FIZIKA
An’anaviy Avgust kengashlarining fizika fani yo‘nalishi bo‘yicha sho‘ba yig‘ilishlarini o‘quv-laboratoriya jihozlari, komputer texnikasi vositalari bilan ta’minlangan ta’lim muassasalarida o‘tkazish tavsiya etiladi.
Fizika fanidan umumiy o‘rta ta’lim maktablari 7-sinf o‘quvchilarining davlat ta’lim standartlari talablarini o‘zlashtirish darajasini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring va bilimlar bellashuvi natijalariga ko‘ra “Zichlik va uning birliklari”, “Tezlik va uning birliklari”, “Atmosfera bosimi. Torrichelli tajribasi”, “Tekis o‘zgaruvchan harakatda tezlik”, “Tekis o‘zgaruvchan harakatda bosib o‘tilgan yo‘l”, “Kinetik energiya. Potensial energiya”, “To‘g‘ri chiziqli harakat tezligi. Harakatning grafik tasviri” mavzulariga oid masalalarni mushohada qilish, fizik kattaliklarni to‘g‘ri yozish, zarur bo‘lgan asosiy formulani yozish, o‘lchov birliklarini bir xil tizimga keltirish, birliklarni keltirib chiqarish, rasmlarni mavzuga moslab chizish, masala uchun zarur bo‘lgan yordamchi formulalarni bir-biriga tenglashtirib yakuniy formulani hosil qilish, matematika jihatidan to‘g‘ri hisoblay olish kabi bilim ko‘nikmalarda bo‘shliqlar mavjudligi kuzatilgan.
Laboratoriya ishlarini bajarish vaqtida ham tegishli asboblarni yig‘ish, ishni bajarish, mavzuga tegishli hisoblash formulasini yozish, topilgan kattaliklarni jadvalga solish, natijani hisoblash hamda absolyut va nisbiy xatoliklarni topishda qiynalganlar.
Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish uchun an’anaviy Avgust kengashlarining sho‘ba yig‘ilishlarida quyidagilarga e’tibor qaratish lozim.
Hozirgi kungacha yaratilgan elektron vositalar to‘g‘risida o‘qituvchilarga to‘liq ma’lumotlar berish va ulardan dars jarayonida foydalanish yo‘llarini ko‘rsatish zarur.
Ya’ni, “Kompyuter-Osiyo” firmasi tomonidan ishlab chiqilgan va Respublika ta’lim markazi qoshidagi “Fizika” fani yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy metodik kengashi tomonidan tasdiqlangan 6-, 7-, 8-sinflar uchun quyidagi elektron o‘quv filmlari:
fizika fani haqidagi dastlabki tushunchalar;
atmosfera fizikasi haqidagi ma’lumotlar;
Arximed qonuni va uning qo‘llanilishi;
oddiy mexanizmlar (richag, blok, qiya tekislik, vint, pona, chig‘iriq);
ichki yonuv dvigatellari va bug‘ turbinasi;
yorug‘likning tabiiy va sun’iy manbalari, Quyosh va Oy tutilishi;
tovush manbalari va kattaliklari hamda tovush va salomatlik.
7-sinf mavzulari:
jismlarning erkin tushishi;
aylanma harakat haqida;
elastiklik kuchi va prujinaning bikirligini aniqlash;
dinamika qonunlari haqida;
impulsning saqlanish qonuni va reaktiv harakat;
8-sinf mavzulari:
tabiatda elektr hodisalari;
tok manbalari va elektr generator;
elektr qarshiligi, rezistorlar, reostatlar va potentsiometr;
xonadonning elektr zanjiri va qisqa tutashuv;
elektr energiyasini ishlab chiqarish va uzatish;
elektr sig‘imi, kondensatorlar.
Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Multimediya umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazi tomonidan 6-sinf uchun 8 ta, 7-sinf uchun 6 ta, 8-sinf uchun 7 ta, 9-sinf uchun 6 ta, jami 27 ta virtual laboratoriya ishlari yaratilgan. Virtual laboratoriya ishlari 8 qismdan iborat bo‘lib, asosiy matn (mavzuga tegishli asosiy materiallar), video (laboratoriya ishi bajarilgan videolavha), interfoal tajriba (laboratoriya ishining animatsiya orqali bajarilishi), test (laboratoriyaga tegishli 15 ta savoldan iborat), mashq topshiriqlar (masalalar, savol va topshiriqlar), krossvord (mavzuga tegishli boshqotirma), lug‘at (alfavit tarzida tuzilgan mavzuga tegishli atamalar izohi), yordam (elektron resursdan foydalanish yo‘riqnomasi) keltirilgan. Ushbu elektron virtual laboratoriya ishlarini Xalq ta’limi vazirligining internetdagi www.uzedu.uz elektron saytidan olish mumkin.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilari uchun N.Sh.Turdiev, Z.B.Sangirova, N.Ne’matova muallifligida 6-sinf o‘qituvchilari uchun “O‘qituvchilar uchun uslubiy qo‘llanma” (“Sharq” nashriyoti, 2012 y.) nashr etildi. Ushbu qo‘llanmada metodik yo‘nalishlarga doir ma’lumotlar, fizikadan taqvim-mavzu reja, darslarni o‘tkazish uchun konspektlar tuzishga doir tavsiyalar, darslarda tajriba-namoyishlar ko‘rsatish va laboratoriya ishlarini bajarishda ishlatiladigan o‘quv-laboratoriya jihozlari tasnifi, foydalanishda rioya qilinadigan havfsizlik texnikasi va mehnat muhofazasi qoidalari, elektron darslik, o‘quv filmlari, proeksion-ko‘rgazmali materiallar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish masalalari keng yoritilgan. Sho‘ba yig‘ilishlarida ushbu qo‘llanmadan darsni tashkil etishda ijodiy foydalanish masalasi yuzasidan fikr almashish ham tavsiya etiladi.
Ilg‘or pedagogik texnologiyalarni dars jarayonida qo‘llash, samarador usullarni tajribadan o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan respublika tajriba-tadqiqot maydonlari faoliyati ham sho‘ba yig‘ilishlarida muhokama etiladigan asosiy masalalardan biridir. Ta’kidlash lozimki, tajriba-tadqiqot maydonida tadqiqotchi o‘qituvchilar tomonidan “Sinkveyn”, “Aqliy hujum”, “Klaster”, “Charxpalak”, “Blits so‘rov”, “Xotira mashqi”, «Bingo», “Kichik guruhlarda ishlash”, “Venn diagrammasi” “Kichik ma’ruza”, “Kungaboqar” kabi interfaol metodlar sinovdan o‘tkazilib, ushbu usullar yuqori samara ko‘rsatganligi e’tirof etildi.
Jumladan, 7-sinf II-chorak 19-dars — “Aylanma harakatni tavsiflaydigan kattaliklar orasidagi munosabat» mavzusini o‘quvchilarga tushuntirishda “Kichik ma’ruza”, “Aqliy hujum”, “Charxpalak”, “Kichik guruhlarda ishlash” texnologiyalaridan;
8-sinf II chorak 30-dars — “O‘tkazgichlarni ketma-ket ulash” mavzusini o‘quvchilarga tushuntirishda “Aqliy hujum”, “Faol ma’ruza”, “Kichik guruhlarda ishlash” usullaridan, darsni mustahkamlashda “Klaster”, «Bingo» texnologiyalaridan;
9-sinf III-chorak 40-dars — “Optik asboblar va ularning qo‘llanilishi” mavzusini o‘quvchilarga tushuntirishda “Aqliy hujum”, “Kichik guruhlarda ishlash”, darsni mustahkamlashda “Sinkveyn” texnologiyalaridan foydalanish mumkin.
Sho‘ba yig‘ilishlarida fizika sohasida yangilik yaratgan va shu sohada ish olib borayotgan va ijobiy natijalarga erishgan tajribali o‘qituvchilar bilan davra suhbati, ilg‘or ish tajribalari yuzasidan fikr almashishni tashkil etish maqsadga muvofiqdir.
2012—2013-o‘quv yilida fizika fanidan N.Turdiyev muallifligidagi 6-sinf «Fizika», P.Habibullayev, A.Boydedayev, A.Bahromov hammuallifligidagi 7-sinf «Fizika», P.Habibullayev, A.Boydedayev, A.Bahromov, M.Yuldasheva ham muallifligidagi 8,9-sinflar «Fizika» darsliklaridan foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |