2.2. Bolalarning o‘zga tildagi nutqini o‘stirish va rivojlantirishga turlicha yondashuvlar
Maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’lim tizimidagi boshlang‘ich bo‘g‘in hisoblanadi. O‘zbekistondagi rus tilida ta’lim oluvchi maktabgacha ta’lim muassasalarining o‘ziga xos xususiyati – undagi tarbiyalanuvchilarning ko‘p millatliligi – ko‘proq – turk millati vakillari, eng avvalo o‘zbek bolalarining ko‘pligidir. Shundan kelib chiqqan holda ushbu bolalarga ta’lim berishga nisbatan yondashuv rus tili ular uchun ona tili hisoblangan kichkintoylardan farq qilishi lozim.
L.S.Vыgotskiy o‘z asarlarida ko‘p bor ta’kidlaganidek, «tarbiyaning yo‘naltiruvchi ahamiyati hech qaerda bola nutqi va uning intellektual rivojlanishi taqdiri uchun bolalar aholisining ikki tilliligi yoki ko‘p tilliligi holatidagidek hal qiluvchi ahamiyat kasb etmaydi. Ta’lim rivojlanishdagi yangilik vujudga kelishining manbai hisoblanadi va u doimo rivojlanishdan oldinda yurishi zarur»6.
Shundan kelib chiqqan holda, maktabgacha yoshdagi bolalarga o‘zga tilni o‘qitish modeli motiv, maqsad, fikr va uning xususiyatlari – avtomatizm, barqarorlik, moslashuvchanlik, mustaqillik kabi nutqiy harakat tamoyillarini hisobga olgan holda jiddiy psixolingvistik poydevor asosida qurilishi lozim.
Bola o‘z ehtiyojlarini, intilishlarini ifoda qilish uchun so‘zlashishni boshlashi zarur. Zero bu ehtiyojlarning qondirilishi bola organizmi, uning rivojlanishi uchun hayotiy muhimdir, lekin u bu ehtiyojlarni uning o‘zi, kattalarning yordamisiz, qondira olmaydi. Muayyan til muhiti ushbu muhitga mos bo‘lgan nutq mexanizmlari faoliyatini rag‘batlantiradi.
Chet tilda so‘zlashni boshlash, ya’ni unda mustaqil fikrlarni tuzish uchun tildan foydalanishning muayyan qoidalarini o‘zlashtirib olish lozim.
Hozirgi zamon sharoitida inson faoliyati uchun zarur bo‘lgan axborot hajmining beqiyos darajada ortib borayotganligi ta’lim oldiga yangi talablarni qo‘yadi. Gap qandaydir dalillar, bilimlar va hattoki ko‘nikmalar to‘plami haqida emas, balki ta’lim natijasida bilimni, malaka, ko‘nikmalarni mustaqil egallash va ularni ijodiy ravishda qo‘llay olish qobiliyatlarini hosil qilish to‘g‘risida bormoqda. O‘qishni o‘rgatish – bugungi kunda ta’lim oldida turgan eng dolzarb vazifadir.
Tilni o‘rganish ushbu til vositalari yordamida o‘zi xohlagan mazmunni uzata olishni anglatadi. Tilni o‘rganishni o‘rgatish ushbu til borliqni aks ettiradigan usullarni izlashni o‘rgatishni anglatadi, ya’ni o‘qishda til materiali bilan tahliliy ishlarga alohida o‘rin ajratilishi va bu ish boshqariladigan bo‘lishi darkor.
O‘zga tilda so‘zlashni boshlash uchun ushbu tilga mos keladigan qobiliyatni shakllantirish, tegishli qoidalar tizimini o‘zlashtirish lozim.
Til qobiliyati faqat nisbatan keng faoliyat doirasidagina, ya’ni predmetli faoliyatda, muloqotdagina rivojlanadi. Bola so‘zlarni o‘zi hoxlagani yoki unga buni majbur qilishayotgani uchungina emas, balki unda bunga keskin hayotiy ehtiyoj mavjud bo‘lgani uchun ham tahlil qilib, esda saqlab qoladi. So‘zni esda saqlab qolmadimi – demak, xohlagan narsaning nomini ayta olmaydi, so‘rashni o‘rganmadimi – demak, unga hech narsa berishmaydi, ko‘plik sonlarni aytishni o‘rganmadimi – demak, unga bir nechta o‘yinchoq o‘rniga faqat bittagina o‘yinchoq berishadi.
Begona tilni o‘rganib olishning psixologik qonuniy yo‘li – bu «nutqning anglab etish va maqsad bilan bog‘liq oliy, murakkab xususiyatlari rivojlanadigan, va faqat keyingina begona nutqdan ixtiyoriy ravishda, erkin foydalanish bilan bog‘liq eng oddiy xususiyatlar paydo bo‘ladigan» yo‘ldir.
Chet tilini o‘zlashtirish qonuniyati o‘zga tilni egallashning umumpsixologik vaziyati – ixtiyoriylik, anglab etganlik va maqsad bilan bog‘liqdir. Bu psixologik vaziyatni inkor etmagan holda, bolani u ona tilini o‘zlashtirish uchun borgan yo‘ldan olib borish zarur.
Yangi bilimlar va harakatlarni o‘zlashtirishni boshqarish konsepsiyasi (P.YA.Galperin, N.F.Talizina) asosida ta’lim berilayotgan bolani (o‘quvchini) harakatlarning alohida namunalarini namoyish qilish emas, balki umumlashtirilgan usullari bilan tanishtirish samarali metod hisoblanadi. Bu eng avvalo, shuni anglatadiki, o‘quvchiga u yoki bu til hodisasini shunchaki majburlash, shunchaki qandaydir til mashqlarini bajarishni buyurish, shunchaki «berilgan mavzu asosida suhbatlashish»ni taklif qilish emas, balki bolani (o‘quvchini) tegishli faoliyatga jalb qilgan holda, ushbu faoliyatning motivini kafolatlash lozim.
Muloqotga bo‘lgan ehtiyoj har doim muayyan vaziyatda yuzaga keladi. Nutqiy harakat muayyan maqsadda amalga oshiriladi, ya’ni so‘zlayotib, biz suhbatdoshimizga muayyan darajada ta’sir o‘tkazishni ko‘zlaymiz.
Nutqiy harakat alohida operatsiyalardan, eng avvalo biz istayotgan fikrni bera oladigan so‘zlarni tanlashdan iboratdir. Har qanday til so‘zlari minglab kombinatsiyalarga birlashishi mumkin va so‘zlovchi bu so‘zlarni mazkur fikrni, ya’ni fikr konstruksiyasini berish uchun bir-biri bilan bog‘lash, gap tuzish uchun zarur bo‘lgan grammatik elementlarni (qo‘shimcha, old qo‘shimcha, suffikslar) tanlash imkonini beradigan usulni topishi zarur. Fikr bildirish jarayoni kerakli tovushlarni va ularning birikmalarini talaffuz qilish, fikrlarni kerakli ohangda aytish bilan nihoyasiga etadi.
Fikrni hosil qilish jarayonida ushbu operatsiyalar bir zumda amalga oshiriladi. Ammo ularni ham tahlil qilish, ham o‘qitish maqsadlarida ajratish zarur, chunki ulardan birini amalga oshirishni bilmaslik noto‘g‘ri fikr hosil qilishga yoki uni umuman hosil qila olmaslikka olib keladi. Nutqiy faoliyat motivlari va maqsadlari doimo nutqdan tashqarida yotadi; biron narsani aytish istagi, bundan ko‘zlangan maqsad odatda, biron-bir nutqiy faoliyat – o‘yinlar, ta’lim, mehnat va hokazolar doirasidagi muloqotlarda vujudga keladi.
So‘zlar tartibini, ularning fikrdagi bog‘lanishini tanlashdan tashqari «grammatik mashqlar»ni ham bajarish lozim. Rus tilida iltimosni (buyruqni) ifodalash, harakatga undash uchun buyruq mayli f’elining maxsus shakli bo‘lmish – day foydalanidadi. Xushmuomalalik talablari mazkur fe’lni ko‘plik son shaklida qo‘llashni talab qiladi, buning uchun alohida grammatik element zarur – day – te.
Hattoki, eng oddiy fikrni hosil qilish jarayoni ham murakkab va ko‘p bosqichlidir. Boshqa kishi bildirgan fikrni qabul qilish va tushunish jarayoni ham shu tarzda kechadi. Tinglash, tushunish va so‘zlash - aynan bir nutqiy faoliyatning uch turi bo‘lib, ular o‘xshash ichki psixologik tabiatga ega va aynan bir xil sharoitlarni talab qiladi. Fikrni hosil qilish ham va uni qabul qilish ham ichki nutq ishtirokida ro‘y beradi. So‘zlash va nutqni tushunish til tizimini, ya’ni mazkur til muayyan til hodisalarini va borliq munosabatlarini beradigan usullar tizimini o‘zlashtirishni talab qiladi.
Nutqiy ko‘nikmalarning muhim xususiyati shundaki, ular yangi, hali uchramagan til birliklariga oson ko‘chib o‘tadi. Bu «Til sezgisi» deb ataladigan va nutqda to‘g‘rini noto‘g‘ridan ajratib olish hamda nutqiy ko‘nikmalarni notanish materialda qo‘llash, uni darhol tahlil qilish, yangilikni til ko‘rinishlarining ma’lum bo‘lgan biron-bir toifasiga o‘tkazish (masalan, yangi so‘zning turini, uning sonini, fe’l turlarini aniqlash va boshq.) imkonini beruvchi hodisadir.
Nutqiy muloqot til birliklarini fikrga aylantirishni nazarda tutadi. Nutqiy muloqotning doimiy o‘zgarib turuvchi vaziyatlari bizni hali uchramagan iboralar hamda ularning kombinatsiyalari, majmualar, matnlarni yaratish va qabul qilish zaruratini yuzaga keltiradi. Bu vaziyatning o‘zgarishi yangi fikrlarning paydo bo‘lishi, demak, uni til vositalari orqali ifodalashni talab qilishi bilan bog‘liqdir. Aynan muayyan vaziyatdan kelib chiqqan holda nutqiy qarorni topa olish qobiliyatini shakllantirish o‘zga tilni o‘rgatishdagi eng qiyin va ayni paytda zarur vazifadir.
Nutqiy faoliyatning yuqorida aytib o‘tilgan xususiyatlari yoshdan qat’iy nazar, chet tiliga o‘qitishning asosiy psixologik, pedagogik shart-sharoitlarini tashkil qiladi. Bu – so‘z va harakat birligi, nutqni tushunish va uni hosil qilishdagi nutqiy malaka va ko‘nikmalarning tabaqalashuvi; operatsiyalar va harakatlarni bosqichma-bosqich shakllantirish; yakka va jamoaviy topshiriqlarni navbatma-navbat berish, vaziyatlilik va ko‘rgazmaviylikka tayanish; motivlilik; maktabgacha yoshdagi bolalarga o‘zga tilni o‘qitish jarayonida hisobga olish zarur bo‘lgan o‘rganuvchining katta yoshli odamga – o‘rgatayotgan til egasiga bo‘lgan ijobiy munosabatidir.
Nutqiy funksiyaning qayd etib o‘tilgan xususiyatlari bolalikda bolaning tilni qanchalik engil va oson o‘zlashtirishini belgilab beradi.
Mamlakatimizda va chet el maktabgacha ta’lim muassasalarining o‘zga til sifatida rus tilini o‘qitish borasidagi tajribalari (F.R.Qodirova, 1989; R.M.Qodirova,1990; G.Jumasheva, 1996; L.R.Mirjalolova, 2002; N.SH.Nurmuhamedova, 2004; A.M.SHaxnorovich, 1993; E.YU.Protasova, 1996 va boshq.) shuni ko‘rsatdiki, rus tilining bironta ham konstruksiyasi darhol va to‘liq o‘zlashtirilishi mumkin emas, bu amaliy malaka va ko‘nikmalarni bosqichma-bosqich egallashning uzoqqa cho‘ziladigan va murakkab jarayonidir: nutq oqimida konstruksiyani tanib olish va ushbu konstruksiyaga kiruvchi so‘zlar qo‘shilgan munosabatlarnigina tushunish; kerakli so‘z shakllarini hosil qila olish qobiliyati; masalan, mustaqil so‘zlarni (otlarni) olmoshlar bilan, savol bo‘lmagan so‘zlarni so‘roq so‘zlar bilan o‘rnini almashtirish orqali bu konstruksiyalarni o‘zgartira olish.
Maktabgacha yoshdagi bolalarga boshqa tilni (rus, o‘zbek, ingliz va boshq.) o‘qitish jarayonini yosh xususiyatlarini, ta’limning psixologiya, pedagogikaga oid tamoyillarini hisobga olgan holda, qurish zarur. Bu shuni anglatadiki, birinchidan, nutq mazmuni qiziqarli va mazmunli bo‘lishi, bolaning yosh imkoniyatlari, qiziqishlari va ehtiyojlari doirasiga mos kelishi lozim. Folklor asarlari, bolalar adabiyotning eng yaxshi namunalari mazmunning yosh qiziqishlarini hisobga olgan holda tanlanishiga o‘ziga xos misol bo‘la oladi.
Nutqiy faoliyatning o‘ziga xos psixologik xususiyatlarini tahlil qilish maktabgacha yoshdagi bolalarga o‘zga tilni (rus, o‘zbek va boshq.) o‘qitish metodikasi uchun zarur bo‘lgan xulosalarni chiqarish imkonini beradi:
- Ta’limning boshidan boshlab so‘zlash va tushunishning faol jarayoni sifatida bolalarning o‘rganilayotgan tildagi nutqiy faoliyatini shakllantirish zarur.
Bu talab shuning uchunki, so‘zlash va tushunish bitta umumiy psixologik asosga – til qobiliyatiga ega (qisman bir-biriga mos keluvchi ichki jarayonlar).
- Ta’lim metodikasi nutqiy harakat tamoyillariga asoslanmog‘i lozim. SHuni unutmaslik kerakki, har qanday nutq tovushlarini talaffuz qilish ham nutq bo‘lavermaydi (garchi bu yaxlit matnlar bo‘lsa ham). Bolaning o‘rganilayotgan tilda aytayotgan so‘zlari faqat bir qator shart-sharoitlarga rioya qilingan taqdirdagina nutqiy harakat natijasi bo‘ladi: o‘rganuvchida ichki motiv (nima uchun u buni aytishi kerak), maqsad (nima uchun buni aytish lozim, buni aytish natijasida nima ro‘y beradi), fikr (qaysi mazmunni so‘z bilan aytish kerak) bo‘lishi lozim.
- O‘quv jarayonini shunday qurish lozimki, unda bola harakatlari ta’limning har bir daqiqasida haqiqatdan ham nutqiy bo‘lsin.
- Metodik jihatdan to‘g‘ri o‘qitish natijasida bolalarda o‘rganilayotgan til materialida ularsiz har qanday, hattoki eng oddiy fikrni ham tuzishning (so‘zlarni tanlash, ularni o‘zgartirish, konstruksiyani tanlash, «grammatik majburiyatlar»ga rioya qilish, ushbu grammatik majburiyatlarga muvofiq holda so‘zlarni o‘zgartirish va boshq.) imkoni bo‘lmagan nutqiy ko‘nikmalar shakllantirilishi mumkin.
Nutqiy ko‘nikma faqat yangi, bola hali uchramagan so‘zlar va nutqiy vaziyatlarga ko‘chirilgan taqdirdagina shakllantirilgan, deb hisoblanishi mumkin.
O‘zga tilni o‘qitishning maktabgacha davrida o‘rganilayotgan tilda muloqot qilishning dastlabki ko‘nikmalari, nutqiy vaziyatda yo‘nalish topa olish ko‘nikmasi, ushbu vaziyat asosida mazmuni va nutqiy ifodalanishi jihatdan eng oddiy fikrni yaratish ko‘nikmalari hosil qilinishi darkor. Aks holda, ta’lim tayyor ibora va dialoglarni qotib qolgan va shuning uchun sun’iy bo‘lgan vaziyatlarda yod olishdan iborat bo‘lib qoladi va bunda bola o‘rganilayotgan tilda real muloqot qilish sharoitlarida ilojsiz bo‘lib qoladi.
F.R.Qodirova tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda nutqli vazifalar qo‘yilgan ijodiy o‘yinli mashqlar asosida bolalarning o‘zga (rus, o‘zbek) tilni bilish darajasi keltirilgan. 5 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar (katta guruh) bilan uchta leksik mavzu, ya’ni: «O‘yinchoqlar», «Hayvonlar» (uy va yovvoyi hayvonlar), «Gullar» (jami 7 ta mashq) bo‘yicha nutqiy mashqlar o‘tkazildi. 6 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar (maktabga tayyorlash guruhi) bilan quyidagi uchta leksik mavzu, ya’ni «Bizning uyimiz», «Bayramlar va dam olish», «Yil fasllari» mavzulari bo‘yicha nutqiy mashqlar o‘tkazildi.
Bolalar nutqini tadqiq etish chog‘ida maktabgacha yoshda so‘z ustida ishlashni bolalar nutqi tuzilmasini rivojlantirishning muhim sharti, deb hisoblaydigan O.S.Ushakova va E.M.Strunina (semantik metod) metodikalaridan foydalanildi. Mazkur ish ular tomonidan boshqa nutqiy vazifalarni hal etish bilan o‘zaro bog‘liq holda ko‘rib chiqiladi. So‘zni erkin egallash, uning mazmunini tushunish, so‘zni qo‘llashning aniqligi grammatik tuzumni, tovushli nutqni o‘zlashtirishning, shuningdek, ravon fikrni mustaqil tuza olish qobiliyatini rivojlantirishning zarur sharti hisoblanadi.
Nutqiy muloqot amaliyotida bolalar mazmuniga ko‘ra turlicha bo‘lgan so‘zlarga (antonimlar, sinonimlar) duch keladilar. Maktabgacha yoshdagi bolalarda mazmunli tarkibga yo‘naltirish yaxshi rivojlangan, chunki bola uchun so‘z eng avvalo mazmun, mohiyatni aks ettiruvchi vosita sifatida ishtirok etadi (L.S.Vыgotskiy).
Maktabgacha katta yoshdagi bolalarning mazmunni (mohiyatni) tushunishlarini aniqlash uchun O.S.Ushakova va E.M.Strunina turli vazifalarni taklif etgan bo‘lib, ular asosida diagnostika tuzilgan va bolalarning quyidagi nutqiy ko‘nikmalari tashxis qilingan:
5-6 yosh (katta guruh) – so‘zni turli grammatik shakllar va mazmunlarda tushunish va qo‘llash; nutqda iltimos qilishda, minnatdorchilik bildirishda xushmuomalalik shakllaridan foydalanish; boshqa shaxs harakati haqida suratlarga qarab hikoya qilish; hayvonlar (tashqi ko‘rinishi, qaerda yashaydi, nima qila oladi, nimalar bilan oziqlanadi) haqida ravon hikoya tuzish (6-10 ta ibora);
7 yosh (maktabga tayyorlash guruhi) – nutqda o‘tgan va kelgusi zamon shakllarini tushunish va qo‘llash; o‘z shahri, ko‘chasi haqida ravon hikoya qilib berish; bayonning ravonligi, ravon nutqda uzilishlar va takrorlashlarning, pauzalarning yo‘qligi; 8-12 ta iboradan tarkib topgan ravon hikoya tuza olish qobiliyati.
O‘rganilayotgan tildagi (rus, o‘zbek) dasturiy talablar asosida aniqlangan nutqiy ko‘nikmalar darajasi quyidagi mezonlar bo‘yicha baholandi:
Do'stlaringiz bilan baham: |