ANDIJON VILOYATI
ANDIJON VILOYATI — OʻzR tarkibidagi viloyat. Fargʻona vodiysining sharqiy qismida. 1941-y. 6-martda tashkil etilgan. Mayd. 4,2 ming km2. Axolisi 2196,0 ming kishi (2000). Andijon viloyatida 14 qishloq tumani (Andijon, Asaka, Baliqchi, Buloqboshi, Boʻz, Jalaquduq, Izboskan, Marhamat, Oltinkoʻl, Paxtaobod, Ulugʻnor, Xoʻjaobod, Shahrixon, Qoʻrgʻontepa), 11 shahar (Andijon, Asaka, Marhamat, Oxunboboyev, Paxtaobod, Poytugʻ, Xonobod, Xoʻjaobod, Shahrixon, Qorasuv, Qoʻrgʻontepa), 5 shaharcha (Andijon, Boʻz, Janubiy Olamushuk, Kuyganyor, Polvontosh) va 95 qishloq fuqarolari yigʻini bor (2000). Markazi — Andijon sh.
Andijon viloyati tumanlari haqida alohida maqolalarga, mas, Asaka tumani, Shahrixon tumani va b. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng Andijon viloyatida, boshqa viloyatlarda boʻlgani kabi, boshqaruvning tarixiy va milliy shakli — hokimlik oʻrnatildi. Natijada hokimliklarda koʻproq mustaqillik, oʻz hududida oʻz hukmi va soʻzining taʼsirini oshirish, xoʻjalik va iqtisodiy boshqaruvda qatiyat bilan ishlash imkoniyatlari paydo boʻldi. Xokimliklar hayotga hamda i. ch. ga yaqinlashdilar. Andijon viloyati hokimi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda viloyat xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Tabiati. Andijon viloyati yer yuzasi asosan tekislik. Hoz. relyefi va yer yuzasidagi jinslar toʻrtlamchi geologik davrning katta-kichik daryolari va irmoqlarining faoliyatidan hosil boʻlgan. Viloyatning gʻarbiy qismi qirli tekislik (bal. 400 —500 m), sharqi (Andijon sh. dan sharqda) Fargʻona va Olay tizmalarining adirlaridan iborat. Andijon viloyati geologik aktiv zonada joylashgan, kuchli zilzilalar boʻlib turadi (q. Andijon zilzilasi). Iqlimi keskin kontinental, quruq. Togʻ tizmalari Fargʻona vodiysini sovuq havoning kirib kelishidan toʻsib turganligi uchun qishda Andijon viloyatida ob-havo birmuncha barqaror. Yozi issiq, iyulning oʻrtacha t-rasi 27,3°, kishi nisbatan so-vuq, yanv. ning oʻrtacha t-rasi —3°. Vegetatsiya davri 217 kun. Yiliga 200 — 250 mm yogʻin tushadi. Andijon viloyati Oʻzbekistonning boshqa viloyatlariga nisbatan suv resurslariga boy. Daryolari yogʻindan, togʻlardagi koʻp yillik qor va muzliklardan suv oladi. Asosiy daryosi — Qoradaryo (Sirdaryo irmoklaridan biri). Uning irmoqlari — Moylisuv, Oqboʻra, Aravonsoy va b. A. v. daryolarining suvi sugʻorish uchun ishlatiladi. Tuproqlari boʻz, qoʻngʻir, oʻtloqi, oʻtloqi-botqoq tuproqlar, qumtosh, mergel, less va chaqirtoshlardan iborat. Bahorda adirlar efemer oʻsimliklar b-n qoplanadi. Andijon viloyatining ekin ekilmaydigan tekislik qismida shuvoq-shoʻra oʻsimliklari, togʻ yon bagʻirlarida pista, bodom oʻsadi. Yovvoyi hayvonlar (boʻri, tulki, qobon va b.) kam uchraydi; sudraluvchilar, kemiruvchilar, qushlar, suv havzalarida baliqlar bor.
Aholisining koʻpchiligini oʻzbeklar tashkil etadi. Qirgʻiz, tojik, uygʻur, rus, koreys va b. ham bor. Rossiya Qoʻqon xonligini bosib olgach, bu yerga rus, ukrain, tatar, arman, yahudiy va b. koʻchib kelgan. 1 km2 ga oʻrtacha 517 kishi toʻgʻri keladi. Milliy tarkibi: oʻzbeklar — 88,8%, qirgʻizlar 3,8%, tatarlar 3,1%, ruslar 2%. Shaharliklar 657,7 ming kishi, qishloq aholisi 1539,2 ming kishi (2000).
Xoʻjaligi. Andijon viloyati respublika i. ch. da va madaniy taraqqiyotida yetakchi oʻrin tutgan viloyatlardan biri. Respublikaning 2,6% neftini, 8,3% paxtasini, 8,7% paxta tolasini, 8,7% oʻsimlik moyini beradi (2000; rejaga nisbatan). Tabiiy resurslar, q. x. xom ashyosi negizida ishlaydigan sanoat tarmoqlari, shuningdek aholiga isteʼmol buyumlari ishlab chiqaradigan korxonalar barpo etildi.
Viloyatda tadbirkorlik rivojlanib borayapti. Uni qoʻllab-quvvatlash maqsadlariga 2 mlrd. soʻmdan ziyod kredit berilib, 3,4 mln. AQSH dollari miqdorida chet el sarmoyasi jalb qilindi (2000). 1995-2000-y. lar mobaynida viloyat iqtisodiyotida 23,5 mlrd. soʻm chet el sarmoyasi kiritildi.
Sanoati. Viloyatda foydali qazilmalarni qazib chiqarish, paxtachilik va irrigatsiya bilan bogʻliq boʻlgan tarmoqlar, paxtani qayta ishlash, mashinasozlik va metallsozlik, elektrotexnika sanoatlari, qurilish materiallari i. ch., kimyo, yengil (ipgazlama, paypoq f-kalari va b.), oziq-ovqat sanoati eng rivojlangan tarmoqlardir. Viloyat mamlakatda neft va gaz qazib chiqarishda salmoqli oʻrin tutadi. Oʻnga yaqin neft va neft-gaz konlari (Andijon neft koni, «Xoʻjaobod», «Boʻston», «Janubiy Olamushuk», «Xartum», «Polvontosh», «Xoʻjausmon» va b.) ishlab turibdi. Xoʻjaobod — Andijon — Asaka gaz quvuri bor.
Andijon viloyatida dastlabki paxta tozalash z-dlari Andijon sh. da 1911-y. da, Asakada 1912-y. da, Shahrixonda 1915-y. da kurilgan. Sanoatning bu turi paxta yetishtirishga qarab tez rivojlandi. 1924-y. paxta z-dlarida 25 ming t xom ashyo kayta ishlangan edi. 1999-y. da mavjud 13 ta paxta qayta ishlash korxonalarida 325 ming t dan ziyod paxta qayta ishlandi. Viloyatda yetishtirilayotgan pilla, jun, teri umuman qayta ishlanmasdan, shundayligicha xom ashyo sifatida metropoliyaga joʻnatilar edi. 1907-y. yarim hunarmandchilikka asoslangan yogʻ z-di quriddi. Dastlab bu zavod bir kechakunduzda 50 t chigitni qayta ishlab, 8 t ga yaqin yogʻ chiqarar edi. 1954-y. da zavod yogʻ-moy k-tiga aylantirildi. 1960—70 y. larda Andijon sh. da «Elektrodvigatel», «Elektroapparat» kabi yirik korxonalar, Marhamatda esa «Elektrotexnika» z-di qurildi. 1941-y. Andijon sh. da motorsozlik z-di ishga tushirildi.
Mustaqillik yillarida viloyat industriyasi oʻz yoʻnalishini oʻzgartirib, tubdan rivojlanmoqda. Mavjud korxonalar davlat tasarrufidan chikarilib, mulkchilikning oʻzgacha shakliga kirib bormoqda. Xususan aksariyat yirik va oʻrta korxonalar negizida aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etiddi. Viloyatda mulkchilikning barcha turiga oid 160 sanoat korxonasi bor (2000). Bulardan yiriklari: Bobur nomidagi ipgazlama i. ch. aksiyadorlik jamiyati (Andijon sh. da; tumanlarda boʻlimlari bor), «Andijon agrofirmasi» aksiyadorlik jamiyati, Andijon avtomobil oʻrindiqlari zavodi, Andijon biokimyo zavodi, Andijon irrigatsiya mashinasozlik zavodi, Andijon «Semurgʻ» trikotaj aksiyadorlik birlashmasi, Andijon don mahsulotlari» aksiyadorlik jamiyati, «Andijonkabel aksiyadorlik jamiyati», Chinobod paxta tozalash aksiyadorlik jamiyati.
1991—2000-y. lar davomida Andijon viloyatida jahon andozasi darajasidagi mahsulotlar ishlab chikaruvchi zamonaviy qoʻshma korxonalar bunyod qilindi. Viloyatda 79 qoʻshma korxona, 8447 kichik va xususiy korxona mavjud. Viloyatdagi qoʻshma korxonalar butun viloyat yalpi sanoat mahsulotining 53% dan koʻprogʻini ishlab chiqarmoqda (2000). Oʻrta Osiyoda yagona avtomobilsozlik korxonasi — OʻzbekJanubiy Koreya «OʻzDEU avto» kompaniyasi Asaka sh. da joylashgan. (q. Asaka avtomobil zavodi). Italiyaning «Akauka Federichi» aksiyadorlik jamiyati b-n hamkorlikda Asakada barpo etilgan Oʻzbek-Italiya «FAM» qoʻshma korxonasi soatiga turiga qarab 1 — 1,5 t makaron ishlab chiqarish quvvatiga ega. Shahrixon tumanidagi Segazaqum qishlogʻida kalava ip tayyorlaydigan va kelgusida undan gazlama toʻqiydigan «ANTEKS» ochik turdagi aksiyadorlik jamiyati korxonasi barpo etildi (1994-y. yanv. da boshlanib, 1999-y. okt. ida ishga tushirildi). Baliqchi tumani notoʻqima matolar ishlab chiqarish yopiq turdagi aksiyadorlik jamiyati shaklidagi Oʻzbek — Amerika qoʻshma korxonasi ham oʻz mahsulotlari b-n chet elda eʼtibor qozongan korxonalardandir. Qoʻshma korxona zamonaviy uskunalar bilan qayta jihozlandi. Kalava ip va xom gazlama tayyorlanadigan mazkur korxonada 1300 dan ortiq ishchi ishlaydi (2000). Shuningdek, viloyatda rivojlangan mamlakatlarning sarmoyalari jalb qilingan «Andijon-Praga», «Andijon durdonasi», «Navigul», «Uzkoromko», Oʻzbek-Rus-Britaniya «Mayek», «Al-Osiyo» qoʻshma korxonalari va Oʻzbek-Amerika «Oʻzdunrobita» qoʻshma korxonasi filiali bor.
Qishloq xoʻjaligi. Viloyat q. x. ning asosiy tarmogʻi — paxtachilikdir. Paxtaning yalpi hosili va hosildorligi jihatidan Andijon viloyati mamlakatda oldingi oʻrinlarda turadi. Ayniqsa mustaqillikdan keyin paxtakorga erkinlik berilgach, paxtachilikda tub oʻzgarishlar sodir boʻldi. 1997-y. dan chigitni keng maydonlarda plyonka ostiga ekish texnologiyasi joriy etildi (mazkur texnologiyami qoʻllashda viloyat hokimi, Oʻzbekiston Qahramoni Qobiljon Obidov katta jonbozlik koʻrsatdi). Paxta, gʻalla almashlab ekilishi yoʻlga qoʻyildi. Faqat mineral oʻgʻitlarga qarab qolmasdan mahalliy oʻgʻitlardan ham foydalanildi. Xususan gidroliz z-dining chiqindilaridan kompost tayyorlab, tuproq unumdorligini oshirishga ahamiyat berildi; ekin qator oralariga ammiak suvi oqizish oʻzlashtirildi. Gʻoʻza navlarini tuproq va iqlim sharoitiga koʻra tanlashga eʼtibor berildi. Har yili katta maydonlarda paxtaning «Oqlaryo», «Armugʻon», «Fargʻona-5» singari istiqbolli navlari sinab koʻrildi va muntazam yangilanib borildi. Keyingi yillarda sinovdan oʻtib, ertapishar, tolasi pishiq, chigiti toʻla, kasalliklarga chidamliligiga ishonch hosil qilingan «Oqlaryo» navi koʻproq ekildi. Natijada mamlakatning boshqa viloyatlariga qaraganda gʻoʻza Andijon viloyatida barvaqt yetilmoqda. Sent. oyiga qadar hosilning asosiy qismi yigʻib olinmoqda va yuqori navlarga oʻtkazilmoqda. 2000-y. da Oltinkoʻl tumanidagi «Ittifoq» jamoa xoʻjaligida gektaridan oʻrtacha 45,7 s, Asaka tumanidagi «Yangi hayot» jamoa xoʻjaligida 48,4 s atrofida hosil olindi. Shahrixon tumanidagi F. Joʻrayev nomidagi jamoa xoʻjaligining fermeri N. Toshmatov 60 s dan xirmon uydi.
Andijon viloyatida 2000-y. da sent. oyidayoq 305 ming t dan ziyod paxta tayyorlanib, shartnoma rejasi mamlakatda birinchi boʻlib bajarildi.
Gʻallachilikda ham «Andijon maktabi» yaratildi. Don 3 barobar koʻpayib, hosildorlik 1,2-marta oshdi. 2000-y. da gʻalla hosildorligi moʻljaldagi 70,8 s dan oshib ketdi. Marhamat tumanining Ulugʻtogʻ adirlarida Oxunboboyev nomidagi jamoa xoʻjaligining ijarachisi Muhammadsharif Toshpoʻlatov 67 s dan, Baliqchidagi Xayrixon Ergasheva nomidagi shirkat xoʻjaligida ijarachilardan Erkinboy Shukurov, Alijon Komilov, Turobjon Hakimov 85 s dan don olishdi.
Shahrixon tumanidagi «Oltin vodiy» jamoa xoʻjaligi gʻallachilik brigadasi boshligʻi Oʻzbekiston Qahramoni Sodiqjon Abdurasulov uzoq, yillar davomida donchilikda va paxtachilikda yuqori koʻrsatkichlarga erishdi. U A. v. da boshqa mintaqalardan keltirilgan yangi bugʻdoy navlarini sinash va ulardan moʻl hosil olish boʻyicha tajriba maktabi yaratdi. 2000-y. hosili uchun viloyatda 74 ming ga maydonga elita va superelita urugʻlari ekildi. Kuzgi bugʻdoyning istiqbolli «Andijon —1», «Andijon—2», «Chillaki» navlari sinab koʻrilib, ularning parvarish tartibi aniqlab chiqildi.
Keyingi yillarda boshqa viloyatlarda ham andijonliklar yaratgan yangi navlar keng ekilmoqda. 2000-y. da davlatga 250 ming t ga yaqin gʻalla topshirildi. Uning 150 ming t sidan ziyodini sara urugʻlik tashkil etadi. Gʻallachilik 1999-y. da Andijon viloyatiga 9,3 mlrd. soʻmdan ortiq daromad keltirdi.
Q. x. da, shuningdek bogʻdorchilik, tokchilik, sabzavotchilik, don va chorvachilik mahsulotlari yetishtirish bilan ham shugʻullaniladi. Bogʻdorchilikda Andijon viloyati anor, anjir, bodom, bexi, nok, shaftoli, olma, uzum yetishtirish bilan ayniqsa mashhur. Viloyatda aholi soni koʻpligi sababli adirlarda bogʻlar yaratishga katta ahamiyat berilgan. Shunday bogʻlardan eng mashhuri «Sohibkor» meva-tokchilik i. ch. shirkatlar uyushmasi bogʻidir. Mazkur bogʻ 1981-y. da, Asaka tumanidagi Fayziobod qishlogʻidan 3—4 km narida Asaka adirlarining suvsiz qovjirab yotgan yerlari bagʻrida pastdan quvur orqali suv chiqarib yaratilgan. Bogʻning barpo etilishi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjalik xodimi Tilavoldi Yoqubov nomi bilan bogʻliq. Andijon viloyati bogʻlarida mevali daraxtlardan tashqari tokning Andijon qora uzumi navi keng ekiladi.
Q. x. da foydaniladigan yerlar maydoni tomorqa yerlarini qoʻshgan holda 256,7 ming ga. Q. x. ekinlari ekiladigan jami yerlari 257,6 ming ga, shu jumladan haydaladigan yer 200,9 ming ga, yaylovlar 21,7 ming ga (2000). Barcha ekin maydoni 202,5 ming ga, shu jumladan don ekinlari 82,5 ming ga, paxta ekiladigan yer 110 ming ga, kartoshka, sabzavot-poliz ekinlari 4,9 ming ga, ozuqa ekinlari 16,1 ming ga, 3500 ga oʻrmonzor bor (2000). Grechixa va soya ham yetishtirilmoqda. Umuman viloyatda mirishkor dehqon yil davomida 2—3-martadan hosil olmoqda.
Andijon viloyatida Usmon Yusupov nomidagi Katta Fargʻona, Janubiy Fargʻona, Katta Andijon, Savay, Andijonsoy, Shahrixonsoy va b. kanallar bor. Adir zonalaridagi dalalarga suv nasos st-yalari yordamida chiqariladi. Qoradaryoda Andijon suv ombori barpo qilingan. Yerning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida 7,8 ming km kollektor-drenaj tarmoqlari qurilgan. Viloyatning hamma tumanlaridagi sugʻoriladigan maydonning asosiy qismida paxta va don ekiladi.
Andijon viloyatida 13 jamoa xoʻjaligi, 6 davlat xoʻjaligi, 13 xoʻjaliklararo korxona, 133 shirkat xoʻjaligi, 36 boshqa xoʻjalik, 2724 fermer xoʻjaligi mavjud. Jamoa xoʻjaliklarida chorvachilik asosan sut yetishtirishga ixtisoslashgan, togʻ oldi va togʻli tumanlarda qoʻychilik rivojlangan. 95 ming qoramol, 56 ming sigir, 65 ming qoʻy va echki, 190,2 ming parranda bor (2000).
Transporti. T. y. transporti viloyatda asosiy transport turlaridan biri. Uning uz. 2459 km (2000). Viloyatda dastlabki t. y. 19-a. oxirlarida qurilib, keyinchalik undan tarmoqlar davom ettirilgan. Urushdan oldin Asaka — Shahrixon (1931), Uchqoʻrgʻon — Toshkoʻmir (1935) va b. temir yoʻllar qurildi. Barcha avtomobil yoʻllarining 6,2 ming km qismi qattiq qoplamali (2000). Havo yoʻllari Andijon sh. ni Toshkent, Moskva, SanktPeterburg va b. shaharlar, shuningdek Kavkaz, Qrim bilan bogʻlaydi. Andijon sh. koʻchalarida, shuningdek Andijon sh. dan Kuyganyor shaharchasiga trolleybus qatnaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |