Ahmad Al-Farg’oniy (797-865) Al-Farg’oniy Farg’ona vodiysining Qubo (Quva) qishlog’ida tug’ilgan. 813 yilda arab xalifaligi taxtiga Xorun ar-Rashidning o’g’li Abdulloh (al- Ma’mun) o’tiradi. Al-Farg’oniy Bog’doddagi «al-Ma’mun» akademiyasida (Baytul hikma) faoliyat olib boradi. Bu akademiya ixtiyorida ikkita rasadxona faoliyat ko’rsatar edi. Biri Bog’dod shahrining ash-Shammosiya mavzesida bo’lib, ikkinchisi Damashq shahri yaqinidagi Kasiyun tepaligida edi. Al-Ma’mun akademiyasida buyuk matematik va astronom, vatandoshimiz al- Xorazmiy faoliyat ko’rsatar edi. Al-Farg’oniy ilm izlab Farg’onadan Bog’dodga borib, al-Xorazmiy bilan tanishadi va uning rahbarligida Damashq shahridagi rasadxonada o’z ilmiy izlanishlarini davom ettiradi. Vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniyning guvohlik berishicha, al-Farg’oniy Suriya shimolidagi Sinjor sahrosida 832-833 yillarda Tadmur va ar-Raqqa oralig’ida yer meridianining bir darajasi uzunligini o’lchashda ishtirok etganligini ta’kidlaydi. Al-Farg’oniyning asosiy astronomik asari «Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum haqida kitob» (Kitob al- harakat as-samoviya va javomi’ ilm an-nujum) XII asrda Ovrupoda ikki marta lotin tiliga va XIII asrda boshqa Ovrupo tillariga tarjima qilinadi. Natijada, uning lotinlashtirilgan nomi «Alfraganus» shaklida Ђarbda keng tarqaladi. Uning ushbu kitobi Ovrupa universitetlarida astronomiyadan asosiy darslik vazifasini o’tagan. Hozirgi kunda al-Farg’oniyning sakkiz asari ma’lum bo’lib, ularning hammasi astronomiyaga aloqadordir. Qo’lyozmalari dunyo kutubxonalarining barchasida bor. «Asturlab yasash haqida kitob» - Berlin, Mashhad, Parij va Tehron kutubxonalarida saqlanmoqda. «Asturlab bilan amal qilish haqida kitob» nomli asarining birgina qo’lyozmasi Rampur (Hindiston) shahri kutubxonasida saqlanmoqda. «Al-Farg’oniy jadvallari» qo’lyozmasi Patna (Hindiston) shahrida, «Oyning Yer ostida va ustida bo’lish vaqtlarini aniqlash haqida risola» qo’lyozmasi Qohira shahrida, «Yetti iqlimni hisoblash haqida risola» qo’lyozmasi Gota va Qohira shahrida, «Quyosh soatini yasash haqida kitob» qo’lyozmasi Halab va Qohira shaharlarida saqlanmoqda. Al-Farg’oniyning faqat ikkita asari o’rganilgan, qolganlarini o’rganish o’z navbatini kutib yotibdi. Uning asarlari to’liq tahlil qilinsa, alloma bobomiz ijodining yangi qirralari ochiladi va uni jahon fani va madaniyatiga qo’shgan ulkan hissasi yanada yaqqolroq namoyon bo’ladi. Al-Farg’oniy nafaqat nazariyotchi olim, balki asl amaliyotchi muhandis ham bo’lgan. U o’z hayoti davomida rasadxona qurilishiga, astronomik asbob va uskunalar yasashga boshchilik qilgan. U Nil daryosida suv sathini o’lchaydigan asbob (nilometr) yaratib, uni ishlatish yo’llarini ko’rsatib bergan va o’zi ham shaxsan ishtirok etgan. Chunki Nil daryosi yoqasida istiqomat qiluvchi aholining dehqonchilik ishlarini boshlashi uchun qurg’oqchilik va suv toshqinlaridan ogohlantirib turish o’sha paytlarda muhim ahamiyatga ega bo’lgan. Nilometr asbobining ishlashi fizikadan hozirgi kunda ma’lum bo’lgan tutash idishlar qonuniga asoslangan. Demak, tutash idishlar qonunini al-Farg’oniy amalda qo’llagan. Ammo fizika tarixida tutash idishlar qonuni XVII asrda yashagan Fransuz olimi Blez Paskal nomi bilan bog’lanadi. Ayon bo’ladiki, vatandoshimiz Al-Farg’oniy tutash idishlar qonunini Ovrupa olimlaridan 800 yil avval amaliy sohalarda qo’llagan.Mustaqillik tufayli buyuk ajdodlarimizning bebaho ilmiy meroslaridan bahramand bo’lish baxtiga erishdik. Mustaqillik tufayli ulug’ alloma vatani Farg’onada uning nomiga ulkan bog’ va memorial haykali o’rnatilib, 1998 yilda Al-Farg’oniyning 1200 yillik to’yi Respublika miqyosida keng nishonlandi.