Hayotning oqilonalashuvi. O.Kont davridan boshlab hozirgi zamon jamiyati nazariyasida olamshumul o‘zgarishlar yuz berdi, lekin bosh g‘oya – ilmiy bilimning alohida roli o‘zgarishsiz qoldi. S.Xantington hozirgi davr jamiyatlarini urbanistik, industrial, savodli jamiyatlar sifatida tavsiflaydi. U bunday jamiyatlar qatoriga G‘arbiy Yevropa va Shimoliy Amerika jamiyatlarini kiritadi. «Hozirgi zamon» bu yerda g‘arb jamiyatlari bilan metafizik jihatdan emas, balki faqat tarixan bog‘langan bixevioral tizimi sifatida tavsiflanadi. Siyosiy va ijtimoiy faollikka qodir bo‘lgan, har kimning boylik va yuksak mavqega mustaqil erishishga bo‘lgan huquqini tan oladigan mustaqil fikrlovchi individualist hozirgi davr mahsuli hisoblanadi. U o‘zgarishlarga va yangilikni idrok etishga ruhiy moslashuvchanlik, tafakkurning oqilonaligi, fan va tibbiyot kuchiga bo‘lgan ishonch, yo‘l tanlash qobiliyati – o‘z taqdiri xususida mustaqil qarorlar qabul qilishga qodirlik, individualizm, o‘z shaxsiyatini namoyon etishga intilish, siyosiy masalalarga qiziqishning kuchliligi, siyosiy qarashlarni shakllantirish va himoya qilishga moyillik bilan tavsiflanadi. Hozirgi davrning bosh omillari sifatida ijtimoiy hayotning oqilonalashuvi va formallashuvi amal qiladi. Ushbu jarayonlar huquqning alohida rolida va demokratik o‘zini o‘zi boshqarishda namoyon bo‘ladi. Ilmiy fikrlash hamda fanning alohida roli siyosiy institutlarni qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashadi. Ma’rifat davri ideallari shuni nazarda tutadi. Ma’rifatchilar fuqarolarni fanning eng yangi yutuqlariga oshno etishni siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy taraqqiyotning bosh omili deb hisoblaganlar. O‘sha davrda ilk ensiklopediyalarni nashr etish yo‘li bilan barcha ilmiy bilimlarni birlashtirishga katta e’tibor berilgani tasodifiy bir hol emas.
Shunday qilib, tilda o‘z ifodasini topgan noaniq bilim bilan bir qatorda jamiyatni shakllantiruvchi, ijtimoiy voqelikni yaratuvchi va belgilovchi aniq bilimning alohida turi ham mavjud, degan xulosaga kelish mumkin. Nazariy va empirik, nazariy va kundalik, ilmiy va taxminiy, chuqur va yuzakiga ajratish mumkin bo‘lgan inson bilimlari majmuida alohida epistemik fenomen – ijtimoiy relevant konstruktiv bilim farqlanadi. Ushbu bilim nazariya va amaliyot, fan va dunyoqarash elementlarini, tushuntirish va mentallik me’yorlarini o‘zida birlashtiradi. Mazkur epistemiologik fenomen ijtimoiy amaliyotni belgilovchi diskursiv birlikni o‘zida ifodalaydi.
XXI asrda eng yangi nazariyalariga muvofiq, odamlarning harakatlari tobora ratsionallashib boradi. Ammo o‘zgacha nuqtai nazar ham mavjud bo‘lib, uning mohiyati hozirgi davr inson xulq-atvorining yanada ko‘proq andozalarini taklif qiladi, vaholanki, an’anaviy jamiyat har bir individga uning ijtimoiy maqomiga muvofiq keladigan bitta xulq-atvor andozasinigina taklif qilgan, degan gipotezada o‘z ifodasini topadi.
Ushbu yo‘l tanlash qay darajada ratsional? Bu juda murakkab savol. Mazkur yo‘l tanlash erkin, binobarin, ma’lum darajada oqilona ekanligiga Xantingtonning ishonchi komil. Xantington fikricha, tanlangan yo‘l hech bo‘lmasa individ istagan darajada oqilona bo‘lishi lozim. Agar individ yo‘l tanlashdan bo‘yin tovlagan bo‘lsa, bo‘yin tovlash faktining o‘zi ham erkin yo‘l tanlash natijasidir. Ammo Erix Fromm o‘rgangan erkinlikdan o‘zini olib qochish fenomenini eslaylik. Bu yerda gap chindan ham erkinlik haqida va tafakkur erkinligi haqida boradimi? Yo‘q, bizning nazarimizda, biz bu yerda individ irodasini bo‘ysundirishning kuch ishlatishga asoslangan odatdagi usullarining yo‘qligi fenomeniga duch kelamiz. Ammo hozirgi zamon jamiyatida erkin irodani uzurpatsiya qilishning odatdagi usullari o‘rnini kuch ishlatishga asoslanmagan, yanada o‘tkirroq zamonaviy usullari egallamoqda. Ular tafakkurni bo‘ysundirish bilan bog‘liq.
Hozirgi vaqtda tadqiqotchilar texnika yutuqlari va ularning kundalik hayotga joriy etilishi madaniyatning alohida bir turi – ekran madaniyatini shakllantirgani haqida ko‘p gapirmoqdalar. «Kitob bilan taqqoslaganda, hozirgi ekran mediumlarining kuchi shundaki, u obraz va tovushga tayanadi. U g‘oyalardan, haqiqatlardan yoki mohiyatlardan kelib chiqmaydi, u refleksiyani, ya’ni e’tiborni belgining shaklidan uning mazmuniga qaratishni nazarda tutmaydi»47. B.V.Markov erkin yo‘l tanlashga ta’sir ko‘rsatishning yangi vositalari ko‘pchilik o‘ylaganidek yangi emasligini ta’kidlaydi.
Ekran madaniyatida ibtidoiy jamoani shakllantirgan va qadimgi sivilizatsiyalar hayotida ulkan rol o‘ynagan ijtimoiy-madaniy fenomenlarning tiklanishiga olib kelgan yangi fenomenlar paydo bo‘ldi. Bu yerda gap idolokratiya, ikonofiliya, fetishizm hamda magik va magnetopatik texnikaning odamlarning xatti-harakatlariga irratsionallashtiruvchi ta’sir ko‘rsatgan va aql bilan tushunib bo‘lmaydigan samaradorlik bilan tavsiflanadigan boshqa turlari haqida boradi.
Texnika yutuqlari ta’sirida inson tafakkuri so‘nggi o‘n yilliklar mobaynida sezilarli darajada o‘zgardi. Hozirgi davr odami vizual axborot (reklama, teledasturlar, Internet va o‘zgacha «tasvirlar»)ning doimiy ta’siri ostida yashaydi. Ayni hol uning tafakkuri «blokli» yoki uzuq-yuluq tus olishini belgilaydi. Muayyan bloklar majmuiga kiruvchi elementlardan birining qabul qilinishi muqarrar tarzda butun majmuaning qabul qilinishiga olib kelaji. Obrazni tanlar ekan, individ shu tariqa oqilona tanlash imkoniyatisiz g‘oyani, g‘oya ketidan esa harakatlarni ham tanlaydi. So‘zning asl ma’nosida erkinlikka ega bo‘lmagan holda javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |