2. Moliyaviy siyosatning tarkibiy qismlari (yo‘nalishlari)
Moliyaviy siyosatning tarkibiy qismlari (yo‘nalishlari) quyidagilardan iborat:
• byudjet siyosati;
• soliq siyosati;
• pul siyosati;
• kredit siyosati;
• baho siyosati;
• investitsion siyosat;
• sotsial moliyaviy siyosat;
• boj siyosati.
O‘z navbatida, moliyaviy siyosat davlatning iqtisodiy va sotsial siyosatini amalga oshirishning vositasi bo‘lib hisoblanadi va shu ma’noda yordamchi rolni o‘ynaydi. Bir vaqtning o‘zida davlat siyosatining boshqa – milliy, geosiyosat, harbiy – yo‘nalishlari ham mavjudligini esdan chiqarmaslik kerak. Ana shu barcha besh yo‘nalishning (iqtisodiy, sotsial, milliy, geosiyosat, harbiy) yig‘indisi (majmui) davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy instrumenti sifatida xizmat qiladigan moliyaviy siyosatni aniqlab beradi.
Moliyaviy siyosat moliyaviy boshqaruvning tarkibiy qismi sifatida boshqaruvning yuqori (oliy) organlariga tegishlidir. Mamlakatning sub’ektlari darajasida moliyaviy siyosat borasida qarorlarning qabul qilinish imkoniyatlari cheklangan va mahalliy hokimiyat organlarining funksiyalari unchalik katta emas. Ularning bu funksiyalari byudjet va mahalliy soliqlar bilan chegaralanadi.
Moliyaviy siyosatning tarkibiy qismi (yo‘nalishi) sifatida davlatning byudjet siyosati, eng avvalo, har bir mamlakatning Konstitutsiyasi va byudjet jarayonida hamda qonun ijodkorligida alohida hokimiyat organlarining funksiyalarini belgilovchi boshqa qonunlar majmuiga muvofiq aniqlanadi. O‘zining hajmi va muhimligi jihatidan eng katta ish bo‘lishiga qaramasdan byudjet siyosatini faqat byudjet jarayoniga tegishli deb hisoblash maqsadga muvofiq emas. Qonun byudjet jarayonida hokimiyatning qonunchilik va ijroiya organlari funksiyalarini, mamlakat sub’ektlari funksiyalarini, byudjet federalizmi prinsiplarini, byudjet jarayoni sub’ektlarining huquq va majburiyatlarini va h.k.larni aniq belgilashi kerak. Biroq byudjet siyosati shu bilan cheklanmaydi. Byudjet siyosati byudjetda konsentratsiya qilinadigan (to‘planadigan) YAIM hissasini aniqlashda, mamlakat yuqori va quyi organlarining o‘zaro munosabatlarida, byudjet xarajatlar qismining tarkibiy tuzilishida, turli darajadagi byudjetlar o‘rtasida xarajatlarni taqsimlashda, davlat qarzini boshqarishda, byudjet defitsitini qoplash yo‘llarini aniqlashda va h.k.larda ifodalanadi.
Demokratik davlatda byudjet qonun tarzida tasdiqlanadigan hujjat hisoblanadi. Unda davlatning o‘z funksiyalarini bajarish maqsadida davlat qo‘lida konsentratsiya qilingan (to‘plangan) pul mablag‘larining harakati o‘z ifodasini topadi. Davlat siyosatini aniqlab beradigan maqsadlarga erishish uchun pul resurslarini yo‘naltirish byudjet siyosatining ustuvorligini tashkil etadi. Agar maqsadga erishish milliy iqtisodiyot ta’minlaydigan mablag‘lardan ko‘p mablag‘ talab etsa, davlat qo‘shimcha daromadlarni shakllantirishning quyidagi favquloddagi usullarini qo‘llashga majbur bo‘ladi: ichki va tashqi kreditlar, milliy boylikni sotish, boylik va mol-mulkni ijaraga berish va konsessiyalar. Byudjetning daromadlar qismini to‘ldirishning favquloddagi choralari iqtisodiy mustaqillikning yo‘qolishiga olib kelishi mumkin. Buni hisobga olgan holda hokimiyatning qonunchilik organlari qarz olishning chegarasini oldindan belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |