To‘qqizinchi, yangi qonunga asosan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 6-moddasida o‘z aksini topgan kuzatuvchilarning huquqlari belgilangan me’yorlar quyidagi qo‘shimcha bilan to‘ldirilmoqda: «O‘zbekiston ekologik harakatidan Qonunchilik palatasiga nomzodlar ko‘rsatish va ularni saylash bo‘yicha O‘zbekiston ekologik harakatining konferensiyasida hozir bo‘lish».
Bu qo‘shimcha orqali mamlakatimizda 2008 yilda tashkil etilgan va Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘zining 15 nafar deputatlik o‘rniga ega bo‘lgan O‘zbekiston ekologik harakati saylovlarini ham ochiq, oshkora tarzda o‘tayotganligini keng jamoatchilikka, xususan xalqaro kuzatuvchilarga bildirish, ularni O‘zbekiston ekologik harakatining konferensiyasida ishtirok etishiga sharoit yaratish kabi maqsadlar mujassam.
Albatta, saylov jarayonlarini xalqaro me’yorlarga mosligini ko‘rsatadigan muhim mezon bu – unda kuzatuvchilarning ishtirok etishi hisoblanadi. O‘zbekiston ekologik harakatining Qonunchilik palatasi deputatlarini saylash bo‘yicha konferensiyalarida kuzatuvchilarning ishtirok etishini huquqiy ta’minlanishi mazkur tanlovning yanada adolatli bo‘lishiga xizmat qiladi. Mamlakatimizdagi saylov qonunchiligiga asosan barcha saylov jarayonlarida kuzatuvchilarning ishtirok etishi uchun huquqiy asos yaratilgan, o‘tkazilayotgan saylovlarda bir qator xorijiy mamlakatlarning ekspertlari ishtirok etib, saylovlarni ijobiy baholashmoqda. Mazkur me’yorning qonunchilikka kiritilishi bu boradagi kichik bo‘shliqni to‘ldirdi va saylovlarni yanada adolatli o‘tishiga xizmat qiladi.
Amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlarning barchasi milliy saylov tizimining izchil va bosqichma-bosqich liberallashuvini, ikki palatali parlament saylovlarining qonun talablari va umume’tirof etilgan xalqaro tamoyil va me’yorlarga to‘la mos holda o‘tkazilishini ta’minlaydigan mukammal qonunchilik bazasining shakllanishiga olib keldi. Ushbu qonunlarda davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarning faqat ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tkazilishi qat’iy belgilab qo‘yildi. Mamlakat Prezidenti lavozimiga, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni siyosiy partiyalar tomonidan, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarni esa – siyosiy partiyalarning joylardagi tegishli organlari tomonidan ko‘rsatilishi to‘g‘risidagi tamoyilial qoida mustahkamlandi. Deputatlikka nomzodlarning davlat hokimiyati ijro organlari tomonidan ko‘rsatilish amaliyoti bekor qilindi va bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarni chuqurlashtirish yo‘lidagi tamoyilial qadam bo‘ldi.
Saylov qonunchiligimizga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan, eng rivojlangan demokratik davlatlar tajribasida ham kamdan-kam uchraydigan mutlaq vakolatlarning Markaziy saylov komissiyasiga berilishini ko‘zda tutadigan o‘zgartishlarning kiritilishi o‘ta muhim ahamiyatga molik ulkan voqea bo‘ldi. Amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, saylov kampaniyasi jarayoniga davlat va hokimiyat tuzilmalari, jamoat birlashmalari tomonidan aralashishga qaratilgan har qanday urinish qonun bilan taqiqlanishi ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.