga dunyo aholisi rivojlanishining hozirgi zamon hususiyatlari va qonuniyatlarini ochib berish, aholi va aholi maskanlari dinamikasi, tarkibi, mehnat resurslari va ulardan foydalanish, aholi prognozini geografik hususiyatlarini yoritish va aholini geografik o‘rganish uslublarini ko‘rsatishdan iboratdir.
Mazkur o‘quv qo‘llanma O‘zbekiston Milliy universiteti geografiya fakulteti o‘qituvchilari: M.R. Bo‘rieva (I, II, III boblar va IV bobning 1§ ), Z. Tojieva (V bob), S. Zokirov (IV bobning 2§, 3§, 4§, 5§ lari) lar tomonidan tayyorlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |