Oʻrta asrlarda tarkib topgan musulmon sudlov tizimida katta oʻzgarishlar yuz berdi. Musulmon huquqi tizimining oʻzi ham muayyan darajada oʻzgardi: shariat sudlari huquqi asta-sekin cheklana bordi; 19-asr oʻrtalariga kelib, Usmoniylar imperiyasi hududida shariat sudlari va dunyoviy sudlarning vakolati butunlay chegaralab qoʻyildi. Bir qancha mamlakatlarda shariatda koʻzda tutilmaydigan jinoyat kodekslari va boshqa huquqiy hujjatlar joriy qilindi. Misrda Muhammad Alining islohotlari va usmoniylar imperiyasidagi tanzimat siyosati (islohotlar) tufayli Islomning ijtimoiy hayotdagi mavqeida muayyan oʻzgarishlar roʻy berdi. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish talablari musulmon ilohiyotchilari va huquqshunoslarini Islomning bir qancha anʼanaviy qoidalarini yangicha talqin etishga majbur eta boshladi. Biroq, bu jarayon oson kechmadi va uzoqqa choʻzilib ketdi. Bu, jumladan, musulmon mamlakatlarida bank tizimini yaratish joizmi (yoki gunohmi) degan masala yuzasidan boshlangan munozarada oʻz aksini topdi. 1899-yilda mufti Muhammad Abdu bank omonatlari va ulardan foiz olish sudxoʻrlikka kirmaydi, binobarin, u man qilingan ribo hisoblanmaydi, degan fatvo chiqardi. Bu fatvo mavjud moliya tizimini milliy sarmoyadorlar manfaatiga moslashtirdi. Musulmon mamlakatlarida tadbirkorlikning avj olishi shariat qoidalarini ham, musulmonchilikdagi boshqa anʼanaviy tamoyillarni ham yangicha talqin qilishga olib keldi. Ijtimoiy ong sohasida roʻy bergan oʻzgarish juda muhim rol oʻynadi. Bu, avvalo, milliy oʻzini anglash jarayoniga taalluqlidir. Shu jarayon davomida Islomning barcha musulmonlarning birligi toʻgʻrisidagi anʼanaviy qoidasi yangicha maʼno kasb etdi. Jamoliddin al-Afgʻoniy musulmonlarning birdamligi gʻoyasini koʻtarib chiqdi. M. Abdu, J. Afgʻoniy, Rashid Rizo va boshqaning gʻoyalari milliy ozodlik harakatlariga turtki bulib koʻpchilik musulmon davlatlarining siyosiy mustaqilligiga erishuvida ijobiy rol oʻynadi. Ayni vaqtda Islom birdamligi gʻoyasiga asoslangan xalqaro Islom harakati shakllana boshladi: 1926-yilda birinchi xalqaro musulmon tashkiloti — Islom olami kongressi (Muʼtamar al-alam al-islomi) tashkil qilindi. Shuningdek, Islomning goʻyo Muhammad zamonidagi „asl“ tamoyillariga qaytishga daʼvat etishga turli fundamentalistik oqimlar (qarang Vahobbiylik) va ularning tarkibida oʻz gʻoyalari uchun kurashda terror usuliga tayanuvchi guruhlar, ekstremistik toʻdalar paydo boʻldi. 20-asrning 2-yarmida jamiyatda ijtimoiy adolat oʻrnatish masalasida ham Islom omilidan foydalanishga qaratilgan urinishlar sodir boʻldi (Eron islom inqilobi, Liviya Jamohiriyasi va boshqa).
Do'stlaringiz bilan baham: |