Affekt holati boshlanishida shaxs insoniy qadriyatlarning barchasidan uzoqlashib, o‘z hissiyotining oqibati to‘g‘risida ham o‘ylamaydi, hatto tana o‘zgarishlari, ifodali harakatlar unga bo‘ysunmay boradi. Kuchli zo‘riqish natijasida mayda, kuchsiz harakatlar barham topadi. Tormozlanish miya yarim sharlari po‘stini to‘la egallay boshlaydi, qo‘zg‘olish po‘stloqosti nerv tugunchalarida, oraliq miyada avj oladi, xolos. Buning natijasida shaxs hissiy kechinmasiga(dahshat, g‘azab, nafratlanish, umidsizlik va hokazolar) nisbatan o‘zida kuchli xohish sezadi.
Ma’lumotlarning ko‘rsatishicha, ko‘pincha hissiyotlar affektiv shaklda o‘tishi tajribalarda sinab ko‘rilgan. Jumladan,
1) teatr tomoshabinlarida,
2) tantana nashidasini surayotgan olomonlarida,
3) es- xushini yo‘qotgan, telbanoma sevgi afsonalarida,
4) ilmiy kashfiyot lahzasida,
5) tasodifiy qizg‘in uchrashuvlarda jo‘shqin shodliklar mujassamlashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |