14-MAVZU. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI SOLIQ TIZIMI
1. Soliq tizimining mohiyati va ahamiyati
2. Soliq tizimini guruhlashning o’ziga xos jihatlari
3. Umumbelgilangan xamda soddalashtirilgan tartibdagi soliq tizimlari
4. Soliq tizimining huquqiy asoslari, soliq to’lovchilarning huquq va majburiyatlari
Tayanch iboralar:. Soliq tizimining tarkibiy tuzilishi. Soliq tizimining elementlari. Soliqlar va soliqlarga tenglashtirilgan majburiy to’lovlarni guruhlash: iqtisodiy mohiyatiga ko’ra; davlat byudjetiga tushishiga ko’ra; to’lovchilar turiga ko’ra. To’g’ri soliqlar. Egri soliqlar.
Soliq tizimining mohiyati va ahamiyati
Yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan soliqlar, yig’imlar, bojlar va boshqa majburiy to’lovlar hamda ularning tuzilish tamoyillari, usullari, soliq nazoratining yig’indisi soliq tizimini tashkil etadi. Bu ta’rif soliq tizimini keng ma’noda tushunishdir. Soliq qonunchiligida soliq tizimi tor ma’noda talqin qilinib, bir xil mohiyatga ega bo’lgan va markazlashgan pul fondini tashkil etadigan soliq, yig’im, boj va boshqa majburiy to’lovlarning yig’indisi soliq tizimi deb ataladi. Soliq tizimiga nisbatan bunday yondashuv ayrim adabiyotlarda ham keltirilganligini ta’kidlash o’rinli. Qayd etilgan ta’rifda soliq va yig’imlar yagona mohiyat, ya’ni «majburiy xarakterga ega bo’lgan munosabat» va ularning bir-biri bilan bog’liqligi va nihoyat byudjetga tushishligini ko’rsatadi. Bu O’zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksi mazmuniga mos keladi. SHu yerda bahsli masala ham mavjud, ya’ni davlatning byudjetdan tashqari fondlariga (pensiya, ijtimoiy sug’urta, bandlik, yo’l fondlari va boshqalar) to’lovlarni ham majburiylik nuqtai nazardan soliq tizimiga kiritish muammosi mavjud. Soliqlar bo’yicha izlanishlar olib borgan ayrim mualliflarning soliq tizimiga yondashuvi boshqacha.
Soliq tizimiga, xususan, soliqlar yoki ularga tenglashtirilgan to’lovlar tizimi (majmui) sifatida qarash mumkin emas. Soliq solishning muhim shartsharoitlariga quyidagilar kiradi: soliqlarni belgilash va amalga kiritish tartibi, soliqlarning turlari, ularni byudjet darajalari o’rtasida taqsimlash tartibi, soliq nazoratini amalga oshirish shakllari va uslublari, soliq to’lovchilarning huquqlari, majburiyatlari, ular manfaatlarini himoya qilish usullari, soliq munosabatlari ishtirokchilarining javobgarligi va shu bilan birga ushbu elementlar soliq tizimining tarkibiy unsurlari ekanligini ta’kidlaydi va soliq tizimi deganda ana shu elementlarning majmuasidan iborat bo’lgan va ular o’rtasidagi munosabatlar majmuasidan kelib chiqib ifodalash mumkin. Umuman olganda soliq tizimini tarkiban soliqqa tortish tamoyillari, soliq siyosati, soliqqa tortish tizimi, soliq mexanizmi kabilarga ajratish mumkin. Ushbu elementlar bevosita mamlakatda amal qilayotgan soliqlarning tarkibini belgilab beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |