Telekommunikatsiyalar
Telekommunikatsiyalar infratuzilmasi AKTni rivojlantirishning asosi hisoblanadi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida bu yo‘nalishda qator natijalarga erishildi.Xalqaro axborot tarmoqlaridan foydalanish umumiy tezligi 2014 yil davomida 42,3 foizga o‘sdi va 15,5 Gbit/s.ga yetdi.Operator va provayderlar uchun internet-xizmatlari (tashqi kanal) tarifi 1 Mbit/s. uchun 276,27 AQSh dollarigacha tushirildi. Narxlarning pasayishi 2014 yilda 11,6 foizni tashkil etdi.“Bo‘zatau– Qo‘ng‘irot”, “G‘uzor–Boysun”, “Denov–Uzun–Sharg‘un”, “Jaslik– Qoraqalpog‘iston”, “Mo‘ynoq–Qibla Ustyurt”, “Uzun–Tojikiston chegarasi” uchastkalarida zamonaviy texnologiyalar asosida kengpolosali aloqani ta’minlovchi 2000 km.dan ortiq optik tolali aloqa liniyasi qurildi. Natijada ushbu tarmoq orqali mijozlarga videotelefoniya, internet-televideniye, yuqori tezlikdagi internet, HDTV-kanallar va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish imkoni yaratildi.
Internetga kengpolosali ulanish xizmatlarini ko‘rsatish uchun o‘rnatilgan portlar soni 640 mingga oshirildi, foydalanilayotgan portlar soni esa 135,1 foizga o‘sdi.
Yirik loyihalarning amalga oshirilishi simsiz aloqaning taraqqiy etishiga ham xizmat qilmoqda. Bugungi kunda mobil aloqa operatorlari to‘rtinchi avlod tarmog‘i – 4G (LTE)ni joriy qilishmoqda. Ushbu texnologiyalar internet- foydalanuvchilarning AKTdan foydalanish imkoniyatlarini yanada oshiradi.
“O‘zbektelekom” AK chaqiriqlarga xizmat ko‘rsatuvchi Yagona markaz loyihasini joriy etish doirasida respublikamizning barcha hududlarida 13ta mintaqaviy markazlar tashkil etildi. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi telekommunikatsiya va internet-xizmatlar ko‘rsatish sifatining yanada yuqori bosqichga chiqishini ta’minlaydi.Mahalliy telekommunikatsiya tarmoqlarini yangi avlod texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish ishlari davom etmoqda. Joriy yil davomida respublikamiz bo‘ylab 26ta zamonaviy kommutatsiya uskunalarining ekspluatatsiya qilinishi telefon raqamlari sig‘imini sezilarli miqdorda oshirishga imkon berdi.
Mamlakatimiz rahbarining “Xitoy Xalq Respublikasi Davlat taraqqiyot banki ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiyalar tarmog‘ini modernizatsiya qilish va investitsion loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 117,6 mln. AQSh dollariga teng (shu jumladan, Xitoy Davlat taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan 100 mln. AQSh dollaridagi kredit vositalari hisobiga) loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu yirik loyihalar magistral ma’lumotlar uzatish tarmoqlari imkoniyatini kengaytirishga qaratiladi: xalqaro yo‘nalishda —
10 barobarga (100 Gbit/s.gacha), viloyatlar markazlarida — 4 barobar (40 Gbit/s.gacha) va tumanlar markazlarida — 10 barobar (10 Gbit/s.gacha).
O‘zbekiston Respublikasida 2014–2015 yillar davomida Wi-Fi texnologiyasi bo‘yicha kengpolosali ulanish tarmoqlarini rivojlantirish dasturi ham amalga oshirilyapti. Mazkur dasturdan ko‘zlangan maqsad – barcha viloyatlarda, jumladan
aeroportlarda, vokzallarda, sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan joylarda, istirohat bog‘lari, savdo markazlari va boshqa jamoatchilik joylarida simsiz kengpolosali ulanishni tashkil qilishdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |