Buxoro xonligi hududiga Nodirshoh bosqini va siyosiy vaziyatning o‘zgarishi Buxoro xonligidagi parokandalik qo‘shni Eron hududlarida Nodirshoh (1736-1747 yy.) asos solgan Afshoriylar davlati uchun ham nihoyatda qo‘l keldi. O‘z yerlarini kengaytirib Eron va Afg‘onistonda o‘z mavqeini mustahkamlab olgan Nodirshoh Buxoro xonligi hududlariga qarshi harakatni amalga oshirishga kirishadi. Xususan, 1736 yilda Nodirshohning o‘g‘li Rizoquli boshchiligidagi qo‘shin Amudaryodan o‘tib Qarshi shahriga hujum qildi. Bu paytda Qarshi hokimi bo‘lgan Muhammad Hakimbiy otaliq Ablfayzxondan yordam so‘radi. Qarshi shahri yaqinida Hakimbiy va Abulfayzxon qo‘shinlari Rizoquli qo‘shinlaridan mag‘lubiyatga uchradi. Qarshi shahri esa qamalda qoldi. Bunday sharoitda Xiva xoni Elbarsxon katta qo‘shin bilan Abulfayzxonga yordamga shoshildi. Bu xabarni eshitgan Rizoquli Qarshi qamalini to‘xtatib, Eronga qaytishga majbur bo‘ldi.
1740 yilda Nodirshohning o‘zi katta qo‘shin bilan Buxoro xonligi ustiga yurish boshladi. Nodirshoh Chorjuy atroflaridan Amudaryoni kechib o‘tgan paytida Qarshi hokimi Muhammad Hakimbiy uning huzuriga borib o‘z xizmatini taklif qildi. Nodirshoh Muhammad Hakimbiyni o‘z xizmatiga oldi. Abulfayzxon Eronga qarshi kurashni tashkil etolmay, Nodirshohga taslim bo‘ldi. Nodirshoh Ashtarxoniylarning taslim bo‘lishi haqidagi shartlarini Muhammad Hakimbiy orqali xonga jo‘natadi. Abulfayzxon Zarafshon daryosi bo‘yidagi Eron shohi huzuriga borib, qaramlik haqidagi shartnomani imzolaydi. Shartnomaga ko‘ra, Buxoro xonligi Eronga 8 yilga yetadigan bug‘doy va arpa berishi, 10000 nafar qo‘shin to‘plab shohga jo‘natishi kerak bo‘lgan. Usgbu qo‘shinga Muhammad Hakimbiyning o‘g‘li Muhammad Rahimbiy bosh bo‘ldi. Muhammad Hakimbiy esa qo‘shbegi (bosh vazir) lavozimini egallab, amalda butun hokimiyatni o‘z qo‘liga to‘plab oldi. 1743- yili Muhammad Hakimbiy vafot etgach, uning o‘g‘li Muhammad Rahimbiy amalda butun hokimiyatni qo‘lida mujassam etib oldi. 1747 yilda Abulfayzxonga fitna uyushtirilib, o‘ldirilguniga qadar va undan so‘ng oxirgi Ashtarxoniylar Abdulmo‘min (1747-1750), Ubaydullaxon II (1750-1753) va Sherg‘ozixon (1753-1756) lar davrida ham amaldagi hokimiyat Muhammad Rahimbiy qo‘lida bo‘ldi. Muhammad Rahimbiy 1756 yil dekabrida rasman hokimiyatga o‘tirganligi e’lon qilindi. Shunday qilib, Buxorodagi oliy hokimiyat mang‘itlar sulolasi qo‘liga o‘tdi.