Amaliy mashg’ulotlarning tashkiliy shakllari. Amaliy mashg’ulotlar Davlat o’quv standartida keltirilgan miqdorda o’tkaziladi. Masalan, maxsus fanlarni o’qitish metodikasi va amaliyoti bakalavrlar uchun 36 (M) va 20 (A) soatlar miqdorida bo’lsa, magistrlar uchun esa u 18(M) va 18(A) soatlarni tashkil etadi. Bu kabi amaliy mashg’ulotlarni o’tkazishning ahamiyati shundan iboratki, unda talabalarning ham amaliy va ham nazariy ishlarni chuqur o’rganishi, buning uchun esa ular muallim tomonidan keltirilgan ma'lumotda ko’rsatilgan adabiyotlar bo’yicha atroflicha o’zlashtirilishi kerak bo’lgan mavzularga ma'lum tartibda o’z vazifalarining javoblarini topishi, ularni zaruriy ketma—ketlikda bog’lab, kerakli mavzu bo’yicha to’la javob tayyorlashlari zarur. Ba'zi hollarda barcha savollarga tayyor javob yoki material bo’lmasligi mumkin. Bu holda zaruriy natijalarni talabalar ularga tegishli bo’lgan barcha adybiyotlar va hattoki, elektron kugubxonalar hamda internetdan foydalanib topadilar. Shunday qilib, talabalar o’z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bo’lajak pedagog uchun zarur bo’lgan barcha usullar va izlanishlar asosida talab etilgan matnni tayyorlaydilar va uni o’qituvchi rahbarligida o’z guruhdoshlariga so’zlab beradilar hamda o’z mahoratlarini namoyon qilishga intiladilar va demak, pedagogik mahorat ko’nikmalarini shakllantirib boradilar. Ko’pincha bu jarayon amaliyotga ajratilgan soat miqdoriga mos holda o’tilayotgan kurs bo’yicha pedagog ma'ruzalarini to’ldiruvchi, ularning amaliy va nazariy ahamiyatni shakllantiruvchi mavzular soni bilan (36 soatlik uchun 20—25 taga yaqin) aniqlangan holda har bir talaba tomonidan tayyorlangan materiallar matnini hosil qiladilar.
Talabalar tomonidan tayyorlangan amaliyot materiallarining dokladi (bir semestrda kamida 3 yoki 4 marta) har bir talaba tomonidan auditoriyada o’qituvchi rahbarligida eshitiladi va baholanadi. Ularni natijaviy baholash esa barcha tayyorlangan mavzular bo’yicha (har biri kamida 4—5 betdan iborat bo’lgan) umumiy matnini to’lalicha baholash asosida amalga oshirilsa, maqsadga muvofiq bo’ladi.Shunday qilib, o’tkaziladigan amaliy mashg’ulotlar nafaqat kursni olib boruvchi pedagogning ma'ruzalar kursini to’ldiribgina qolmay, har bir talaba uchun bu kurs bo’yicha pedagogik mahoratni sinovdan o’tkazish, takrorlash va qaytadan ishlab chiqilgan holdagi ma'ruzani o’tkazish imkonini beradi. Bulardan tashqari, bunday amaliy mashg’ulotlar davomida bakalavrlar o’z ishlari jarayonida zarur bo’ladigan turli xil metodik jarayonlarni o’z ichiga oluvchi (masalan kursning mantiqiy sxemasining ishchi dasturini va mustaqil ish hamda adabiyoti bilan ishlash rejasini yaratish kabi) ko’plab ishlarni tashkil qilishni o’rganadilar.
Amaliy ishlar qatoriga ba'zi bir fundamental fanlar (fizika, matematika, astronomiya, kimyo va elektrotexnikaning nazariy asoslari, zanjirlar nazariyasining asoslari) bo’yicha o’tkaziladigan amaliy ishlar (masala va misollar echish) ham kiradi. Bu kabi amaliy ishlarning o’ziga xos samarali tomoni shundan iboratki, ularda turli—tuman qonun va qonuniyatlarni mustahkamlash uchun barcha talabalar tomonidan bir vaqtda yoki aloҳida echish hisobiga ko’plab fundamental qonunlar va ular bilan bog’liq bo’lgan voqea va hodisalarni hamda ko’p parametrli tarmoqlar va uskunalarning parametrlarini hisoblashdagi amaliy ishlarni bajarish jarayonida talabalar turli xil maxsus fanlardagi qonun va qonuniyatlarning tabiatini o’rganish va ularda uchraydigan fizik—texnikaviy jarayonlarni o’rganib olish ko’nikmalariga ega bo’ladilar. Bu esa, o’z navbatida, axborot texnologiyalarining asosini tashkil etuvchi turli—tuman elektron va ionli qurilmalar hamda kuchaytirgichlar, o’zgartirgichlardagi fizik—texnikaviy jarayonlarning mohiyatini va ularning ish printsiplarini anglab olishga imkon yaratadi.
Maxsus fanlarni o’qitishda albatta «Ikki daryo» oralig’i allomalarining buyuk o’gitlaridan foydalanish asosida olib borish maqsadga muvofiq.
Xususan, ta'lim—tarbiya maqsadining asosini o’rganishda Abu Nosir Forobiyning ta'lim to’g’risidagi asarlarini eslab o’tish maqsadga muvofiq. Forobiy ilmlarning barcha sohasini mukammal bilganligi, yunon falsafasini sharhlab dunyoga keng tanilganligi tufayli (160 dan ortiq asar yaratgan) Sharq mamlakatlarida ulug'lanib «Al muallimi ul soniy», ya'ni Aristoteldan keyingi «ikkinchi muallim», «Sharq Arastusi» nomiga muyassar bo’ldi. «Masalalar manbai», «Kattalarning aqli haqida so’z», «Yoshlarning aqli haqida kitob», «Ilmlarning kelib chiqishi va taraqqiyoti», «Fazilatli xulqlar» kabi asarlarida Forobiy ta'lim—tarbiyaning muhimligi, unda e'tibor berilishi zarur bo’lgan narsa, ta'lim—tarbiya usullari haqida fikr yuritadi. U ta'lim—tarbiyaga birinchi marta ta'rif bergan olim sanalib, ta'lim—tarbiyaning asosiy vazifasi—jamiyat talablariga javob beraoladigan, shu jamiyat uchun xizmat qiladigan etuk insonni tarbiyalashdan iborat, deb biladi.
«Ta'lim» degan so’z—insonni o’qitish, tushuntirish asosida bilim berish, tarbiyaning nazariy fazilatlarini, ma'lum hunarni egallash uchun zarur bo’lgan xulq normalarini va amaliy malakalarini o’rgatishdir, deydi. Forobiy fikricha, Er yuzida faqat inson bilish qobiliyatiga ega.
Haqiqatni bilish esa, insonning tabiiy rivojlanish holatidan biridir. Biri —tabiatdan berilgan xususiyatlar, ikkinchisi – o’z xohish va ixtiyori bilan ta'lim—tarbiya orqali orttirilgan xususiyatdir. «Ma'rifat —tarbiyalanuvchining xohish irodasini kerakli yo’nalishga boshqarish san'atidir»,- deydi Forobiy. Forobiy, bilimni yod olish usuliga nisbatan uning ma'nosini tushuntirishning afzalligi, ta'limning muvаffaqiyatli kechishi uchun tarbiya beruvchining o’zi tarbiyali bo’lmog’i lozimligini takidlaydi.
Abu Rayxon Beruniy ta'lim —tarbiya sohasida o’sha zamonlarda (X—XI asrlar), hatto hozirgi kunda ham dolzarbligini yo’qotmagan fikrlarni ilgari suradi. U ta'lim berish jarayonida ta'lim oluvchini zeriktirmaslik, bilim berishda bir xil narsalarni o’rgatavermaslik, uzviylik, izchillik, mavzularini qiziqarli asoslab, ko’rgazmali bayon etishni uqtirgan.
Amaliy mashg’ulotlarga tayyorlashdagi zaruriy ishlardan biri o’qitilayotgan fan va unga yaqin fanlar va hodisalar bo’yicha keng va chuqur bilimga ega bo’lishning birdan —bir to’g’ri yo’li adabiyotlardagi manbalar bilan ishlashdan iborat. Bunday ma'lum maqsadli, keng qamrovli-ishlarning natijasi turli xil malakalar, xulosalar va hattoki, olamshumul ahamiyatga ega bo’lgan buyuk ixtirolarni yaratishgacha olib keladi. Quyida biz ta'lim va tarbiya haqidagi adabiyotlar bilan ishlash to’g’risida: adabiyot ustida ishlashning ahamiyati; zaruriy adabiyotni izlash va ular bilan tanishish; ularni chuqur o’rganish, izlanish jarayonidagi adabiyotlardan olingan materiallardan foydalanish va ularni tizimlash haqida biroz to’xtalib o’tishni lozim ko’rdik.
Adabiyot ustida ishlashning ahamiyati. Ilmiy faoliyat bo’yicha maxsus adabiyotlarni tizimli va chuqur o’rganishni talab qiladi. Izlanuvchi har doim mavjud fanning rivojlanishida zarur bo’lgan ma'lum bilimlar miqdoriga tayanadi. U yoki bu muammo ustida ishlash dovomida mutaxassis o’zining barcha ilmlarini ishga solishi zarur. Ilmiy manbalar, chop etilgan materiallar, ilmiy izlanish faoliyatining ajralmas qismidan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |