Lisoniy tasnif va uning turlari haqida tushuncha - Tasnif (arabcha «saralash», «tartibga solish») narsa va predmetlarni aniq va doimiy o‘ringa ega bo‘lgan guruh (sinf) larga bo‘lishdir. Agar tasnif ilmiy asosga ega bo‘lsa, u uzoq davr mobaynida amal qiladi. Masalan, ximiyaviy elementlar soni 200 dan oshib ketayotgan bo‘lsa-da, ularning tasnifi bugungi kunda ham o‘zgarmasdan amal qilmoqda.
Tasnif oddiy bo‘laklashdan barqaror tabiatliligi bilan ajralib turadi. To‘g‘ri, tasniflashda ham oddiy bo‘lishda amal qiladigan barcha tamoyillar asos bo‘lib xizmat qiladi. Ya’ni tasnifda ham bo‘lishdagi kabi:
1) tasniflangan bo‘laklar hajmi tasniflanayotgan butunlik hajmiga teng bo‘lishi;
2) tasnif bir asosda amalga oshirilishi;
3) tasniflangan guruhlar bir-birini inkor qilishi;
4) tasnif uzluksiz bo‘lishi, ya’ni unda «sakrash» bo‘lmasligi lozim.
Tasnif dixotomik, politomik yoki dixopolitomik bo‘lishi mumkin.
Dixotomik tasnifda birliklar ikki guruxga ajratiladi: «fonemalar unli va undoshlarga ajraladi» kabi. Politomik tasnifda guruhlar soni ikkidan ortiq bo‘ladi: «Gramatik qo‘shimchalar lug‘aviy shakl hosil qiluvchilar, sintaktik shakl hosil qiluvchilar va lug‘aviy sintaktik shakl hosil qiluvchilarga bo‘linadi», Yoki fe’llar nutq fe’llari, ruhiy-holat fe’llari va h.
Lisoniy tasnif tasniflanayotgan birliklarning ichki, zotiy belgilariga ko‘ra yoki muhim bo‘lmagan zohiriy xossalariga asoslangan bo‘lishi mumkin. Shu boisdan tabiiy yoki yordamchi tasniflar farqlanadi.
Yordamchi tasnifda birliklarning ontologik bo‘lmagan xossalarini bildiruvchi belgilariga tayaniladi. Masalan, «so‘zlarning bo‘g‘in sonlariga ko‘ra» (tasnifi bir bo‘g‘inli, ikki bo‘g‘inli va ko‘p bo‘g‘inli so‘zlar), «unlilarning tilning gorizontal holatiga ko‘ra tasnifi» va h.
Xulosa
Lison – ma’lum bir til jamiyatning barcha a’zolari uchun ajdodlar tomonidan tayyor holga keltirib qo‘yilgan, umumiy va majburiy, fikrni shakllantirish, ifodalash, uzatish va boshqa maqsadlar uchun xizmat qiladigan vosita (birlik) lar hamda ularning o‘zaro birikish qonuniyatlarining ongdagi sistemasi. Ajdodlar tomonidan bizga tegishli fonemalar, leksemalar, iboralar, morfemalar hamda ularning o‘zaro birikish qoidalari qoldirilgan. Ular bizning ongimizda nutqda qo‘llanish uchun shay holatda turadi. Lisonga xos birliklar lisoniy birlik deyiladi. Lison va nutq tilshunoslikda sath atamasi bilan yuritiladi. Demak, til lisoniy sath va nutqiy sathdan iborat.
Lisoniy birlik UMIS sifatida mavjud ekan, u moddiylikdan xoli bo‘lmog‘i lozim. Bunda “lisoniy birlikning shakliy jihati” moddiylikka ishora qilmaydimi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. To‘g‘ri, lisoniy birlik moddiylikdan xoli. Biroq ular ongda qandaydir ramz sifatida saqlanadi. Masalan, [a] fonemasining talaffuz xususiyati haqida umumlashma tasavvur o‘zbek tilida so‘zlashuvchi barcha jamiyat a’zolari ongida мавжуд. Bu [a] fonemasining shakli, tashqi tomoni hisoblanadi, uning ma’no farqlash tomoni ichki, mazmuniy jihati sanaladi. [a] fonemasi ana shu nisbiy shakl hamda mazmunning yaxlitligi sifatida ongda mavjud.
Har qanday UMIS ongda ma’lum bir mavjudlik sifatida yashaydi. Mavjudlik shaklsiz bo‘lmaydi. Har bir fonemaning ma’no farqlash (mazmuniy) va talaffuz (shakliy) xususiyatlarining ongdagi umumlashmasi o‘ziga xos, biriniki ikkinchisinikidan farqlanadi. Lisoniy birliklarning tashqi va ichki tomonini bir-biridan ajratish mumkin emas. Ular et bilan tirnoq kabi yaxlit bo‘lganligi sababli “dialektik birlikda” deyiladi. Boshqacha aytganda, lisoniy birlikdagi ichki va tashqi jihatlar bir varaqning ikki tomoniga o‘xshaydi, ularni ajratish mumkin emas.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati :
Abduazizov A. Tilshunoslik nazariyasiga kirish. -Toshkent, 2010
Irisqulov I. Tilshunoslikka kirish. -Toshkent, 2009.
Rasulov R. Umumiy tilshunoslik. -Toshkent, 2013.
Tilshunoslik nazariyasi va metodologiyasi. Tuzuvchi: H.Dadaboyev. -Toshkent, 2004
Borbala Richter. First steps in theoretical and applied linguistics. -Budapest, 2006. - B.17.
Bajardi : Qodirova GulChehra Tekshirdi :Sobirov Anvar
Do'stlaringiz bilan baham: |