To‘ylardagi urf-odatlarning o‘ziga xos ma’nosi bor. Bu o‘rinda «Alpomish» dostonida qayd etilgan «ro‘mol o‘ratar», «Kengashli to‘y tarqamas» maqolining in’ikosi bo‘lgan «maslahat oshi» singari ming yillik milliy odatlarimizni har xil bid’atlar bilan adashtirish kerak emas. Shuning uchun boshqa millat vakillari bizning an’analarimizga o‘zgacha qiziqish bilan qarashadi. Ularning o‘zlarida to‘y bilan bog‘liq qanday odatlar bor? Keling, shu haqida gaplashamiz.
Yaponiya
Yapon to‘ylarining o‘ziga xosligini ayniqsa maxsus to‘y liboslarida ko‘rish mumkin. Bu esa avvalo kelinlarga ancha tashvish tug‘diradi. Maxsus taklif qilingan «mutaxassis» ayollar kelinni kiyintirishiga bir necha soat vaqt ketadi.
Qadimdan yapon donishmandlari tomonidan har bir yapon ayolining yuzida «qizg‘anish va rashk belgisi» bor deb ta’kidlanadi. Shuning uchun ham ular uchun maxsus boshkiyim tikiladi.
Nikoh marosimida maxsus haramda nikohlanuvchilar yapon milliy sharobi – sakedan 9 qultumdan ho‘plashadi. Shundan so‘ng kelin turmush o‘rtog‘iga sodiqligi haqida ont ichadi.
Amerika Samoasi
Amerika Samoasida uzoq yillardan buyon saqlanib kelayotgan an’analardan biri to‘y kuni kelinlar tut daraxtining po‘stlog‘idan ishlangan ko‘ylak va gulu marvaridlardan yasalgan toj kiyishidir. Samoaliklar nikoh ko‘ylagining qadr-qimmati uning orqa etagida deb ishonadilar; etak qancha uzun bo‘lsa, yoshlar shuncha baxtli bo‘ladi degan aqida bor.
Bugungi kunda samoaliklar Yevropa liboslarini afzal ko‘rayotgan bo‘lsa-da, to‘y-hashamlarda albatta o‘z odatlariga sodiq qolishmoqda.
Gretsiya
Grek qizlari to‘y kuni hayotimiz shirin bo‘lsin deb qo‘lqop ichiga oq qand solib qo‘yishadi. Kelin libosi boshdan to beligacha tilla iplar bilan bezatilib, yuzi to‘rga o‘xshash uzun harir gazlama bilan to‘siladi.
Greklar juda irimchi xalq. Shuning uchun guvohlar nikoh marosimi vaqtida kelin-kuyovga baxt tilab, ularning hayotiga yovuzlik aralashmasligi uchun tumorlar taqib turishadi. Turmushga chiqqan qiz yangi uyiga qadam qo‘yar ekan, bo‘lajak qaynota va qaynonasiga xizmat qilish uchun ont ichadi va ularning qo‘lidan o‘padi. Yana bir antiqa an’ana shundan iboratki, ota-ona tilla tangani og‘ziga soladi, kelin esa uni tili bilan olishi kerak. Bu odatning mazmuni kelin ota-onaning og‘zidan faqatgina shirin so‘z eshitadi deganidir.
Ispaniya
Ispan kelinchagining guldastasida albatta apelsin rang gul bo‘lishi shart. Apelsin doim yashil, gullab turuvchi daraxt. Shuning uchun ham ispan xalqi kelin ham xuddi apelsin daraxti kabi doimo yashnab, sevinib yursin degan maqsadda shunday qilishadi.
Germaniya
Yosh freyleyn(turmush qurmagan qiz)ning baxtli frau (turmush qurgan ayol) bo‘lishiga yovuz kuchlar ta’sir o‘tkazmasligi uchun yaqinlari to‘y arafasida uy ostonasida kosa-tovoqlarni sindirib, chilparchin qilishadi. Kelinning o‘zi esa idish siniqlarini uyga olib kiradi va bu narsa unga omad keltiradi deb hisoblaydi.
Nikoh ko‘ylagini kiygan nemis qizi cho‘ntagiga non va tuz, kuyov yigit esa bug‘doy solish bilan baxtli, to‘kin hayot kechirishni niyat qiladilar.
Marokash
To‘yga besh kun qolganda marokashlik kelinlarning an’anaviy xina qo‘yish marosimi boshlanadi. Kelin qo‘l va oyoqlariga xina qo‘yadi. Shundan so‘ng qimmatbaho taqinchoqlarni taqib, turmush o‘rtog‘i bilan yashaydigan yangi uy atrofini uch marta aylanib chiqadi.
To‘y kuni kelin tilla bezakli libosida o‘zining yangi uyiga kirib keladi. Kelinning dugonalariga ham katta mas’uliyat yuklatiladi. Chunki kelin to‘y kuni bo‘ladigan bazmda kamida 6-7 xil libosda ko‘rinishi an’ana tusiga kirgan. Dugonalar esa bu ishlarda bosh-qosh bo‘lishadi. Chunki kelin liboslarini kelinning bir o‘zi kiyishining hecham iloji yo‘q.
Abdumajid Ahmedov
TO‘YLAR ALPOMISH
Do'stlaringiz bilan baham: |